
"Vest Xem" nima uchun o‘yin oldidan havoga pufakchalarni uchiradi? Bu odat qachon va nima sababli boshlangan?
SPORTS.uz dunyo futbolidagi eng qiziqarli voqealar haqidagi batafsil ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashishda davom etadi.
"Liverpul" klubi muxlislari "Enfild"dagi o‘yinni doim "You will never walk alone" qo‘shig‘i bilan boshlaydi. "Benfika" fanatlari uchrashuv avvalida havoga klub ramzi sanalgan burgutni uchirsa, "Kyoln" rahbarlari maydonga echkini olib chiqadi. Ana shunday o‘zgacha odat "Vest Xem" klubida ham mavjud. Har bir uy o‘yini startida muxlislar "I'm forever blowing bubbles" qo‘shig‘i sadolari ostida havoga mitti pufakchalarni qo‘yib yuboradi. Bu odat barchamizga yaxshi tanish, biroq uning tarixini bilamizmi?
Aslida, ilk bor 1999 yilda "Vest Xem" "Apton Park"ga pufakchalar yomg‘iri ostida chiqib kelgan, ammo vaziyatga to‘g‘ri baho berish maqsadida 1886 yilga qaytamiz.
100 yildan ortiq tarixga ega voqea
Ingliz rassomi ser Jon Milli "mitti pufakchalar" deb nomlangan taniqli suratini bitiradi. Unda uyning shifti tomon ko‘tarilayotgan pufakchalarga termilib turgan yosh bolakay aks ettirilgan bo‘lib, surat tezda mashhur bo‘lib ketdi. Uni Londondagi galereyada namoyish etishgan paytda "London evening news" jurnali rahbari - Uilyam Ingrem yoqtirib qoladi.
Ingrem kartinani xarid qilgach, ko‘p o‘tmay o‘z jurnalida bosib chiqaradi. O‘zgacha surat sovun ishlab chiqaruvchi "Pears" kompaniyasi rahbari Tomas Barretning e’tiborini tortadi. Barret bu suratdan reklama sifatida foydalanish haqida o‘ylab qoladi va 2,2 ming evro (o‘sha davrlar uchun juda katta summa) evaziga xarid qiladi. Bu bilan qoniqmagan Tomas suratni chizgan rassomdan uni biroz o‘zgartirib berishini iltimos qiladi. Shu tariqa, shift, pufaklar va bolakay bilan birgalikda "Pears" ishlab chiqaruvchi sovun kartinada paydo bo‘ladi.
Endi 1918 yilga tashrif buyuramiz. AQShda bu paytga kelib "Yakunlanayotgan shou" pesasi sahna yuzini ko‘radi. Pesa davomida esa, "I'm forever blowing bubbles" taronasi yangraydi. Qo‘shiq shu qadar mashhur bo‘lib ketadi-ki, hatto 1920 yilda Britaniya qirg‘oqlariga qadar etib keladi. U deyarli barcha teatrlarda kuylana boshlanadi.
Bu qo‘shiqdan ta’sirlangan Bill Korneliusni o‘ziga rom etadi. O‘sha davrlarda maktab bolalaridan jamoa tashkil etish urfga kirgan edi. O‘yinlarni tomosha qilish maqsadida maktab stadioniga mingdan ortiq muxlislar tashrifi oddiy hol hisoblangan. "Vest Xem" jamoasi muxlislari joylashgan rayondagi havaskor futbol jamoasi murabbiyi sanalgan Bill qo‘shiq so‘zlariga o‘zgartirish kiritadi. Qo‘shiq ohangini o‘zgartirmagan holda, uni o‘z jamoasi futbolchilarining ismlari bilan to‘ldiradi.
Hayron bo‘lishingiz mumkin. Qanday qilib 1920 yilda "Vest Xem" muxlislari tomonidan o‘yinlarda kuylangan qo‘shiq bir asr umr ko‘rdi? Vaholanki, 100 yil ichida dunyo juda ko‘p xitlarning guvohiga aylangan. Xo‘sh, buning tarixi qanday?
1940 yilning o‘rtalarida fashistlar qo‘shini London osmoni uzra hujumlar uyushtirishni boshlab yubordi. Ikkinchi jahon urishi boshlanganini bildiruvchi signal xalqning quyi qatlamini qattiq ezib qo‘ydi. Bombalar yomg‘iridan qochish maqsadida qurilgan binolarda radiolar o‘rnatilgan bo‘lib, odamlarning qo‘rquvini engish maqsadida o‘tmish xitlari tinmay yangrab turar edi. Shu tariqa, 1920 yilda Britaniyani zabt etgan ohang yana tirildi.
O‘sha yilning yakuni arafasida Angliya liga kubogi finali "Uembli" stadionida bo‘lib o‘tdi. Hujum xavfi yuqori bo‘lishiga qaramay, tribunalarda bo‘sh o‘rindiqlar qolmadi. "Vest Xem" va "Blekbern" kim kuchliroq ekanini aniqlashtirib olish maqsadida maydonga chiqib keldi. 42 300 fanat tashrif buyurgan uchrashuv davomida "bolg‘achilar" sektori "I'm forever blowing bubbles" taronasini tinmay kuylab turdi. Yakunda, "Vest Xem" g‘alaba qozondi. Aytishlaricha, o‘sha oqshom shu qo‘shiq klubga omad keltirgan emish. Unday bo‘lsa, pufakchalarning bu qo‘shiqqa nima aloqasi bor?
Pufakchalarning maydonda paydo bo‘lish tarixi
Muxlislarning keyingi avlodi "Vest Xem"ning shonli tarixiga guvoh bo‘ldi. Angliya Liga kubogi, Kubok egalari kubogi singari katta turnirlarning oltin medallari jamoa muzeyidan o‘rin egalladi. Natijada, "I'm forever blowing bubbles" taronasi Evropaning deyarli barcha uylariga kirib bordi. 90 yillarning oxiriga kelib, jamoa muxlislari Ginnesning rekordlar kitobidan o‘rin egallashga qaror qildi. Shu bois, "Midlsbro" bilan uchrashuv oldidan 23 680 muxlis ko‘piklarni stadion tribunalaridan havoga uchira boshladi. Avval hech qachon bunday katta masshtabda bu ish amalga oshirilmagan edi.
Shu tariqa, muxlislar har bir uy o‘yini oldidan "I'm forever blowing bubbles" sadolari ostida pufakchalarni shishirishni odat tusiga aylantirdi. 2009 yilda jamoa rahbarlari bu o‘ziga xos fishkani takomillashtirish va saqlab qolish maqsadida maxsus texnika orqali pufakchalarni o‘yin startida havoga uchira boshladi. Stadionga tashrif buyurgan fanatlar endi bemalol sevimli qo‘shig‘i - "I'm forever blowing bubbles"ni bor ovozida aytishi uchun imkon yaratildi.
Eng qizig‘i shundaki, klub tizimida aynan pufakchalar uchun javob beruvchi shaxs mavjud. Uning ismi Mikki Babllzom. 2016 yilda jamoa "Apton Park"dagi so‘nggi o‘yinida ishtirok etdi va "Olimpiyski" arenasiga ko‘chib o‘tdi. 112 yillik qal’a tashlab ketilganiga qaramay, undagi barcha urf-odatlar hali-hamon tirik.
Fikrlar