
Vadim Abramov yuqori baho berdi, Aleksandr Xomyakovchi?
Toshkentdagi “Bunyodkor” akademiyasi maydonida “Andijon” hamda “Dinamo” jamoalari ishtirokida nazorat uchrashuvi o‘tkazildi. Superliga va pro liga klublari o‘rtasidagi o‘yinda bittadan gol urildi.
Avvaliga birinchi bo‘limda Bahordir Abduvaliev “Dinamo”ni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, tanaffusdan so‘ng Shoxruh Mahmudxojiev hisobni tenglashtirdi. Aytish mumkinki, u chempionatni “Dinamo”da yakunlagandi va bu safar sobiq jamoasi darvozasini ishg‘ol qildi.
Ikkala jamoa murabbiylari tarkibdagi ko‘plab futbolchilarni sinovdan o‘tkazdilar. Shu bilan “Andijon”ning Dukent yig‘ini nihoyasiga etgan bo‘lsa, “Dinamo”ning poytaxtda olib borayotgan o‘quv-mashg‘ulot jarayoni davom etyapti.
“Andijon”: Eldor Adhamov, Ildar Mamatkazin, Vladimir Bubanya, Abduvohid G‘ulomov, Abdulatif Oybekov, Muhammadkarim Toirov, Ilhom Abdug‘aniev, Sardor Abdunabiev, Sardor Azimov, Suhrob Berdiev, Shahboz Erkinov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Sardor Xursandov, Ilhom Alijonov, Islom Mamatkazin, Asilbek Aysarov, Ibrohim G‘anixonov, Shoxruh Mahmudxojiev, Bobur Farhodov, Jamol Hikmatov, Farhod Sohibjonov, Izzzat Abdulhaqov, Oyatillo Obidjonov.
"Dinamo": Farhod Rahmatov, Erkin Baydullaev, Bobur Mamadaminov, Komil Sharofutdinov, Xurshid Ubaydullaev, Abdujamol Isroilov, Elguja Grigalashvili, Frantsis Narx, Jasur Qurbonov, Xazrat Tursunqulov, Bahodir Abduvaliev
Uchrashuv yakunlanganidan so‘ng har ikkala jamoa ustozlarining fikrlari bilan qiziqib ko‘rdik.
Vadim Abramov: "Maydonga tushgan hamma o‘yinchilar bilan shartnoma tuzganmiz"
- Vadim Karlenovich, jamoangizning “Andijon”ga qarshi uchrashuvi haqida nima deya olasiz?
- Birinchi bo‘limda teng kurashlar ostida o‘ynadik. Sababi tushunarli, jismoniy yuklama mavjud. “Andijon”ning o‘yini menga yoqdi, ular yaxshi harakat qilishdi, pressing qo‘llashyapti va to‘g‘ri futbol o‘ynayaptilar. Birinchi bo‘lim yomon bo‘lmadi. Menimcha, ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushganlar bilan o‘yin o‘zgarib ketdi. Birinchi bo‘limda ikkala jamoalar yaxshi ko‘rindi.
- “Dinamo” safida bir qator yangi o‘yinchilarni ko‘rdik...
- Hozir biron narsa aytish qiyin. Hamma o‘yinchilarni kuzatyapmiz, asosiy tarkibni aniqladik. Reja bo‘yicha o‘yinlar orqali yanada aniqlab boryapmiz. Hamma bilib turibdi, aniq vazifamiz borligini. Mavsumgacha hali vaqt bor, sekin-asta tarkibni shakllantirib boramiz.
- Qaysidir futbolchilar bilan shartnomalar tuzildimi?
- Ha, deyarli barcha futbolchilar bilan shartnoma tuzganmiz. Aytishim mumkinki, uchrashuvda birinchi bo‘limda maydonga tushgan hamma o‘yinchilar bilan shartnoma tuzganmiz.
Aleksandr Xomyakov: "Turkiyadagi yig‘inimizda legionerlar orqali kerakli joylarni to‘ldirishga harakat qilamiz"
- Aleksandr Andreevich, o‘yindan qanday taassurot oldingiz?
- Qiziqarli jamoaga qarshi qiziqarli o‘yin. Yig‘inimizni yakunladik, shuning uchun hamma narsa xayron qoldirdi, deya olmayman 20 kunni tog‘da o‘tkazdik, ob-havo ko‘ngildagidek ishlashga biroz halaqit berdi. Ammo reja qilingan deyarli barcha o‘yinlarni o‘tkazdik. Optimal holatni qo‘shyapmiz va ishimizda nimadir ko‘rinyapti. Kamchiliklar ustida endi Turkiyadagi yig‘inimizda ishlaymiz.
- Tarkibdagi yangi futbolchilarning harakatlari sizni qanchalik qoniqtiryapti?
- Bir qator o‘yinchilarni kuzatdik, endi kimlarni olib qolishni o‘ylab ko‘ramiz. Pozitsiya bo‘yicha kuchaytirishimiz kerak. Turkiya yig‘inida legionerlar orqali kerakli joylarni to‘ldirishga harakat qilamiz. Yangi futbolchilar yomon emas, potentsiali borlarini tavsiya qildim.
- Umuman olganda, bosh murabbiy sifatida Dukent yig‘inidan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Ha, yig‘indan to‘la qoniqdim. Fors-major holatini inobatga olmaganda, to‘liq yaxshi o‘tkazdik. Maydonda ishlash imkoni bo‘lmadi. Lekin buning o‘rnini zalda va yugurish yo‘lakchalari orqali to‘ldirdik. Bir so‘z bilan aytganda, yig‘indan qoniqdim.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar