Xabib Nurmagomedovning qarori to‘g‘ri edimi? (Mutaxassislar fikri, 2-qism)

  • 3 aprel, 2020, 21:32
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • MMA
CHERY AUTO

Ma’lumki, 18 aprelda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Xabib Nurmagomedov hamda Toni Fergyuson o‘rtasidagi jang bekor qilindi. Albatta, bu voqea Xabib bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun turli xil fikrlar yangramoqda...

Kecha rossiyalik UFC chempionining qarori borasida mamlakatimizda ushbu sport turi bo‘yicha faoliyat yuritayotgan ba’zi murabbiylar, jurnalistlar va sportchilarning fikri bilan qiziqqan edik.

Bugun ushbu mavzu bo‘yicha mutaxassislardan tayyorlangan 2–qismini e’tiboringizga havola etamiz.

                                                Davron Fayziev (jurnalist ).

-Xabib bo‘yicha fikrim shuki, bu bir o‘zining shaxsiy qarori emas, ya’ni u AQShni tark etayotganda, UFC o‘sha vaqt jangni Abu-Dabida o‘tkazmoqchi edi. Shundan kelib chiqib, UFC Xabibga ruxsat berdi. Chunki Rossiyadan Abu-Dabiga borish muammo emasdi. Buning ustiga Xabib shug‘ullanadigan “AKA” zali yopildi. Boshqa lager qidirib, qisqa fursat ichida barchasini noldan boshlashga unda imkon yo‘q edi. Shuning uchun ketdi. Lekin u ketib bo‘lganidan so‘ng, menimcha, Abu-Dabi amirligi qarorini o‘zgartirib, Dana Uaytga jangni qabul qila olmasligini aytgan bo‘lsa kerak va UFC birdaniga jangni yana AQSh ga ko‘chirishga qaror qildi.

 Xabib esa Rossiyaga borib oldi. Bu mamlakat karantin tufayli yopildi. Xususiy samalyotda uchib borsa bo‘ladi deyishdi-yu, ammo bu masala ham biroz muammoli bo‘lsa kerak, bilmadim tafsilotlarini...

Lekin Xabibni o‘zi bormasligini e’lon qildi. Bir tomondan to‘g‘ri, chunki qisqa fursat ichida birdaniga ikki marta okean ortiga borish butunlay kun tartibini o‘zgarib ketishiga sabab bo‘lardi. Chunki har ikki mamlakat orasida vaqt tafovuti bor. Mutlaqo bir-biriga teskari...Buning natijasida tayyorgarlik nolga teng bo‘lib qolardi.

Shuning uchun AQShdan ketishi bu UFC bilan birga qabul qilgan qarori deb o‘ylayman. Rossiyadan yana AQShga borish noto‘g‘ri ekanligi borasida Xabibni o‘zi qaror qildi. Bu to‘g‘ri bo‘lsa kerak degan fikrdaman.

Birinchidan, hozirda AQSh koronavirus yuqtirayotganlar soni bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqib oldi. Ikkinchi sababini yuqorida takidlab o‘tdim :qisqa fursat ichida Rossiyaga yana AQShga uchishi natijasida tayyorgarlik jarayoni butunlay buzilib ketardi.

Davron Fayziev

Aziz Jo‘raboev (O‘zbekiston penchaksilat federatsiyasi rahbari).

Bu o‘ziga xos fors-major deyiladi. Bu erda xech kimning aybi yo‘q. Xabib tomonidan to‘g‘ri qaror qabul qilindi. Chunki mamlakat qonuniga barcha birdek rioya qilishi lozim. Rossiyada esa karantin joriy qilingandi. Shunday ekan, bu erda ortiqcha izoxga hojat yo‘q.

Aziz aka

Zarruh Adashev ( MMA jangchisi).

-  Albatta, to‘g‘ri qaror qabul qildi. Uning o‘rnida men bo‘lganimda ham shunday qilgan bo‘lardim.

zarruh

Aziz To‘xtamurodov  (jurnalist).

-  Uzoq kutilgan jang beshinchi marotaba bekor qilindi. Afsus. Xorijiy OAVda tarqalgan xabarlarga ishonadigan bo‘lsak, avvaliga Xabibga jang AQShda bo‘lmaydi degan ma’lumotni berib, Abu-Dabiga jo‘natishgan. BAAga kira olmagan Nurmagomedov o‘z yurtiga qaytib ketgan. Endi yana jang o‘tkazish uchun koronavirus o‘chog‘iga aylanib ulgurgan AQShga borishi kerak edi.

Xabib o‘zi uchun to‘g‘ri qaror qabul qilgan deb hisoblayman. Bugun keng tarqalgan koronavirus pandemiyasi chog‘ida pul, shou, promoushen va muxlislar emas, aynan sog‘liq birinchi darajada turadi. UFC 249 turniri tashkil etilgan taqdirda men uchun ikkita intriga saqlanib turibdi. Birinchisi: Mahmud Muradov o‘sha kuni jang qiladimi? Ikkinchisi: Toni Feryuson kimga qarshi oktagonga ko‘tariladi? Umuman olganda, vaziyat butunlay o‘zgarib ketishi ham mumkin. Barchasini vaqt ko‘rsatadi. Kutamiz.

Aziz

Zufar Sulaymonov (boks murabbiyi).

-  Mutlaqo to‘g‘ri qaror. Bu borada hadislarda ham yozilgan. Jumladan, vabo kelganda uyda o‘tirish kerakligi va shahidlik savobini topishi aytilgan. Shunday ekan, o‘zini va jamoasini hayotini tahlikaga qo‘ymaganligi ham tahsinga sazovordir.

zufar aka

Gulbahor Amantaeva (sobiq MMA jangchisi, hakam).

-  Ular o‘rtasidagi jangni qoldirilishi mana beshinchi bor yuz berdi. Avvalgilarini bilmadim-ku, lekin bu safar xech kimni aybdor emas deb o‘ylayman. Sababi vaziyat barchaga ayon... Bunday holatda ko‘ngilga nimadir sig‘ishini o‘zi dargumon. Xabib ajoyib jangchi. Uning natijalari ham shuni ko‘rsatib turibdi. Butun dunyoda gap-so‘z bo‘lishini bilib turib ham o‘zi va jamoasini hayotini xavfga qo‘ymadi va bu bilan eng to‘g‘ri qarorga keldi.

gulya opa

Naimjon To‘xtaboev  (professional muaytay ustasi).

-  Insonning xavfsizligi birinchi o‘rinda turadi. Shunday ekan Nurmagomedov to‘g‘ri qarorni qabul qildi. Muxlislarsiz o‘tgan taqdirda ham ma’lum bir odamlar to‘planar edi. Shuning uchun xavfdan xoli bo‘lardi, deyish mushkul. Ayniqsa, hozir AQShda koronavirus avj olmoqda.

naimjon

Farrux Madaminov (MMA murabbiyi).

-  Bu jangni barchamiz kutgan edik. Bu ikkisi - buyuk sportchilar! Xabib jangni qo‘rqqanidan to‘xtatdi deyish fikridan yiroqman. Dunyo bo‘ylab hukm surayotgan koronavirus muammosi bu jang bekor bo‘lishiga asosiy sabab bo‘ldi. Birgina UFC emas, boshqa sport o‘yinlari ham to‘xtatildi-ku...

faruxx

                                          Humoyun Ibragimov (MMA jangchisi).

-  Ha, to‘g‘ri qaror qabul qildi. Bunday sharoitda har qanday sportchi o‘z hukumatiga yordam berishi barobarida boshqa insonlarga ham o‘rnak bo‘lish zarur.

Xabib ham shunday qildi. Agar uning o‘rnida men bo‘lganimda ham shunday qilgan bo‘lardim. Toni bilan jangni keyin o‘tkazsa ham bo‘ladi. Misol uchun, men ham 12 aprel kuni “ProTurk” promoushenida chempionlik kamari uchun jang qilishim kerak edi. Lekin bu jang ham qoldirildi va bundan norozi emasman. Aksincha, hozir biz yurtboshimizga, shifokorlarga karantin qoidalariga rioya qilgan holda qisman bo‘lsa-da, yordam berishimiz kerak.

Xalqimizni uyda qolishlarini iltimos qilgan bo‘lardim!

Xumoyun_1

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!