
Zidan boshi berk ko‘chaga kirib qoldi
SPORTS.uz La Liganing markaziy bahsi – «Real» va «Atletiko» to‘qnashuvi borasida fikr almashadi.
Endi nima bo‘ladi?
Juda muhim bahs oldidan Zidan markaziy hujumchisiz qolib ketdi. Karim Benzema lazaretda bo‘lsa, Mariano Dias jarohat oldi. Luka Yovichni «Ayntraxt»ga ijaraga berib yuborgan jamoa qiyin ahvolga tushib qoldi. Endi asosiy jamoaga «Kastilya»dan hujumchi jalb etish lozim, ammo bunday muhim bahsda tajribasiz yosh futbolchilarga suyanish biroz noo‘rin.
Shu bois, "Madrid derbisi"da hujum chizig‘ida ko‘rinish berishi mumkin bo‘lgan futbolchi nomi barchani qiziqtirmoqda. Ispan nashrlarining ma’lum qilishicha, Zidan Marko Asensio, Rodrigodan foydalanishi mumkin. Shuningdek, Isko ham «yolg‘on to‘qqizlik» pozitsiyasida maydonga tushishi mumkin. «Real» jarohatlar sababli chempionatning eng muhim bahsida noodatiy rotatsiyaga qo‘l urishi kerak.
"Marca" nashri bergan xabarlarga qaraganda, Mariano bu mavsumda «Real» safida jarohat olgan 42-futbolchi. Bu borada Dani Karvaxal, Eden Azar, Serxio Ramos, Federiko Valverde va Eder Militao yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Shuningdek, Rodrigo ham bir necha bor safdan chiqqan.
Klub safida mavsumni jarohatsiz o‘tkazayotgan futbolchilar sanoqli. Ukrainalik posbon Andrey Lunin, Ferlan Mendi, Kazemiro va kutilmaganda Vinisius! To‘g‘ri, Kazermiro COVID-19 yuqtirib olgani uchun bir muddat safdan chiqdi, ammo qolganlar barcha pand bergani yo‘q. Jarohatlar sababli Zinedin Zidan EChL uchrashuvlarida ham «Kastilya»da futbolchilarni jalb qilishga majbur bo‘ldi. «Atalanta»ga qarshi o‘yinda murabbiy Serxio Arribas va Duroni asosiy tarkibda maydonga tashladi. Zaxirada esa, Chust, Guterres, Blank ova Altubelar bor edi. Raul jamoasi yoshlari yomon taassurot qoldirmadi, ammo grand klub darajasini tajribasiz yoshlar bilan ushlab qolish imkonsiz.
Jarohatlar borasidagi surishtiruv natijasi
Joriy mavsumda «Qirollik klubi» futbolchilari umumiy hisobda 823 kunni jarohatlar sababli o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. 42 ta jarohatning ta’siri o‘z kuchini ko‘rsatgani aniq. Agar o‘tkazib yuborilgan o‘yinlar soni umumiy hisoblansa, muxlislar hayron qoladigan raqamlar kelib chiqishi aniq. Mart oyiga qadar barcha futbolchilar o‘tkazib yuborgan uchrashuvlari soni 146 tani tashkil etmoqda.
O‘yinlarni o‘tkazib yuborish va jarohat olgan futbolchilar borasida «Real» Ispaniyada mutlaq etakchi. «Qaymoqranglilar»dan keyingi o‘rinni Kataloniyaning «Barselona» klubi egallab turibdi. Ronald Kuman shogirdlari 28 bor safdan chiqqan.
Zidan g‘azab otiga mingan bo‘lsada, jurnalistlar bilan muloqot jarayonida o‘z hissiyotlarini yashirishni uddalay oladi. So‘nggi paytlarda frantsiyalik mutaxassis o‘z taktikasini o‘zgartirgan ko‘rinadi. U hatto o‘z iste’fosi haqida berilgan savollarga ham jarohatlar haqidagi jumlalar bilan javob bermoqda.
«To‘g‘risi, tarkibimizdagi yo‘qotishlar soni ortib ketgani meni xavotirga solmoqda. Shunga qaramay, bu bahona bo‘lmasligi kerak. Doimo g‘alaba uchun to‘p surishimiz shart».
Murabbiy kadrlar bilan yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida alohida komissiya tuzdi. Klub bosh direktori – Xose Anxel Sanches bilan birgalikda Zidan jarohatlarning asosiy sababi nimada ekanligini aniqlamoqchi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, bu komissiya aytarli foyda bermasligi aniq. Hozir grand klublarning barchasi shu muammoga duch kelmoqda. Pandemiyadan so‘ng start olgan mavsum barcha rejalarni barbod qilib yubordi.
Jarohatlar uchun kim aybdor?
Mavsum kichik tanaffus bilan boshlanganida Dani Karvaxal taqvimni keskin tanqid qilgan edi. Uning so‘zlari bashorat ekanligini endi anglab etish mumkin:
«Futbolchilarga bu mavsumda juda ham og‘ir bo‘ladi. Bizda mavsumlar orasida tiklanib olish uchun vaqt juda kam bo‘ldi. Endi butun yil davomida ortiqcha yuklama bilan harakat qilish kerak. Shunday ekan, jarohatlarni chetlab o‘tishning imkoni yo‘q».
Ushbu suratda «Real»ning har bir o‘yinida duch kelgan kadrlar muammosi aks etgan.
Davom etayotgan futbol mavsumida Eden Azar bilan birgalikda Dani Karvaxal ham o‘yinlarni o‘tkazib yuborish borasida rekord o‘rnatmoqda. Vaholanki, u muammoning bir bo‘lagi, xolos. Ayniqsa, terma jamoalar yig‘ini boshlangach, nafaqat «Real»da, balki boshqa grand klublarda ham jarohat olganlar soni 2 barobar ortib ketdi. «Real» jarohatlar borasidagi ta’qibchisi «Barselona»dan nisbatan kamroq o‘yin o‘tkazgan. Jamoa Kubok bahsini erta tark etgani uchun taqvimda raqiblaridan ko‘proq dam olishi ko‘rsatilgan.
Soddaroq qilib aytsak, klub EChLni inobatga olmaganda, haftasiga bir bor maydonga chiqib kelmoqda. Shunday ekan, jarohatlar bobidagi barcha savollar jamoaning jismoniy holatiga javob beruvchi Gregori Dyuponga berilishi kerak. E’tiborlisi shundaki, Dyupon bundan avval ham shunday vaziyatga tushib qolgan. Mutaxassis juda ham yopiq shaxs. U intervyulardan qochadi va o‘z ish metodikasi bilan bo‘lishmaydi.
Mutaxassis o‘z rejalari asosida ish olib borayotganini aytdi, xolos. Qolgan barcha muammolarni dam olish uchun deyarli imkon bo‘lmaganiga yo‘ydi. "Madrid derbisi" juda muhim. Sababi, o‘rtaga chempionlik tikilgan. Kataloniyaning «Barselona» klubi ham muxlislik qiladigan uchrashuv oldidan «Real»da markaziy hujumchi yo‘q. Zidan va uning shtabi bu vaziyatdan qanday chiqib ketarkin?! Buni bugun bo‘lib o‘tadigan "Madrid derbisi"da bilib olishimiz mumkin.
Fikrlar