
Yana bir hamyurtimiz AQShda ringga ko‘tariladi!
Bizning vaqt bilan 20 aprel kuni (AQShda 19 aprel) tong saharda AQShning Kaliforniya shtati Oushensayd shahrida professional boks turniri bo‘lib o‘tadi.
"Frontwave Arena" majmuasi mezbonlik qiladigan boks oqshomi Oskar De La Xoyyaga tegishli "Golden Boy Promotions" promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilmoqda. Turnirning asosiy jangi ayollar o‘ta engil vazn toifasida WBC, WBO va IBF yo‘nalishlari chempioni Gabriela Fundora 15-13-0 (7 KO) hamda da’vogar Merilin Badilo (19-1-0) o‘rtasida o‘tkaziladi.
Biz uchun ahamiyatlisi, ushbu oqshomda aynan "Golden Boy Promotions" promouterlik kompaniyasi mijozi hisoblangan super engil vazn toifasidagi bokschimiz Ruslan Abdullaev o‘zining prof ringdagi ikkinchi jangida ringga ko‘tariladi. 22 yashar charm qo‘lqop ustamizning raqibi filippinlik Jino Rodrigo bo‘ladi. Bu jang rasman o‘z tasdig‘ini topdi.
Ma’lumot uchun, Rodrigo prof faoliyati davomida 19 ta jang o‘tkazib, 13 g‘alaba, 4 mag‘lubiyat va 2 durang qayd etgan. Ruslan Abdullaev shu yilning 7 mart kuni AQShning Indio shahrida tashkil etilgan turnirda professional boksda debyut qilgan va o‘shanda meksikalik Xose Valensuela Alvaradoni ikkinchi raundda nokaut evaziga mag‘lub etgandi.
Bu haqda O‘zbekiston professional boks federatsiyasi xabar bermoqda.
Fikrlar