
V Islom birdamligi o‘yinlarida qahramonlik ko‘rsatgan sportchilarimizning trenerlari ham rag‘batlantirildi
Bugun Sportni rivojlantirish vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 avgustdagi 355-sonli qaroriga muvofiq, V Islom birdamligi o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarning murabbiylarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Xabaringiz bor, “Konya shahrida (Turkiya) bo‘lib o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar hamda ularning trenerlarini bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori imzolangan edi. Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida bugun g‘olib va sovrindor sportchilarimizning murabbiylarini ham taqdirlash marosimi tashkil etildi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov, vazirlik hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati ishtirok etdi. Marosim avvalida vazir A.Ikramov sportchilarimizning qo‘lga kiritgan yutuqlari va ularning zamirida murabbiylarimizning xizmatlari beqiyos bo‘lganligini ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng, Turkiyada o‘tkazilgan V Islom birdamligi o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarning murabbiylariga pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, V Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi. Mazkur musobaqada sportchilarmiz 51 ta oltin, 42 ta kumush, 65 ta bronza, jami 158 ta medalni qo‘lga kiritishdi. Bu O‘zbekiston sport delegatsiyatssining kompleks musobaqalardagi eng yuqori natijasi sifatida tarixga kirdi.
Fikrlar