
Vitaliy Levchenko: "Qanday tayyorgarlik ko‘rganimiz chempionatda yaxshiroq ko‘rinadi"
"Neftchi" klubining Toshkentdagi yig‘ini nihoyasiga etdi. “Buxoro”ga qarshi (1:0) uchrashuvdan keyin farg‘onaliklar bosh murabbiyi Vitaliy Levchenkoga ayrim savollarimiz bilan murojaat qildik.
- Vitaliy Grigorevich, avvalo “Buxoro”ga qarshi o‘yin haqida fikringizni bilmoqchiman.
- Tabiiyki, futbolchilar jismoniy yuklamalar ostida to‘p surishyapti. Har ikki kunda o‘yin o‘tkazyapmiz. Shu sababli uchrashuvlar davomida har tomonlama qo‘shimcha yuklamalar sezilyapti. Biz esa shu jihatga alohida e’tibor qaratyapmiz. Ha, bu qiyin bo‘ladi. Lekin futbolchilarda sifatli o‘yin bor. Albatta, buning qandaydir salbiy jihatlari va xatolari ham bo‘ladi. Qanday tayyorgarlik ko‘rganimiz chempionatda yaxshiroq ko‘rinadi.
- Jamoaning o‘yiniga nima bo‘ldi? “Neftchi” bundan yaxshiroq o‘ynash qodir, ammo bugun jamoangiz negadir yorqin ko‘rinmadi.
- Pozitsiya bo‘yicha muammolar bor. Ammo bu haqida aytishni xohlamayman. Biz buning ustida ishlayapmiz. Aytib o‘tganimdek, yigitlar og‘ir yuklamalar olishyapti. Biz 17, 21, 23 va 25 iyulda o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazdik. Albatta, bu ham futbolchilarga qo‘shimcha “nagruzka” beradi. Ular charchashgan, bu normal holat. Imkoniyatlardan foydalanishda xatolar kelib chiqyapti. Bu orqali kuchli va kuchsiz pozitsiyalarimizni ko‘rib olyapmiz. Umuman olganda, bu normal va yig‘inda barchasini ko‘rib olyapmiz.
- Tarkibga qo‘shilgan legionerlar haqida nima deya olasiz?
- Biz legionerlarni aniqlab olyapmiz. Jamoamizga kelgan legionerlar haqida klub matbuot xizmati xabar bergan. Ularni yaxshilab, ko‘rib aniqlab oldik. Sizlar ham ko‘ryapsizlar, ular harakat qilishyapti.
- Fozil Musaev va Salamat Quttiboev bilan shartnoma imzolandimi?
- Ha, biz bu o‘yinchilar bilan shartnoma tuzmoqchimiz. Umid qilamanki, ular jamoamizga foyda keltirishadi.
- Jamoangizni yozgi yig‘inidan qanchalik qoniqyapsiz?
- Albatta, chempionatga yaxshi tayyorlanyapmiz. Yaxshi sparring-raqiblar bilan o‘yinlar o‘tkazdik. Bu orqali o‘sishga erishdik, deb o‘ylayman.
Fikrlar