
Viktor Jalilov: Yigitlar g‘alabani Odil Ahmedovga bag‘ishladi
Hozirgina Superliganing 10-turidan o‘rin olgan "Navbahor" va "Mash’al" jamoalari o‘rtasidagi o‘yin (2:0) yakunlandi. Ushbu bahsdan keyin maydon egalari bosh murabbiyi Viktor Jalilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
– "Mash’al" jamoasiga qarshi o‘ynash hamma jamoalarga qiyin bo‘lmoqda. Ularga qarshi shunchaki o‘yin o‘tkazganimizni eslolmayman. "Mash’al"da ishlab, "Navbahor"ga qarshi o‘ynaganimizda ham shunday holat kuzatilgandi. Bugun omad biz tomonimizda bo‘ldi. O‘tgan yili ushbu jamoaga ikkita o‘yinni boy bergandik, shu noxush an’anani buzganimizdan xursandman. Yigitlarga matonat ko‘rsatishgani uchun rahmat aytaman. Abbosjon G‘ulomov o‘yinning so‘nggi daqiqalarini jarohat bilan o‘tkazdi. Asosiysi, uchrashuvni g‘alaba bilan yakunlashni uddaladik.
Jismoniy tayyorgarligimizda ijobiy holat kuzatilmoqda. Aniq ma’lumotlarni hozir alohida keltirib o‘tmayman. Ivan Solovyov bugungi o‘yinga jarohat bilan tushdi. "Nasaf"ga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvida uni maydonga tushirmagandik, bugungi o‘yinga asragandik. Bugun esa ukol bilan maydonga tushdi, o‘ynashni o‘zi xohladi. Jamoa 2:0 hisobida oldinda borayotganda, psixologik tomondan hisobni saqlab qolishga intiladi.
Bugungi raqibimizni yaxshilab o‘rgangandik. Videotahlillardan tashqari, statistik ma’lumotlariga ham e’tibor qaratdik. Bugun raqib uch hujumchi bilan o‘ynagan bo‘lsada, ulardan kam hujum uyushtirmadik. Hamma gap hujumchining maydonda nechtaligida emas.
Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, yigitlar bugun g‘alaba qozonib, ushbu g‘alabani Odil Ahmedovni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlashlarini aytishdi. Odilning termamizga yana foydasi tegishi aniq edi, lekin u milliy jamoadagi faoliyatini yakunlaganini bildirdi.
Fikrlar