
Xomyakov: "Ishonamanki, Xebay kamida mavsum oxirigacha jamoamizda qoladi"
“Andijon” klubi Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda 1:1 hisobida durang qayd etdi va bu albatta ijobiy natija hisoblanadi.
“Andijon” ustozi Aleksandr Xomyakov esa to‘g‘ri taktika tanlagani ham muhim omillardan biri bo‘ldi. Uchrashuvdan keyin Aleksandr Andreevich bir qator savollarga javob berdi.
- O‘yin haqida fikrlaringiz qanday?
- Hech qanday mubolag‘asiz xursandman. Chempionatimiz etakchisidan ochko tortib olganimizdan hozirda mamnunman. To‘g‘ri, etarlicha qiyin va murakkab o‘yin bo‘ldi. Futbolchilarga katta rahmat. Darvozamizdan gol o‘tkazib yuborganimizga qaramay, ular hisobni tenglashtirish uchun qo‘llaridan kelganicha harakat qilishdi. Gol o‘tkazgach, qilishimiz kerak bo‘lgan ishni qildik va bajardik. Natija uchun mehnat qildik.
- “Andijon” gol urgach, ko‘proq himoyaga e’tibor qaratgandek bo‘ldi. Bu sizni ko‘rsatmangizmidi?
- Yo‘q, aksincha, biz to‘p o‘tkazib yuborganimizdan so‘ng yanada shiddatli harakat qilishni boshladik. Ko‘proq shijoat bilan o‘ynadik. Biz yana gol urib g‘alabani ilib ketishimiz ham mumkin edi. Yotib olish, vaqt cho‘zish, himoyaga e’tibor qaratib o‘yinni cho‘zish bo‘yicha hech qanaqa ko‘rsatma berilmagan. Qaytanga, g‘alaba uchun harakat qilib, yanada kuchliroq o‘ynay boshladik. Birinchi taymdan keyin shunday xulosa bor ediki, agar biz yaxshiroq harakat qilmasak, o‘yinga passiv yondashsak natija bo‘lmasligini tushundik. Ikkinchi bo‘limda o‘yinni kuchaytirishni rejalashtirgandik va nazarimda havodagi hujumlarda ham yaxshi o‘ynadik.
- Rubin Xebay birinchi davradan so‘ng ketadigan bo‘lsa, o‘rnini kim bilan hal qilmoqchisiz?
- Shunisi ma’lumki, u birinchi davradan so‘ng ketmaydi. Chunki o‘rtada qonuniy shartnomamiz bor. Bizga yangi homiy biriktirildi. Belgilangan yordamni o‘z vaqtida bajarib kelyapti. Shunday ekan, futbolchi biz bilan. Ishonchim komilki, u eng kamida mavsum oxirigacha jamoada qoladi.
- Agar unga yaxshi shartnoma va kompensatsiya taklif qilinsa, siz nima qilgan bo‘lardingiz?
- Albatta, bu borada siz haqsiz. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Lekin men ishonamanki, futbolchi kamida mavsum oxirigacha biz bilan birga bo‘ladi.
- Jamoangizda shuningdek Sherzod Esanov ham bor. Osiyo chempioni va jahon chempionatida qatnashgan. Doim ham asosiy tarkibda maydonga tushmayapti. U qachon asosiy tarkib o‘yinchisi bo‘ladi?
- E’tibor qaratgan bo‘lsangiz, bizni barcha etakchi o‘yinchilarimiz baribir maydonga tushishyapti. Boshida, oxirida yoki o‘rtasida bo‘lsa ham maydonda o‘ynashyapti. Siz to‘g‘ri aytyapsiz, biz yanvar oyidan boshlab yig‘inga kirishgan bo‘lsak, Esanov ko‘proq terma jamoada bo‘ldi. Uning imkoniyati va salohiyatini yaxshi bilamiz. Imkon qadar unga o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun maydonga tushiryapmiz. Asosiy tarkibga tushish masalasiga kelsak, barchasi uning o‘z qo‘lida.
- Birinchi davra tugadi. Ikkinchi davra oldidan qanday rejalar bor?
- Tushunib turibmanki, ikkinchi davrada yanada qiyin bo‘ladi. Lekin ishonamanki, ikkinchi davrada sevimli bo‘lgan o‘z maydonimizga qaytamiz. Uyimizdagi uchrashuvlar etakchilarga qarshi o‘tadi. O‘zimizni bo‘shashtirishga haqqimiz yo‘q. Katta rejalar belgilaganmiz. Hozirdan oson bo‘lmasligini bilib turibman, ammo qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz.
- Ba’zi-bir chiziqlarni kuchaytirish rejangizda bormi?
- Albatta, murabbiy sifatida bir qator rejalarim yo‘q emas. Tarkibni kuchaytirishga harakat qilamiz. Bu moliyaviy holatga ham bog‘liq. Imkoniyatimizdan kelib chiqib kuchaytirishga harakat qilamiz.
Fikrlar