Yaponiyaning “Vanfore Kofu” jamoasi Samarqand va Toshkentda o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazadi

  • 27 mart, 2019, 13:55
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 16 martdagi PQ-3610-sonli “Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 iyundagi 410-sonli “Sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bolalar-o‘smirlar futbol akademiyalari tashkil etildi.

Endilikda, istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tanlash va tayyorlashning samarali tizimini yaratish, milliy terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini shakllantirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

2018 yilning 29 noyabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Yaponiyaning «Vanfore Kofu» klubi rahbari, Yaponiya futbol federatsiyasi a’zosi Kazuyuki Umino bilan Toshkentda uchrashuv o‘tkazib, bolalar futbolini rivojlantirish, futbol akademiyalari faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish masalasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Ana shunga asosan, joriy yilning 2-8 aprel sanasida “Vanfore Kofu” futbol klubi mamlakatimizning bir qator bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari bilan halqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurmoqda.

Mehmonlar mamlakatimizga tashrifini ko‘hna va navqiron Samarqand shahridan boshlashni rejalashtirgan bo‘lib, 2-3 aprel sanasida Samarqandda bo‘lishsa, 4-8 aprel kunlari Yaponiya futbol jamoasi Toshkent shahrida akademiya jamoalari bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazadi. Bu haqda O‘FA rasmiy sayti xabar bermoqda.

Jumladan, “Vanfore Kofu” jamoasi yoshlari 3 aprel kuni soat 16:00da “Dinamo” o‘yingohida Samarqand viloyat bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasining 17 yoshdagi tarbiyalanuvchilari bilan, 4 aprel sanasida Toshkent shahar bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasining 17 yoshdagi tarbiyalanuvchilari bilan, 7 aprel sanasida esa Andijon va Namangan viloyat bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasining 17 yoshdagi tarbiyalanuvchilari bilan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi.

Toshkent shahridagi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari Futbol bo‘yicha respublika oliy mahorati maktabida (“Chig‘atoy”) soat 15:00 da o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur o‘rtoqlik uchrashuvlari yurtimizda futbolni yanada ommaviylashtirish, yosh avlodni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash va o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashkil qilinmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!