
Vaziyat og‘irmi yoxud Superligada jon saqlab qolish mashaqqati
Superliga ishtirokchilari ayni chog‘da chempionatning navbatdagi 19-turiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishyapti. 22 sentyabrdan o‘yinlar yana davom ettiriladi. Ungacha esa FIFA kunlari munosabati bilan bizning chempionatda ham biroz tanaffus yuzaga kelgan. Bu borada milliy terma jamoamiz AQSh va Meksikaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazdi. Shuningdek, tez orada “Paxtakor”, “Nasaf”, OKMK va “Navbahor” Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi ishtirokini boshlaydilar. Shundan so‘ng Superliga yana o‘z yo‘lida davom etadi.
Bilasiz, chempionatda kurash jiddiy tus olgan. Ayniqsa, sovrinli o‘rinlardan tashqari ligada jon saqlab qolish uchun ham kurash shunga yarasha kechyapti. Bu borada uchta jamoa autsayder sifatida ajralib qolgandek. Bular – “Qizilqum”, “Turon” va “Buxoro” klublaridir. 11-o‘rindagi “Metallurg” hisobida 19 ochko, 12-pog‘onada borayotgan buxoroliklarda esa 14 ochko mavjud. Oradagi tafovut 5 tani tashkil qilmoqda. O‘z-o‘zidan ma’lumki, uchta klub hozirda Superligada qolish uchun astoydil kurashishmoqda.
Birinchi davrada birorta marta g‘alaba qozona olmagan “Turon” pro ligaga qaytish uchun birinchi raqamli da’vogar bo‘lib turgandi. Ammo ular tarkibini yoshartirib, murabbiyni o‘zgartirgach, ikkinchi davrada ancha qo‘shishdi. To‘g‘ri, oxirgi uchta bellashuvda yana mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qoldi. Undan avvalgi ketma-ket ikki turda g‘alaba qozondi. Avvaliga safarda “Buxoro”ni, so‘ngra o‘z uyida kimsan “Nasaf”ni mag‘lub etdi. Natijada oxirgi o‘rindan qutuldi. Oldinda esa yaypanliklarni Farg‘ona derbisida viloyatning bosh jamoasi “Neftchi”ga qarshi bahs kutmoqda. Birinchi davrada “Istiqlol” stadionidagi uchrashuvda 1:1 hisobi qayd etilgandi.
Turnir jadvalida oxirgi pog‘onaga tushib qolgan “Qizilqum” ham ikkinchi davrada tarkibini o‘zgartirdi. O‘yini chakki emas. Yaqinda bosh murabbiyi Jamshid Saidov Sports.uz saytiga bergan intervyusida jamoaga omad etishmayotganini alohida urg‘ulab o‘tdi. Ikkinchi davra boshlanganidan beri navoiyliklar hali g‘alaba qozonganicha yo‘q. 1 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etib turishibdi. Hali “Qizilqum” Saidov bosh murabbiyligida Superligada g‘alaba qozonmadi. 22 sentyabr sanasida Toshkentda ularni “Surxon”ga qarshi uchrashuv kutyapti. Yo‘qotilayotgan har bir ochko “Qizilqum”ni pro liga sari tortib ketyapti.
Ulug‘bek Baqoev boshchiligidagi “Buxoro” so‘nggi turda safarda “Bunyodkor”ga qarshi o‘yinda oxirgi soniyalarda kiritilgan gol evaziga 1:2 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Ushbu uch ochko tufayli jamoa a’zolari 12-o‘ringa ko‘tarilib oldi. “Buxoro”ning ikkinchi davra boshlanganidan beri qayd etayotgan natijasi: 2 g‘alaba, 1 durang va 2 mag‘lubiyat bo‘lib turibdi. Baqoev jamoasi 19-turni “Olimpik”ga qarshi o‘tkazishi lozim edi. Ammo ushbu bellashuv 10 oktyabrga qoldirildi, chog‘i. Shu bois buxoroliklar 27 sentyabr kuni Farg‘onada “Neftchi”ga qarshi bo‘ladigan jiddiy uchrashuvga hozirlik ko‘rishyapti.
Bir narsa aniqki, ligada jon saqlab qolish uchun kurash oxirgi turgacha davom etadi. Hozirdan “Qizilqum”, “Turon” yoki “Buxoro”ni yaqqol autsayder sifatida ko‘rsatib, imkoniyatlarini pasaytirib yubormaslik adolatli bo‘lardi. Chunki oldinda yana o‘yinlar bor. Faqat ular vaziyatni o‘zgartirishlari shart, aks holda o‘zlariga yana muammolar tug‘dirishda davom etaveradilar. Shunday ekan, ushbu klublar ishtirokidagi o‘yinlarni ham nazardan chetda qoldirmaymiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar