Vadim Abramov: "Juda yomon o‘ynadik, ayniqsa, ikkinchi bo‘limda shoshildik"

  • 9 avgust, 2023, 23:29
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro liga 13-turi doirasidagi «Yunired» - «Dinamo» (1:1) o‘yinidan keyin dastlab «Dinamo» bosh murabbiyi Vadim Abramov  matbuot anjumanida qatnashdi.

- Derbida qiyin bo‘lishini bilardik. O‘tgan safar ham oson bo‘lmagandi. Raqib jamoa o‘z vazifasini bajardi, biz esa yo‘q. Chunki juda yomon o‘ynadik. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda juda shoshildik. Maydonda raqibdan son jihatdan bir kishi ko‘p bo‘lganda ham bor yo‘g‘i bitta vaziyat yarata oldik. O‘yinni tahlil qilib chiqamiz. Muhim ochkolar yo‘qotildi.

- «Paxtakor» ustidan erishilgan g‘alabadan keyin o‘yinga ruhan tayyorlanishda muammo bo‘lmadimi, ehtimol «Yunired» jamoasining kuchiga to‘g‘ri baho berilmagandir?

- Albatta, hozir shunday deyishingiz ham mumkin. O‘yindan oldin bu haqda ko‘p marta gapirgandik, barchasiga o‘zimiz aybdormiz. Bu oyda bizni ketma-ket 5 ta o‘yin kutib turgani, bunga shay turish kerakligi haqida gaplashgandik. O‘yin boshidan yaxshi imkoniyatlardan foydalana olmadik. Bu ham oqibatda o‘z so‘zini aytdi.

- «Yunired» avvalgi o‘yinda bo‘lgani kabi, bu safar ham «Dinamo» bilan tengma-teng jang qildi...

- Ha, «Yunired» «Dinamo»ga jiddiy qarshilik ko‘rsatishga urindi. O‘yinning printsipiallik ahamiyatidan kelib chiqsak, bu normal holat. Ularning tarkibidagi aksariyat o‘yinchilar sobiq klubiga qarshi o‘zini ko‘rsatishga harakat qilishi aniq edi. Biz buni kutgandik, tushungandik. Ehtimol, bu aksariyat futbolchilarimizga yaxshi etib bormagandir.

- Bugun jamoada charchoq alomatlari sezildi. Oldinda esa klub juda zich taqvimga ega...

- Ha, oldinda muhim o‘yinlar bor. Qarang, bu oyda bizni 5 ta o‘yin kutmoqda, 2-davrada esa jami 10 ta o‘yinimiz bor. Ya’ni, biz mavsumning ikkinchi qismidagi jami o‘yinlarimizning yarmini shu oydayoq o‘tkazishimizga to‘g‘ri keladi. Qiyin taqvim paytida har bir ochko yo‘qotilishi qimmatga tushishi mumkin. Qolgan 4 o‘yinimizdan 3 tasini uyda o‘tkazamiz, ochko yo‘qotishga haqqimiz yo‘q.

- O‘yin davomida jamoa o‘yinidan qoniqmaganingiz ko‘rindi, e’tirozingiz aynan qaysi chiziqlar bo‘yicha?

- Ko‘proq yarimchimoya chizig‘i o‘yiniga e’tirozim bo‘ldi, bu chiziqda ko‘rsatmalar bajarilmadi. Shu erdan muammolarimiz boshlandi. Barchasini tahlil qilib, 4 kundan keyin «Mash’al»ga qarshi o‘tadigan bahsga tayyorlanamiz, deydi Vadim Karlenovich.

"Dinamo" matbuot xizmati.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!