
Zarruh Adashevga sparring janglarda kim yordam bermoqda?
UFC promoushenida faoliyat yuritadigan yana bir hamyurtimiz Zarrux Adashev navbatdagi jangini 14 noyabr kuni “UFC Fight Night 182” turniri doirasida o‘tkazadi. Zarruxning UFCdagi ikkinchi chiqishi AQShning Nevada shtati Las-Vegas shaharchasida bo‘lib o‘tishidan xabardorsiz. Albatta, ushbu jang yurtdoshimiz uchun juda muhim. Chunki, debyut jangidagi mag‘lubiyat tufayli, bu bahsdagi g‘alaba suv va havodek zarurdir. Shuni to‘la anglab turgan Adashev jiddiy tayyorgarlik olib bormoqda.
Biz uning mashg‘ulot jarayonlari qanday kechayotganligi, vazn borasidagi muammolar va sparring partnyorlar kim ekanligi haqidagi savollar bilan murojaat qildik.
- Bilasizmi, bu jang men uchun juda muhim ekanligini barcha yaxshi tushunib turibdi. Sababi esa ma’lum. Ilk jangimdagi muvaffaqiyatsizlik tasodif ekanligini isbotlashim zarur. Vazn borasida muammo yo‘q. Chunki, birinchi jangimdagi kabi uch kunlik emas, balki juda ko‘p vaqtim bo‘ldi va yana bor... Jeff Molina ham o‘z debyutini o‘tkazadi. Shuning uchun, unda ishtiyoq katta bo‘lishi turgan gap. Shuning uchun ushbu jangga bor kuchimni berib tayyorlanyapman. Barchasi yaxshi bo‘lmoqda. Asosiy sparring partnyorim akam Shohrux Adashev hisoblanadi va u menga juda katta yordam beryapti. Akam ham yarim engil vazn toifasida havaskor yo‘nalishda yaxshi natijalar qayd etgan va u ham professional promoushenlar bilan shartnoma imzolash arafasida. O‘ylaymanki, barchasi yaxshi bo‘ladi va xalqimizni, muxlislarimizni chiroyli g‘alaba bilan xursand qilamiz.
Fikrlar