"Xato qildim, tan olaman, buni boshqalarga tavsiya qilmayman" - "Qizilqum"da vaziyat qanday?

  • 10 may, 2023, 11:11
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Navoiyning “Qizilqum” klubi atrofida voqealardan xabaringiz bo‘lsa kerak. Toshkentda OKMK jamoasiga 4:0 hisobida yutqazgan “Qizilqum” jamoasida vaziyat jiddiy. Ayniqsa, ichki muhitga darz ketgan ko‘rinadi.

Buni uchrashuvdan keyin bosh murabbiy Asror Aliqulov ham ta’kidladi. Jamoa o‘yinchisi Islom Kenjaboev esa o‘sha uchrashuv paytida murabbiyning qaroriga bo‘ysunmasdan maydondan chiqishni istamadi. Chunki murabbiy uni ham almashtirmoqchi edi, biroq Islom buni xohlamadi. Endi vaziyat qanday tus olarkin? Kenjaboev esa xatosini tan oldi.

- “Qizilqum” jamoasini OKMKga yirik hisobda imkoniyatni boy bergani haqida so‘ramoqchiman. Mazkur bahs to‘g‘risida nimalarni ayta olasiz?

- OKMK kuchli jamoa. Tajribasi yuqori futbolchilariga ega. Shuning evaziga yutib ketishdi. Ular har tomonlama – tarkib, jismoniy holat, barcha jihat bo‘yicha bizdan ustun edi. 

- Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Asror Aliqulov ham ichki muhit xususida alohida to‘xtalib o‘tdi. Vaziyat bunday tus olishiga asosiy sabab nima?

- Buni izohsiz qoldiraman.

Kenjaboev

- Islom, OKMKga qarshi bahsning ikkinchi bo‘limi davom etayotgan mahalda bosh murabbiy sizni almashtirmoqchi bo‘ldi, ammo maydondan chiqishga rozi bo‘lmadingiz. O‘sha holatni izohlab bersangiz.

- Jamoamiz yutqazib turgandi. Men qanot yarim himoyachisiman. O‘rnimga o‘rtada o‘ynaydigan o‘yinchini tushirayotgandi. U qanotda to‘p surmaydi. Meni asosiy maqsadim jamoaga yordam berish edi. Shuning uchun chiqmayman dedim.

- “Qizilqum” hisobida 1 g‘alaba, 2 durang va 5 mag‘lubiyat bor. Jamoaga bu yil nima etishmayapti?

- Tarkib borasida muammolar bor. Katta futbolchilar ham, men ham bunday tarkib bilan pro ligaga tushib ketish xavfi bor deganmiz. 1-2 ta o‘yinchi bilan hech nimani hal qilib bo‘lmaydi. Bunday tarkib yig‘ildimi, mashg‘ulot jarayonlari ham kuchli bo‘lishi kerak. Qolganlar hech nimani bilmasdan turib biz haqimizda har xil gaplarni gapirishyapti. Kelib ko‘rishsin, mashg‘ulotlarimizni, aslida ayb kimda? Nima uchun “Nasaf”, “Neftchi”, “Paxtakor”, “Navbahor” klublarining natijalari yaxshi. “Navbahor”ni ko‘rib turibsiz, qanaqa mablag‘ va tarkib borligini. “Nasaf”ni o‘zim bilaman. Qanday mashg‘ulot o‘tkazishidan xabardorman. Ular o‘yindagidan ko‘ra mashg‘ulotda ikki barobar ko‘p “nagruzka” oladilar. Bular faqatgina pulga qiziqadi, yaxshi maosh olishadi, degan gap-so‘zlar bo‘lsa bo‘ldi, ularga. Bizni Evropa bilan tenglashtirishadi. Ularni o‘yinchilari qancha oylik oladi? Biznikilar bilan hisoblab ko‘rishsin. Ular qanday maydonlarda shug‘ullanishadi, murabbiylarining darajasi qanaqa? Gapirsak gap juda ko‘p.

Kizilkum4

- Bunday gap-so‘zlar, mag‘lubiyatlar va tushkunlikdan keyin qanday echim bor deb o‘ylaysiz? Vaziyat o‘nglanishiga ishonyapsizmi?

- Ortda qolgan hammasini unutish kerak, bundan keyin bizga nisbatan gap-so‘z ko‘payaveradi. Mashg‘ulotlarda o‘zgartirish kiritish kerak. Barchasi o‘zimizni qo‘limizda. Birov tashqaridan kelib yordam berolmaydi. Maksimal kuchimiz etgunicha kurashishimiz lozim. Ikkinchi davradan keyin nimanidir o‘zgartirsa bo‘ladi. Lekin bunday bo‘laversa, ko‘pchilikni klubdan ketish ehtimoli ortib boraveradi.

Kenjaboev1

- Bosh murabbiy bilan munosabatingiz qanday?

- Yaxshi, yomon emas. Faqat o‘sha vaziyatda men xato qildim. Maydondan chiqsam ham hech nima qilmasdi. Baribir hamma meni aybdor deydi. To‘g‘ri, xato qildim, buni tan olaman. Lekin hamma o‘z aybini bilishi kerak. Tan olish ham mardning ishi. Men qilgan xatoni boshqa futbolchilarga tavsiya qilmayman. Yoshlarni bu holat bo‘yicha mendan o‘rnak olishlarini istamayman. Kimnidir ko‘nglini ranjitgan bo‘lsam, muxlislardan va murabbiylardan uzr so‘rayman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!