Van Deyk Niderlandiya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashi mumkin
"Liverpool" jamoasi himoyachisi Virgil van Deyk Jahon chempionati–2026 saralash o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda, Niderlandiya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashi mumkinligi haqida o‘ylab qolgan.
Uning aytishicha, terma jamoadan ketish haqidagi fikrlar avvalroq, Yevro–2024 musobaqasidan so‘ng paydo bo‘lgan.
"Oldingi Yevropa chempionatidan keyin rostdan ham shubhalarim paydo bo‘ldi — davom ettirishga arziydimi, deb o‘yladim. O‘sha paytda jamoa atrofida juda ko‘p salbiy kayfiyat bor edi, men bu holatdan chinakam charchagan edim. Hammaga baqirib, bosim o‘tkazish bilan ish bitmaydi — bir-birimizni ijobiy ruhlantirish, har bir futbolchining jamoadagi o‘rni qay darajada muhim ekanini ko‘rsata bilish kerak", — deya ta’kidladi Niderlandiya terma jamoasi sardori Algemeen Dagblad nashriga bergan intervyusida.
Shu bilan birga, Van Deyk klub darajasida faoliyatini davom ettirishni rejalashtirmoqda. Ammo u kelasi yozda «Liverpool" safida qoladimi-yo‘qmi, hozircha aniq emas. Yangi bosh murabbiy Andoni Iraola jamoaga boshqa sardor tayinlashni rejalashtirayotgani aytilmoqda, futbolchining o‘zi esa turkiyalik "Galatasaray" klubiga o‘tishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar markazida turibdi.

Fikrlar