Yurtimizda tekbolni yanada rivojlantirish yo‘lida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi

  • 4 iyul, 2022, 22:25
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Boshqalar
CHERY AUTO

Tekbol sporti qisqa fursat ichida Vengriyaning milliy ramzlaridan biriga aylanib ulgurdi. Futbol va stol tennisini o‘zida birlashtirgan ushbu jozibador sport turi mamlakatimizga ham kirib kelgan bo‘lib, u ko‘plab yoshlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Tecno

O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov hamda MOQ Bosh kotibi, O‘zbekiston tekbol federatsiyasi raisi Oybek Kasimov Budapesht shahrida joylashgan Xalqaro tekbol federatsiyasining shtab-kvartirasiga tashrif buyurishdi. U erda delegatsiyamizni xalqaro tashkilot rahbari Gabor Borsani qarshi oldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.

Mutasaddilar uchrashuv davomida tekbolni mamlakatimizda yanada rivojlantirish, yoshlar orasida uni ommalashtirish bo‘yicha qator masalalarni muhokama qilishdi. Qayd etish joiz, bungacha ushbu sportni yurtimizda keng yoyish bo‘yicha Xalqaro tekbol federatsiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston tekbol federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Suhbatda ushbu hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida bir qancha takliflar ilgari surildi.

Oybek Kasimov janob Borsaniga tekbol mamlakatimiz yoshlari tomonidan iliq qarshi olingani, Xalqaro tekbol federatsiyasi jo‘natgan inventarlar poytaxtimizdagi bir qator maktablarga joylashtirilgani va o‘quvchilar bo‘sh vaqtlarida ushbu sport turi bilan shug‘ullanayotgani haqida gapirib berdi.

Shuningdek, suhbatda milliy terma jamoamizni shakllantirish va xalqaro musobaqalarda ishtirok etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. O‘z navbatida, xalqaro tashkilot rahbari mamlakatimizda ushbu sport rivojini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!