
Urugvayda qo‘rqinchli tendentsiya! Bir oyda 3 futbolchi o‘z joniga qasd qildi!
Yil boshidan beri Urugvayda kutilmagan hodisalar kuzatilmoqda. Birdaniga 3 futbolchi suiqasdni amalga oshirdi. Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘ldi?
Birinchi baxtsiz vaziyat shu yilning fevral oyida sodir bo‘ldi. Argentinaning "Godoy Krus" jamoasining 30 yoshli hujumchisi Santi Garsiya Mendos shahridagi o‘z uyida o‘lik holda topildi. Ma’lum bo‘lishicha, futbolchi ruhiy bosim ostida qolgan va chuqur depressiyaga tushgan ekan.
Uning onasi bergan ma’lumotlarga qaraganda, Garsiya "Godoy Krus" klubi rasmiylari bilan janjallashgan, uni boshqa klubga qo‘yib yubormaganidan qattiq xafa bo‘lgan. Santi Argentinani tark etish maqsadida chipta ham sotib olgan, ammo klub u bilan shartnomani bekor qilishdan bosh tortgan.
Futbolchining olamdan o‘tgani ma’lum bo‘lgach, "Godoy Krus" 18-raqamni butun umrga muzlatib qo‘ydi. Jamoa safida 119 o‘yinda 49 gol kiritgan, o‘z vaqtida Urugvay yoshlar jamoasi sharafini himoya qilgan Santi Garsiya "River Pleyt", "Atletiko Paranaense" va "Qosimposhsho" klublari a’zosi bo‘lgan.
Oradan yarim yil o‘tib, yana bir noxush voqea tafsilotlari ayon bo‘ldi. Bu safar 38 yoshli urugvaylik futbolchi - Uilyam Martinesning tanasi o‘lik holda o‘z uyida topildi. "Uilya Torres" vakili ham o‘z joniga qasd qilgani ma’lum bo‘lgach, Urugvay futbol assotsiatsiyasi Martinesning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. Shuningdek, 11-turni boshqa kunga qoldirdi. Achinarlisi shundaki, voqea Janubiy Amerikada urfga kirgan o‘z joniga qasd qiluvchilar kunida sodir bo‘lgan.
Uilyams Urugvay, Argentina, Chili, Paragvay, Ispaniya va Frantsiya klublarida harakat qilgan. Shuningdek, Angliyaning "Vest Xem" jamoasida bir nechta o‘yinda ishtirok etgan. Milliy terma jamoa safida bitta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushgan.
Bu voqealardan 10 kun o‘tib, yana bir urugvaylik charm to‘p ustasi bu yorug‘ olamni tark etdi. "Boston River" klubi a’zosi - 27 yoshli Emil Kabrera ham o‘z joniga qasd qildi. Faoliyatida davomida, Ispaniya va Urugvay klublarida to‘p surgan Emil futzal bilan professional tarzda shug‘ullanishni boshlagan edi.
"Yaqindagina Uilyam Martinesdan ayrilgan edim. Endi Emiliano ham bizni tashlab ketdi. Biz ochiqroq bo‘lishimiz, muammolarimizni barchaga ayta olishimiz shart. Afsuski, bugungi jamiyat insondagi kamchiliklarni mazax qilishni odat qilib olgan. Men ham depressiyaga tushib qoldim, biroq yaqinlarim ko‘magida buni engib o‘tdim", - deb "Karlos Manuche" klubi a’zosi Felippe Rodrigesning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda "Ovasion Digital" nashri.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Shu yilning iyul oyiga qadar Urugvayda 718 kishi o‘z joniga qasd qilgan. Bu muammo so‘nggi paytlarda nafaqat futbolchi, balki butun Urugvay xalqini xavotirga solmoqda. Qayd etilgan o‘lim holatlarining 80,92 foizi erkaklar bilan sodir bo‘lgan.
Ya . U
Fikrlar