Vasiliy Lomachenko- Devin Xeyni jangi borasida o‘zbek boks olami vakillari nima deydi?
20 may kuni professional boks olamida yana bir muhim jang bo‘lib o‘tadi. Engil vazn (61,2 kg) toifasidagi mutloq chempionlik uchun o‘tkaziladigan ushbu qarama-qarshilikda amaldagi chempion Devin Xeyni va ukrainalik Vasiliy Lomachenko to‘qnash keladi. Garch, ushbu jangga roppa-rosa 1 oy bo‘lsa-da, biz bu borada o‘zbekistonlik murabbiylar va bokschilarning fikri bilan qiziqdik.
Zufar Sulaymonov –murabbiy
- To‘g‘risi, bu jang borasida taxmin qilish ham qiyin. Chunki, har ikkisi juda kuchli bokschilar sanaladi. Lomachenko garchi professional boksda Xeynidan kam jang o‘tkazgan bo‘lsa-da, uning havaskor boksdagi tajribasi ulkan sanaladi. Xeyni esa yosh va mag‘lubiyatsiz odimlamoqda. Juda qiziq jang bo‘ladi. Nazarimda Xeynining gabariti Lomachenkodan sezilarli darajada katta va bu omil unga qo‘l keladi.

Ruslan Dadaxonov – murabbiy
- Ochig‘i, Vasiliy Lomachenkoga muxlislik qilaman va yutishini xohlayman. Ammo, raqib oddiy emas va juda kuchli. Nazarimda Devin Xeyni g‘alaba qozonadi.

Abduvohid Jalolov – murabbiy
- Bu jangda Vasiliy Lomachenkoning imkoniyatlarini yuqori baholagan bo‘lardim. Umuman professional yo‘nalishdagi mutaxassislar ham avvaldan Lomachenkoning imkoniyatlariga ijobiy baho berib kelishgan. Bu safar u chempionlik kamarlarni qo‘lga kiritish uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Xeyni yosh nisbatiga ko‘ra, jiddiy qarshilik ko‘rsatadi, albatta. Biroq, baribir Lomachenko g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman.

Elshod Rasulov - murabbiy
- Kimning imkoniyati yuqori ekanligini aytish juda ham qiyin. Hozirgi kundagi ikki “monstr” bokschilar desam, yanglishmagan bo‘laman. To‘g‘ri, Lomachenkoda havaskor boks texnikasi juda yaxshi shakllangan. Professional boks texnikalarini ham yaxshi o‘zlashtirgan. Biroq, Xeynini bugungi kunda professional yo‘nalishdagi etuk bokschi sifatida bilaman va jangda Xeynining imkoniyatlarini yuqori baholagan bo‘lardim.

Farruh Qilichev – murabbiy
- Devin Xeyniga muxlislik qilaman. Hozirgi kunda Xeynini eng yuqori cho‘qqiga chiqqan vaqti desam, yanglishmagan bo‘laman. To‘g‘risi, Vasiliy Lomachenkoning davri o‘tdi.

Bobur Najmiddinov –murabbiy
- Juda qiziqarli jang bo‘ladi. Bu Lomachenko uchun so‘ngi imkoniyat bo‘lishi mumkin. Shuning uchun borini berib jang qilsa kerak. Ammo, Lomaning havaskor va professional boksdagi erishgan natijalarini hurmat qilgan holda, aytishim mumkinki, bu jangda Xeynining imkoniyati yuqoriroq. O‘zim ham amerikalik bokschiga muxlislik qilaman. Xeyni yosh, mag‘lubiyatsiz seriyaga ega va kelajakda yanada ulkan natijalar qayd etishga qodir.

Feruz Yuldashev – murabbiy
- Yaxshi, tomoshabop jang bo‘ladi. Devin Xeyni bu jangda favorit sanaladi, deb bemalol ayta olaman. U yosh o‘sib kelayotgan bokschi. Uslub jihatidan Meyvezerni yodga soladi. Qolaversa, zarba kuchi ham yuqori. Professional boksda baribir zarba kuchi ko‘p narsani hal qiladi.

Qudratillo Abduqahhorov – bokschi
- Bu jangda Vasiliy Lomachenkoga muxlislik qilaman va uning yutishini xohlayman. Biroq, raqib juda kuchli bola va jiddiy qarshilik ko‘rsatadi. Shunday bo‘lsa-da, Lomachenko g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman.


Fikrlar