
"Vaqtni orqaga qaytarib bo‘lmaydi". Yangi mavsum Jasur Yaxshiboev uchun ataladimi? Futbolchi suhbatda nimalarni aytdi?
Yangi mavsumda yana “Navbahor” favoritlar qatorida tilga olinadi. Chunki tarkibi doimgidek kuchli. Axir namanganliklar safida kimsan “Real”dek dunyoning birinchi raqamli klubiga gol urgan futbolchi bor!
Jasur Yaxshiboev o‘zbek futboli tarixiga kirgan ijrochi. O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida namanganliklar safiga qo‘shilgan yarim himoyachi yangi mavsumni ham yana “Navbahor”da boshlaydi. Ushbu o‘yinchi jamoaning Antaliyadagi yig‘inida to‘liq ishtirok etdi. Safardan qaytar chog‘imizda Yaxshiboev bilan Antaliya aeroportida suhbatlashdik. Futbolchi avvalo yig‘in xususida gapirdi.
- Yig‘inimiz yaxshi bo‘ldi. Ko‘proq jismoniy tomonlama ishladik. O‘rtoqlik uchrashuvlarida ham jiddiy raqiblarga qarshi o‘ynadik. Kuchli jamoalar bilan o‘ynasangiz har tomonlama foydali bo‘ladi. Mana shunday o‘yinlarda o‘zimizni yaxshi va yomon taraflarimizni ko‘rib oldik.
- O‘tgan yili “Navbahor” uchun o‘ynadingiz. Shu vaqt ichida klub bilan 2-o‘rin hamda Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasi qo‘lga kiritildi. Hammasi sizni qoniqtirdimi yoki...
- 2022 yilda jamoamizni maqsadi chempionlik edi. Chempionatda ham, Kubokda ham yuqori maqsadni ko‘zlagandik. Ammo vazifamizni bajara olmadik. Bunday tarkib bilan chempion bo‘lishimiz shart edi. O‘zimiz o‘yinlarda ochkolarni yo‘qotdik. Shu narsa chempion bo‘lishimizga to‘sqinlik qildi.
- Lekin “Navbahor” uzoq yillik tanaffusdan so‘ng yana Osiyo maydoniga qaytdi va chempionlar ligasida ishtirok etadi. Bungacha Evropa Chempionlar ligasida o‘ynadingiz. Endi navbatda OChLga keldi. Bu turnirdan nima kutyapsiz?
- Osiyo Chempionlar ligasi yaxshi turnir. U erda kuchli jamoalar bilan o‘yinlar bo‘ladi. “Navbahor” uzoq yildan keyin OChLga chiqdi. Bu Namangan uchun katta bayram. Biz “Navbahor” va uning muxlislari uchun o‘ynaymiz. Osiyo Chempionlar ligasida Namangan ahlini xursand qilishga harakat qilamiz.
- Evropa Chempionlar ligasida o‘ynagan futbolchisiz va “Real” darvozasiga gol urib o‘zbek futboli tarixidan joy oldingiz. O‘sha golingizni tez-tez eslab turasizmi?
- Bu endi tarixda qoldi. Baribir yana yaxshi tomonlarimizni ko‘rsatishga harakat qilishimiz kerak. Birinchi navbatda “Navbahor”ga, jamoaga foydali futbolchi bo‘lishga intilamiz. To‘g‘ri, o‘sha golimni eslab turaman. Lekin bu endi tarix, vaqtni orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Faqat oldinga harakat qilish kerak.
- “Real”ga urgan golim mening tashrif qog‘ozimga aylandi, deb ayta olasizmi?
- Bilmadim. Bu savolga nima deb javob berishga hayronman. O‘ylaymanki, bu ham o‘ziga yarasha tarix. Evropa Chempionlar ligasida to‘p surish, “Real”ga gol urish baribir boshqacha. Hamma futbolchi orzu qiladigan narsa. Men vaqtida shunday onlarni orzu qilganman. Peshonamga yozilgan ekan, amalga oshdi.
- Shundan keyin “Real”ni va ayniqsa Kurtuani yanada kuzatib boryapsizmi?
- Undan oldin ham ko‘rib borardim. Men aslida “Barselona”ga qiziqaman.
- Demak, o‘shanda ikki hissa quvongan ekansiz-da...
- Shunaqa desa ham bo‘ladi.
- Chempionat yakunlangach, Yaxshiboevga yana xorijdan variantlar bor, ketishi mumkin, deb eshitgandik. Ammo ko‘rib turibmizki, siz yana “Navbahor”dasiz. Rostdan chetga ketishingiz mumkinmidi? Yoki bu yilgi mavsumni yana “Navbahor”da boshlash uchun qaroringiz qat’iymidi?
- Qarorim qat’iy emasdi. Yodingizda bo‘lsa, “Navbahor”ga kelganimda jarohat oldim. Menga ketishim uchun o‘sha jarohat ham to‘sqinlik qilib qoldi. Ko‘p o‘yinlarni o‘tkazib yubordim. “Navbahor”ga kelishimdan oldin o‘yin amaliyotiga etarli darajada ega emasdim. Kelib yana jarohat oldim. Aslida chetdan variantlar bor edi, jarohatlar va etarli o‘ynamaganim xalaqit berdi. Bu yil yana Samvel Babayan ishonch bildirdi. Bu yil o‘zimni ko‘rsatishga harakat qilaman.
- Sir bo‘lmasa xizmatingizga qaysi klublardan jiddiy takliflar bo‘lgandi? Qaysi biri sizni ko‘proq qiziqtirdi?
- Bu haqida aytsam, gap-so‘z bo‘ladi. Xudo xohlasa, yil o‘rtasida yoki oxirida qaysi variant qanaqaligini bilib olamiz.
- Jasur, “Mavsum-2023” men uchun ataladi, men bu chempionatda o‘z so‘zimni ayta olaman, deya olasizmi?
- Hamma futbolchi shu narsani o‘zidan o‘tkazadi. Bu yil zo‘r bo‘lishim kerak, birinchi raqamli o‘yinchiga aylanishim lozim, deya yaxshi niyat qilishadi. Baribir bu narsalar har qanday futbolchiga ishonch beradi. Jamoamga foyda keltirishga, gollar urishga harakat qilamiz. Maqsad hammada katta. Buning uchun harakat qilish kerak. Barchasi harakatga bog‘liq. Jamoaga yordam berishga, yaxshi o‘rinlarga olib chiqishga o‘z hissamizni qo‘shishga borimizni beramiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar