Yuran O‘runovning yoshi urilganini isbotlamoqchi

  • 3 fevral, 2021, 12:15
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘tgan yilning oxirida “SKA-Xabarovsk” bosh murabbiyi Sergey Yuran ommaviy axborot vositalaridagi chiqishida “Spartak”ning o‘zbekistonlik legioneri Oston O‘runovning yoshi 4-5 yilga kichraytirilgani haqida bong urgan edi.

Bu masala katta shov-shuv va e’tirozlar keltirib chiqardi. Oston O‘runov o‘ynagan “Ufa” va hozirgi jamoasi “Spartak”, shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiya Yuranning iddaolariga o‘z munosabatini bildirdi, raddiyalar berildi, isbot talab qilindi va rossiyalik murabbiy rasman uzr so‘rashi kerakligi aytildi.

RIAN_3154768.HR-pic4_zoom-1500x1500-81137_1

Bu mojaro jurnalistlar e’tiboridan chetda qolgani yo‘q. Hatto, mustaqil jurnalistlar ham masalani to‘liq o‘rganib, o‘zbek futbolchisining hujjatlari arxivlardan tekshirilgani va uning yoshi kichraytirilmaganini isbotladi.

Biroq, ta’kidlash lozimki, bu xatti-harakatlar Sergey Yuranni O‘runovning yoshi borasidagi fikrini o‘zgartirgani yo‘q. Sergey Yuran bu mavzu chuqurlashib ketganidan keyin u o‘zbekistonlik hamkasblari bilan gaplashib turishi va aynan ular O‘runovning yoshi kichraytirilgani haqida ma’lumot berganini aytish bilan cheklandi xolos.

Aslida o‘z iddaosini isbotlab berishi kerak bo‘lgan Yuran, unga O‘runovning yoshi o‘zgartirilmagani haqida keltirilgan faktlarni qabul qilmagani ma’lum bo‘ldi. Nima ham derdik, tajribali murabbiy faktlardan ko‘ra, ayrim hamkasblari aytgan garlarga ishonar ekan. Bu uning tanlovi, majburlab bo‘lmaydi.

Yuran va O‘runovga doir bu ish Rossiya futbol ittifoqining Etika qo‘mitasi tomonidan ham ko‘rib chiqildi.  Sergey Yuran ko‘targan mavzu bo‘yicha o‘z tekshiruvini o‘tkazgan tashkilot rossiyalik murabbiyga jazo qo‘lladi. Rossiya futbol ittifoqi Etika qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, Sergey Yuran Oston O‘runovning yoshi kichraytirilgani haqida dalil-isbotsiz ma’lumotlarni iddao qilgani uchun 250 ming rubl miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi.

O‘shanda, Rossiya futbol ittifoqi Etika qo‘mitasi a’zosi Andrey Sozin bu masala bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Sergey Yuranning o‘zi ham qatnashgani, biroq aybini tan olmagani va qilmishini to‘laligicha his etmaganini ta’kidlagan edi.

Taslim bo‘lishni istamagan Sergey Yuran kuni kecha Etika qo‘mitasi qaroriga appelyatsiya berganini ma’lum qildi. Demak, u jazodan norozi va hamon O‘runovning yoshi urilganiga ishonmoqda va go‘yo buni isbotlamoqchidek.

- Tabiiyki, Etika qo‘mitasi qaroriga apellyatsiya berdim. Uning ko‘rib chiqish sanasini hali e’lon qilishmadi. Yuristim doimiy aloqada va u kerakli ishlarni qilmoqda, - dedi Sergey Yuran.

Hujjatlarga ko‘ra, Oston O‘runov 2000 yilning 19 dekabr kuni Navoiyda tug‘ilgan. “Paxtakor” futbol klubi tarbiyalanuvchisi. 2017 yildan boshlab, “Navbahor” klubi sharafini himoya qilgan. U aynan Namanganda professional futbolchi sifatida shakllandi. Vodiy jamoasida jami 51 ta o‘yinda qatnashib, raqiblar darvozasiga uchta gol urdi.

Iste’dodli yarim himoyachi 2019 yilning iyulida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasiga qabul qilindi. Poytaxt “temiryo‘lchilari” safida 13 ta o‘yinda raqib darvozasini bir marotaba ishg‘ol qildi.

2019 yilning 2 iyunida Turkiyaga  qarshi o‘tkazilgan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi debyutini nishonladi. Keyin KXDR, Suriya va Iroq terma jamoalariga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarda ham maydonga tushdi.

Oston O‘runov 2020 yilning fevralida “Ufa”ga ko‘chib o‘tdi. Ufaliklar tarkibida o‘nta uchrashuvni yuqori darajada o‘tkazgan iste’dodli yarim himoyachi yozgi transferlar vaqtida “Spartak” bilan besh yillik shartnomaga imzo chekdi.

1280_864_max (1)_3_1

Ayni paytda Oston O‘runov “Spartak” bilan birga Birlashgan Arab Amirliklaridagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida mavsumga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

“Spartak” legionerini sotmoqda. Bundan O‘runovga foyda bormi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!