
Xanchjou-2022. O‘zbekistonlik sportchilar bugungi kunni 4 ta medal bilan yakunlashdi
Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining yana bir kunidan o‘rin olgan bellashuvlar start olish arafasida. Bugundan sport raqsi, badiiy gimnastika va sinxron suzish dasturlarida bahslar boshlanadi. Ko‘pchilikning e’tibori og‘ir atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi -109 kg vazn toifasidagi dasturga qaratilishi shubhasiz. Unda ikki Olimpiada chempionlari Ruslan Nurudinov hamda Akbar Jo‘raev oltin medal uchun raqobat olib borishadi.
06:00. Slalomda eshkak eshish bo‘yicha yarim final bahslariga start berildi. Kanoe slalomida kechgan bahsda hamyurtimiz Anvar Klevleev 101.49 soniya natija bilan final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ushbu dasturda qatnashgan boshqa bir hamyurtimiz Alibek Temirgalievning 105.54 natijasi final uchun etarli bo‘lmadi. Final bahsi bugun Toshkent vaqti bilam 11:00 da boshlanadi.
07:15. Jiu-jitsu bahslarida -77 kg vazn toifasidagi Umid Saydullaev quvaytlik Fahad Almarriyga imkoniyatni boy berdi. Mana shu vazndagi yana bir hamyurtimiz Feruzbek O‘roqov ilk bosqichda bahraynlik Yusuf Mahmudni mag‘lub etdi. Feruzbek keyingi bahsda saudiyalik Abdulloh Algannamni engdi. Endi O‘rozov chorak finalda BAA sportchisi Mahdi Alahlaqi bilan bellashadi.
08:08. Bugundan erkin kurash ustalari ham bahslarga kirishishdi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Nodirjon Safarov (-57 kg) ilk bosqichda g‘alaba qozondi. Shuningdek, ayollar kurashi dasturida Dilfuza Aimbetova (-62 kg) ham birinchi bellashuvini muvaffaqiyatli o‘tkazib, chorak finalga yo‘l olishdi. Afsuski, Abbos Rahmonov (-65 kg) eronlik raqibiga imkoniyatni boy berdi. Endi u eronlik kurashchi finalgacha etib borgan taqdirda bronza medali uchun kurashish imkonini saqlab qoladi.
08:20. Kurash bo‘yicha bahslarda 76 kg vaznda hamyurtimiz Svetlana Oqnazarova nimchorak finalda qozog‘istonlik Jamila Bakbergenovaga (0:7) imkoniyatni boy berdi. 68 kg vazndagi vakilimiz Firuza Esenbaeva ham shu bosqichda yaponiyalik Naruxa Matsuyukidan (0:5) engildi.
Chorak finalga yo‘l olgan erkin kurashchimiz Nodirjon Safarov chorak finalda yaponiyalik Toshihiro Hasegavaga (2:12) yutqazib qo‘ydi. Dilfuza Aimbetova KXDRdan kelgan kurashchi Xyongyong Munga (1:12) mag‘lub bo‘ldi.
09:20. Jiu-jitsu bahslarida -77 kg vazn toifasida chorak finalga chiqqan Feruzbek O‘roqov BAA sportchisi Mahdi Alahlaqi bilan bellashdi. Ammo vakilimiz imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
09:55. O‘roqov bronza medali uchun o‘tish jangida mo‘g‘ulistonlik Davaadorj Munkxturga yutqazdi.
09:30. Bugun ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ladi. Dastlabki saralash bosqichidan so‘ng kechki dasturda medallar uchun kurashuvchi chavandozlar aniq bo‘ldi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Xurshidbek Alimjonov (“Chempions ligas” laqabli otda) hamda Bekzod Qurbonov (“Santos Xippika”) Toshkent vaqti bilan 12:00da boshlanadigan dasturda sovrinli o‘rinlar uchun bahs olib boradi.
11:30. O‘zbekiston delegatsiyasi bugungi kun hisobidan ilk oltin medalini qo‘lga kiritdi. Unga kanoe slalomida eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Anvar Klevleev mualliflik qildi. Hamyurtimizning finalda qayd etgan 98.63 soniyali natijasini hech bir raqib yaxshilay olmadi va Klevleev Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi!
13:00. Anvar Klevleevdan hakamlar oltin medalni tortib oldi. Xitoylik sportchidan olib qo‘yilgan jarima 50 soniya qaytarildi. Natijada vakilimiz kumush medalga loyiq ko‘rildi. Lekin biz uchun ANVAR ChEMPION!!!
13:05. Og‘ir atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasida -109 kg vazn toifasida dast ko‘tarish mashqi yakunlandi. Hozircha, hamyurtimiz Akbar Jo‘raev 189 kg bilan birinchi o‘rinda ketmoqda. 175 kg qayd etgan Ruslan Nurudinov esa ushbu mashqni to‘rtinchi bo‘lib tugatdi.
13:30. Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Akbar Jo‘raev va Ruslan Nurudinov Osiyo o‘yinlarining sovrindoriga aylanishdi. -109 kg vazn toifasida ishtirok etgan Akbar Jo‘raev 417 (189+228) kg bilan kumush, Ruslan Nurudinov esa 391 (175+216) kg bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi. Mazkur yo‘nalishda g‘oliblik siltab ko‘tarish va ikki kurash bo‘yicha Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatgan xitoylik sportchiga nasib etdi. Huanhua Liu 418 (185+233) kg natija ko‘rsatdi.
14:00. Ayollar futboli musobaqasida bronza medali uchun kechgan uchrashuv yakunlandi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi Xitoyga qarshi bahs olib bordi va 0:7 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shu tariqa, hamyurtlarimiz bronza medalidan mahrum bo‘ldi.
17:50. Bugundan bellashuvlarga kirishgan badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yakkalik dasturida saralash va jamoaviy yo‘nalish bo‘yicha final bahslarini o‘tkazishdi. Taxmina Ikromova, Vilana Savadyan hamda Evelina Atalyantsdan iborat jamoamiz 324.8 ball jamg‘arishga erishdi. Quvonarlisi, ushbu natijani hech bir jamoa takrorlay olmadi va hamyurtlarimiz jamoaviy dasturda oltin medalni qo‘lga kiritishdi.
Shuningdek, bugungi chiqishlari orqali Taxmina Ikromova hamda Evelina Atalyants yakkalik yo‘nalishida ko‘pkurash dasturida medallar uchun kurashish imkonini saqlab qolishdi.
Fikrlar