
Yaxshiboev bitta golga qancha vaqt sarflamoqda?
Belaruslik futbol mutaxassislari mamlakat oliy ligasi to‘purarlari bitta gol urish uchun qancha vaqt sarflayotganini hisoblab chiqdi.
Belarus chempionati debyutanti bo‘lgan Jasur Yaxshiboev bir mavsumning o‘zida ikkita jamoada to‘p surish imkoniga ega bo‘ldi. “Paxtakor”da bosh murabbiy Shota Arveladze ishonchini qozana olmagan Jasur o‘zi uchun yangi marra – Belarusga ketib juda to‘g‘ri qildi. Kamtargina “Energetik-BGU”ning taklifini qabul qilib, qisqa fursatda bu jamoaning haqiqiy etakchisiga aylana olgan hamyurtimiz 14 ta uchrashuvda 9 ta gol urganidan keyin, Belarusning eng kuchli klublaridan bo‘lgan “Shaxtyor”ga ko‘chib o‘tdi.
Yaxshiboevning Belarusdagi muvaffaqiyatli faoliyati unga O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ham yo‘l ochdi. U yaqinda Vadim Abramov tashkil qilgan yig‘inda ishtirok etib, eronliklar bilan bo‘lgan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi.
Jasur Soligorsk jamoasi safida ham to‘purarlik mahoratini ko‘rsatmoqda. Biroq, Jasurga barqarorlik etishmayapti. Natijada 26-turgacha to‘purarlar poygasida etakchilik qilgan o‘zbekistonlik hujumkor futbolchi o‘z o‘rnini BATE hujumchisi Maksim Skavishga bo‘shatib berdi.
Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, Jasurbek jami 22 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 13 ta gol urgan. O‘zbek futbolchisi har bir gol uchun o‘rtacha 139 daqiqa sarflamoqda. Bu Belarus chempionatidagi ikkinchi natijadir. Yaxshiboev har ikki jamoa tarkibida to‘rttadan sariq kartochka olib, umumiy hisobda ikkita uchrashuvda maydonga tusha olmadi. Agar u tartib-intizom borasida ham ijobiy o‘zgarish qila olsa, ko‘proq o‘yinda o‘ynar va tabiiyki gol urish uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lardi.
Birinchi o‘ringa to‘purarlar poygasida bo‘lgani kabi Maksim Skavish ko‘tarilib oldi. Tajribali hujumchiga 25 ta bahsda raqiblar darvozasini 15 marotaba ishg‘ol qilish uchun o‘rtacha 104 daqiqa kifoya qildi.
Kuchli uchlikdan “Torpedo-BelAZ” legioneri Gabriel Ramos ham o‘rin oldi. Braziliyalik futbolchi xuddi Jasur Yaxshiboev singari Belarus chempionatidagi ilk mavsumida o‘zini har tomonlama ko‘rsata oldi. Ramos 24 ta bellashuvda o‘z hisobiga o‘nta gol yozib qo‘ydi. U har bir golini 213 daqiqa kutyapti.
Jasur Yaxshiboev ayni paytda yana ikki ko‘rsatkich bo‘yicha etakchilik mavqeini o‘zida saqlab turibdi. Iste’dodli legionerimiz gol+pas tizimi bo‘yicha jami 18 ochko (13 ta gol + 5 ta golli pas) to‘plab, reytingda birinchi o‘rinda bormoqda.
Shuningdek, Yaxshiboev mavsum boshidan buyon chempionatning eng foydali o‘yinchilari reytingida peshqadamlikni hech kimga bermay kelmoqda. Hamyurtimiz garchi 26-tur uchrashuvida sariq kartochkalari ko‘pligi tufayli o‘yinga tusha olmagan bo‘lsa-da, foydali futbolchilar reytingida o‘z pozitsiyasini saqlab qoldi:
Fikrlar