Yaxshi o‘ynay olmasangiz "snayper" sizga qaratiladi, bir necha davlatlardan aniq takliflar bor, lekin..." - legionerimiz qaysi yo‘lni tanlaydi?

  • 14 dekabr, 2022, 00:01
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

2022 yilni Qozog‘iston chempionatida o‘tkazgan himoyachimiz Odilbek Abdumajidov qo‘shni yurtda o‘zidan yomon taassurot qoldirgani yo‘q. “Ordabasi” sharafini himoya qilgan legionerimiz jamoasining asosiy tarkibidan muntazam joy egallashga muvaffaq bo‘ldi.

“Xudoga shukr, chempionati tugatib oldik. U erda qiziq bo‘lgan tarafi shundaki, birinchi marta Kubokni qo‘lga kiritdik. Eng esda qolarli jihati shu bo‘ldi”, - deya shirin xotiralar bilan esladi, Abdumajidov.

Hamyurtimizning “Ordabasi”da o‘z o‘rnini topgani va mahalliy muxlislarning ham ishonchini qozona olgan muhim omillardan biri. Zero, bu uning Qozog‘istonda o‘z ustida jiddiy ishlaganini anglatadi. Shu o‘rinda qiziq savol: agar “Ordabasi” O‘zbekiston Superligasida qatnashsa, qaysi o‘rinlar uchun kurashgan bo‘lardi?

“O‘ylashimcha, “Ordabasi” O‘zbekiston chempionatida qatnashadigan bo‘lganida, bemalol 3 yoki 4-o‘rin uchun kurashadigan jamoa bo‘lardi. Agar chempionlik uchun kurashadi, desam katta gapirib yuborgan bo‘laman. Lekin yuqorida ta’kidlaganimdek, hech bo‘lmaganda uchtalikka kurashishga qurbi etadigan klubga aylanardi”, - deya javob qaytardi, Abdumajidov.

abdumajidov3

Odil faoliyatida ilk bor ushbu mavsumni legioner sifatida o‘tkazdi va albatta o‘zi uchun ko‘p narsalarni o‘rgangani aniq.

“Legioner bo‘lib to‘p surishni baribir o‘ziga yarasha ko‘p qiyinchiliklari bo‘larkan, - deya mavzuni davom ettirdi, Odil - Legioner bo‘lsangiz asosiy urg‘u faqat sizga beriladi. Ayniqsa, klub va muxlislarning e’tibori katta bo‘ladi. Yaxshi o‘ynab ketsangiz, tezda barchaning e’tiboriga tushasiz. Agar jamoaga yordam bera olmasdan, o‘zingizni ko‘rsata olmasangiz “snayper” sizga qaratiladi (kuladi). Shu tomonlama qiyinchiligi bo‘ladi. Legioner sifatida faoliyat olib borsangiz ko‘p narsani qadriga ko‘proq etadigan bo‘lasiz. Qiyinchiliklarni ko‘rib, ularni engib o‘tishni o‘rganasiz”.

Abdumajidovning keyingi rejasi qanday? U yangi mavsumda qaysi jamoa sharafini himoya qiladi? “Ordabasi”da qoladimi yoki “Metallurg”ga qaytadimi? Boisi, futbolchi huquqiy jihatdan bekobodliklarga tegishli.

“Metallurg” klubi bilan ikki yillik shartnomam bor. U erdan ham taklif yo‘q emas. Hamma narsa o‘zaro kelishishga bog‘liq. Nima bo‘lishini ko‘ramiz. Xudoni aytgani bo‘ladi”, - deya javob qaytardi, futbolchi.

abdumajidov

Aytmoqchimizki, Odiljon Abdumajidov yana legioner sifatida to‘p surmoqchimi? Bu borada futbolchimizga qaysi mamlakatlardan qiziqishlar bor? Bu masalada u shunday dedi:

“Hamma futbolchini niyati legioner sifatida to‘p surish. Boya aytdim, “Metallurg” bilan amalda shartnomam bor. Nasib qilgani bo‘ladi-da. Bir necha davlatlardan aniq takliflar bor. Ammo qachonki, shartnoma tuzilsa, ana shunda e’lon qilsak to‘g‘ri bo‘lardi. Hozir aytmay turganim yaxshi. “Metallurg” bilan amalda shartnomam borligi uchun boshqa takliflarni oshkor qilsam to‘g‘ri bo‘lmaydi, deb o‘ylayman”, - deya fikr bildirdi, Abdumajidov.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!