
Xoland sababli “Siti” APL sovrinini boy beradi, ammo Gvardiola boshqa orzusini amalga oshirishga yaqin!
“Shaharliklar” o‘yinida yaxshigina pasayish kuzatilmoqda. Avvaliga, ular kubok bahsida “Sautgempton”ga (0:2) mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, keyin "Manchester derbisi"da 1:2 hisobida engildi. “Tottenxem” bilan esa, barchasi o‘sha stsenariy asosida ketayotgan bir paytda, jamoa o‘yinni qutqarib qoldi. Shunga qaramay, Pep jamoada muammolar ko‘zga tashlanayotganini yashirib o‘tirgani yo‘q. Mutaxassis hozirgi jamoasida ishtiyoq qolmaganidan nolidi.
Darhaqiqat, klub tanaffusga qadar “Brentford”ga engilgan bo‘lsa, Qatardagi mundialdan so‘ng stabillikni yo‘qotib qo‘ydi. Bu bejiz emas. Endi Pep avvalgidek barchasini kaftida ushlab turishni uddalay olmayapti. Erling Xoland kelgach, “Siti” boshqa jamoaga aylanib ketdi. Barchasi soat mexanizmidek ishlab turgan paytda, Erling aql bovar qilmas goleadorlik mahoratini ko‘rsatdi: 18 o‘yinda 22 gol!
To‘g‘ri, norvegiyalik hujumchi zamonamizning eng kuchli straykeri. U joy tanlashda, atletizm va hatto jamoaviy o‘yinda ham barcha forvardlardan kuchliroq, ammo uning ham ojiz nuqtalari yo‘q emas. Masalan, Xoland tarkibga kelgach, “Siti” pleymeykerlari hujum chog‘ida uni qidirib qolishni boshladi. Sof hujumchi bo‘lgani bois, uni baquvvat APL himoyachilari maksimal darajada qo‘riqlamoqda. Natijada, manchesterliklar o‘zining avvalgi yillardagi “barcha fazalardan gol urish xavfi"ni yo‘qotib qo‘ydi. Gvardiolaning avvalgi jamoalari aldamchi to‘qqizlik bilan harakat qilgani bois, oldingi chiziqdagi istalgan futbolchi zarba zonasiga chiqib borishi mumkin edi.
To‘pni nazorat qiladigan jamoa uchun bu "qurol" g‘alaba omili bo‘lib xizmat qildi. Eng kuchli himoya chizig‘iga ega jamoa ham 90 daqiqa davom etgan shturmga dosh berishi qiyin. O‘ng va chap qanot vingerlari deyarli 2-3 himoyachini o‘zi bilan band bo‘lishga majbur qilar, bu pallada markazdagi boshqa bir ijrochi zarba nuqtasiga chiqib borar edi. Umuman olganda, “Manchester Siti” markaziy hujumchisiz to‘p surgani uchun “kutilmagan zarba effekti”dan juda unumli foydalangan. Bugunga kelib, Xoland asosiy planga ko‘tarilib bormoqda. Gollar ko‘p, biroq bu “shaharliklar”ning asosiy quroli - istalgan futbolchining so‘nggi zarba berish nuqtasiga chiqib borishidan mahrum qilib bo‘ldi. Ya’ni, endi bu APLdagi eng rang-barang hujum uyushtiradigan jamoa emas, tamom! Bu fikrimizni xG ma’lumotlari ham tasdiqlashi mumkin. Joriy mavsumda “Siti” 2018 yildan beri eng yomon statistikaga ega. Har bir o‘yinda Gvardiola shogirdlari o‘rtacha 2,11 ochko ishlamoqda. Solishtirish uchun: 2018/19 – 2,58 (chempionlik), 2019/20 – 2,13, 2020/21 – 2,26 (chempionlik), 2021/22 – 2,45 (chempionlik) ochko ishlagan.
O‘z-o‘zidan o‘rinli savol paydo bo‘ladi: Erling Xoland transferi jamoaga nega kerak bo‘lib qoldi? Savolning javobi oddiy. Pep Evropa Chempionlar ligasida zafar quchishni istamoqda. “Shaharliklar”ning pley-off o‘yinlarida barchasi a’lo darajada o‘tadi, ammo "realizatsiya" masalasi yakunda pand berib kelmoqda. “Lion” bilan o‘yindagi Sterling, “Real”ga qarshi bahsdagi Grilish havoga sovurgan vaziyatlar yodingizdami? Gvardiola bila turib APLdagi dominantlikni "realizatsiya" koffitsentining oshishiga almashtirdi. Ispaniyalik mutaxassis bir necha yillardan beri “shalpangquloq”ni orzusida yuribdi. U ligadagi barcha rekordlardan zerikkan va Evropani zabt etish uchun Xoland variantini tanladi. Sovuqqon, jismonan baquvvat va to‘purar forvard katta o‘yinlardagi 2 yoki 3 goli evaziga “Siti”ni uzoq kutilgan Evropa taxtiga olib chiqishi mumkin. Sababi, "realizatsiya"dan boshqa biror bir aspektda sayyoramizdagi biror bir klub Gvardiola shogirdlaridan bir bosh ustun deb aytishning imkoni yo‘q.
Ispaniyalik murabbiy agar APL oltin medallari uchun kurashga qo‘shilishni istasa, qishki transfer oynasida katta nomlarni olib kelishiga to‘g‘ri keladi. Boshqacha yo‘l bilan o‘rtadagi kattalashib borayotgan farqli qisqartirib bo‘lmaydi. Boz ustiga, de Bryuyne, Kanselu, Bernardu Silva va boshqa ko‘plab futbolchilarda jismoniy toliqish ko‘zga tashlanmoqda. Menimcha, Pepning rejasiga ko‘ra, "Siti" futbolchilari bahorga kelib o‘zining pik formasiga chiqib olishi kerak. Aynan o‘sha paytda Evropa Chempionlar ligasi pley-off o‘yinlari start oladi. To‘g‘risi, Pep boshqargan jamoalar qachondir bor kuchini bir frontga qaratganini ko‘rmaganmiz. U doim maksimalist bo‘lgan. Balki, “Siti”ning aynan EChL uchun yaratilgan versiyasi Evropani zabt etish missiyasini bajarar? Siz bunga ishonasizmi? Fikringizni izohlarda yozib qoldiring!
Ya . U
Fikrlar