
Xayr, Aguero! U “Siti”ning barcha zamonlardagi eng yaxshi futbolchisi ekanligiga 9 isbot!
2011 yilga kelib, “shaharliklar”ga sarflangan millionlar o‘zini oqlay boshladi. Roberto Manchini klubga kelgach, jamoa 1976 yildan beri ilk bor sovrin yutdi. Angliya liga kubogidagi zafarli yurish katta voqealar oldidan ajoyib natija sifatida qabul qilindi.
O‘sha yilning yozida Manchini BAAga uchib ketdi. U Xaldun Al-Mubarak bilan uchrashdi va yangi transfer borasida fikr almashadi. Murabbiy hujumchi sotib olish orqali APL g‘olibligi uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lmoqchi ekanligini ma’lum qildi.
Italiyalik mutaxassis shortlistida “Udineze” a’zosi Aleksis Sanches va “Atletiko” hujumchisi Kun Aguero bor edi. Arablar klub ravnaqi uchun kerakli summa ajratilishini aytdi. Roberto Angliyaga uchib kelgach, “Udineze”ga qo‘ng‘iroq qildi. Go‘shakni ko‘targan tomon futbolchi allaqachon “Barselona” bilan shaxsiy shartnoma borasida muzokaralar o‘tkazayotganini ma’lum qildi. Oqibatda, klub Serxio Aguero transferiga qo‘l urdi.
Bu voqealarga ham yozda 10 yil to‘ladi. Kun “Siti” tarkibidagi biror yilini bejiz o‘tkazdi, deb bo‘lmaydi. 4 bor APL oltin medallari, bir necha bor kubok va Liga kubogida zafar quchdi. Eng muhimi, klub tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi. Qahramonimiz yozda jamoani tark etishini rasman e’lon qilib bo‘ldi. Keling, uning ketishi oldidan “Manchester Siti”dagi eng yorqin xotiralarini yodga olamiz.
Ilk xet-trik
Yozgi transferlardan ruhlangan “Siti” 2011/12 yilgi mavsumni ko‘tarinki kayfiyatda boshladi. 14 o‘yinda 12 g‘alaba! Kun Aguero naqd 11 bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Ayniqsa, “Uigan” kiperi – Al-Xabsi undan qattiq ranjidi. Argentinalik forvard ummonlik darvozabon postiga 3 bor yo‘l topgan edi. Keyinchalik, APL bahslarida Aguero xet-triklari sonini 12 taga etkazib qo‘ydi. Bu Ronaldu, Kontana, Klinsman, Vialli, Beyl, Firmino, Starrij amalga oshirgan xet-triklarni qo‘shib hisoblaganda ham ko‘proq degani!
“Norvich” darvozasiga kiritgan gol
Debyut mavsumda Aguero o‘zining nimalarga qodir ekanligini barchaga ko‘rsatib qo‘ydi. “Norvich” bilan o‘yinda hujumchi fantastik gol kiritdi va APLga yangi qirol tashrif buyurganini hammaga bildirdi. O‘yinning 32 daqiqasida jarima maydonchasi ichida 5 himoyachini dog‘da qoldirgan hujumchi aniq zarba yo‘lladi. Ingliz nashrlari bu goldan so‘ng, uni yaqin 10 yillikning eng zo‘r futbolchisi bo‘lishini taxmin qilgan edi.
“MYu” darvozasiga kiritgan yubiley gol
Devid Moyes uchun ilk "Manchester derbisi" juda ham omadsiz chiqdi. Ser Aleksning o‘rnini egallagan shotlandiyalik mutaxassis 1:4 hisobidagi alamli mag‘lubiyatni qabul qilib olishga majbur bo‘ldi. Ferdinand – Vidich tandemi o‘sha oqshom juda yomon o‘yin o‘tkazdi. Aguero bundan unumli foydalandi va De Xea darvozasini ikki bor ishg‘ol qildi. Qahramonimiz azaliy raqiblari darvozasiga o‘zining “Siti”dagi 49 va 50 golini urishga muvaffaq bo‘ldi. O‘ziga xos natija!
20 daqiqada 5 gol
2015 yilning oktyabr oyida Aguero “Nyukasl”ni “parchalab” tashladi. Buning uchun unga atigi 20 daqiqa kifoya qildi, xolos. Eng qizig‘i shundaki, raqiblar o‘yinning katta qismida hisobda oldinda bordi. 42 daqiqada tablodagi hisobni tenglashtirgan Kun 49, 50, 60 va 62 daqiqada yana katta sahnaga chiqdi. Kevin De Bryuyne esa, undan ilhomlanib, bir gol kiritdi. Yakunda 6:1 !
“Bavariya” bilan o‘yinda xet-trik!
Serxio o‘z odatiga sodiq qolgan holda, o‘yinning hal qiluvchi pallasida jamoasi joniga oro kiradi. Raqib “Bavariya” bo‘lsa nima qilibdi?! EChL doirasidagi o‘yin bo‘libgina qolmay, bahs “Siti” uchun keyingi bosqich yo‘llanmasini taqdim etgani bilan ham qadrli. E’tiborlisi shundaki, uchrashuv davomida Aguero Noyer darvozasi sari atigi 3 bor zarba yo‘lladi, xolos. Samaradorlik 100 foiz. Chinakam qotil hujumchi!
“Lester” bilan o‘yinda poker
2017/18 yilgi mavsumda “Siti” Gvardiola qo‘l ostidagi ilk sovriniga ega chiqdi. Bu turnirning eng yorqin o‘yini sifatida fevral oyida bo‘lib o‘tgan “Manchester Siti” – “Lester” bahsini ko‘rsatish mumkin. Birinchi bo‘lim 1:1 natijasi bilan yakunlangan bo‘lsa-da, ikkinchi taymda “shaharliklar” kuchli pressing evaziga “tulkilar”ni “bo‘g‘ib” qo‘ydi. Oqibatda, xatolar ko‘payib ketdi. Bu xatolarning barchasini Kun Aguero golga aylantirdi. Bir bo‘limda 4 gol kiritish APLda hammaga ham nasib etavermaydi!
7 daqiqa va derbidagi g‘alaba goli
2012/13 yilgi mavsumdan so‘ng, ser Aleks iste’foga chiqdi. U o‘zining so‘nggi yurishida jamoasini chempionlik sari muammosiz etaklab keldi. 31 turdan so‘ng, asosiy raqibi – “Siti”ni 15 ochkoga ortda qoldirayotgan edi. Qolgan 7 tur orasida derbi bor ekanligi ko‘plab muxlislarda qiziqish uyg‘otgani rost. Jarohatidan forig‘ bo‘lgan Aguero esa, bu uchrashuvga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rdi. Manchini Kun bir bo‘lim ham harakat qilishga qodir emasligini, hali to‘liq tiklanmaganini aytgan bo‘lsa-da, iltimosiga binoan o‘yin qaydnomasiga kiritildi. 71-daqiqada esa, zaxiradan “jangga” qo‘shildi. Oradan 7 daqiqa o‘tgach, murakkab vaziyatda bo‘lishiga qaramay, “qizil iblislar” darvozasini ishg‘ol qildi. Yakunda, “Siti” “Yunayted”ning chempionlik kayfiyatini rasvo qildi.
Klub tarixidagi eng zo‘r to‘purar
2017 yilning noyabr oyida Aguero Erik Brukaning uzoq yillik rekordini yangiladi. “Napoli” bilan bahsda u klubdagi 178-golini nishonladi. Buning uchun 264 o‘yin kifoya bo‘ldi. Bruka 177 gol kiritish uchun 494 o‘yinda ishtirok etgan. Daraja shu statistikaning o‘zidayoq ma’lum! Siz kutgan chempionlik goli!
Rio Ferdinandning ukasi – Anton Ferdinand xotirlaydi:
“Agueroning golini hech qachon unutmayman. U Balotellidan to‘pni qabul qilib oldi. Vaholanki, bu pasni o‘tishiga yo‘l qo‘ymasligim kerak edi. Bu yuz foiz mening xatom. To‘g‘ri, yakunda APLda qoldik, biroq akam xatom tufayli chempionat oltin medallaridan mosuvo bo‘ldi”.
Serxio o‘sha oqshomning chinakam qahramoniga aylangani rost. Manchester shahrining ikki klubi 38 turga bir xil ochko jamg‘argan holda etib keldi. Boshqa ko‘rsatkichlar sababli, Manchini shogirdlari so‘nggi turda “Etixad”da g‘alaba qozonish evaziga chempionlikni nishonlash imkoniyatiga ega edi. “Yunayted” esa, mehmonda 3 ochko ishlab oldi. “Siti”ni grand jamoaga aylantirgan bahsda eng so‘nggi so‘zni Aguero aytdi. KPR ligada qolish uchun bor kuchi bilan harakat qildi. Hisobda oldinga chiqib oldi, vaziyatlar yaratdi, ammo bu o‘yinning o‘z qahramoni bor edi. U so‘nggi soniyalarga qadar o‘z chiqishini sabr bilan kutdi. Chiqdi va chinakam tarix yaratdi! To‘g‘risi, birgina shu voqeaning o‘zi Aguero sharafiga klub stadioni oldida haykal o‘rnatish uchun etarli.
Ha aytgancha, argentinalik futbolchida o‘z va’dasini bajarish uchun imkoniyat mavjud. U 2014 yilda jamoani EChL oltin medallarsiz tark etmasligi haqida fikr bildirgan edi. Balki, Kun Aguero so‘zining ustidan chiqar, balki chiqmas. Nima bo‘lgan taqdirda ham, u klub safida to‘p surgan barcha zamonlardagi eng yaxshi futbolchi bo‘lib qolaveradi!
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev!
Fikrlar