Top-liga klubi: Haqiqiy syurpriz Husanovning kelishi bo‘ladi!
Ular Abduqodir yordamida muammolardan qutilmoqchi
Evropa futbolida qishki transferlar oynasi tobora yaqinlashib kelayotgani sari O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov atrofida transfer yangiliklari ham ko‘payib bormoqda.
Hozirgacha “ko‘hna qit’a”ning turli manbalari 21 yoshli o‘zbek himoyachi nomini “Lans”, “Liverpul”, “Real” kabi klublar bilan bog‘lab, turli xabarlar chiqarishdi. Bularning bari birinchi navbatda, Xosep Gvardiola iqtidorli himoyachi o‘zi ishtirok etgan bahslarda yuqori saviyada o‘ynayotganiga qaramay, muntazam o‘yin amaliyoti bermayotgani bilan bog‘liq.
Sports.uz portali Frantsiyaning mashhur klublaridan biri – “Nitstsa” ham Abduqodir Husanovga qiziqish bildirayotganini aniqladi. Bunga asos sifatida Frantsiya futbolini yoritishda nufuzli ikki manba ma’lumotlarini keltirish mumkin.
SPORT.FR sayti:
Mavsum boshlanganidan beri qiyinchiliklardan boshi chiqmayotgan “Nitstsa” qishki transferlar davrida vaziyatni tubdan o‘zgartirishga qaror qildi.
Klub rahbariyati markaziy himoyachi pozitsiyadan boshlab, tarkibning turli nuqtalariga yangi ijrochilar olish bo‘yicha bir necha g‘oyalarni amalga oshirish uchun eng shimarib ishga kirishdi.
Kutilmaganda, Liga 1 musobaqa jadvalida peshqadamlikni qo‘lga olgan “Lans” mavsumning ikkinchi yarmi uchun tarkibini kuchaytiradigan bo‘ldi. Bu klub vakillari “Manchester Siti” bilan markaziy himoyachi Abduqodir Husanovni ijaraga olish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirmoqda. 21 yoshli markaziy himoyachining yanvarda Frantsiyaga qaytish ehtimoli bor. Faqat uning keyingi manzili “Lans” emas, balki himoyani mustahkamlashga bel bog‘lagan “Nitstsa” bo‘lishi mumkin.
“Lans” ham, “Nitstsa” ham o‘zbek futbolchisini olti oylik ijaraga olmoqchi. “Manchester Siti” bilan 2029 yilning yarmigacha davom etadigan shartnomaga ega himoyachi etarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgani bois, “shaharliklar” qisqa muddatli transfer imkoniyatlarini ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
Agar Frantsiyaning ikki klubi o‘yinchini olish bo‘yicha jiddiy takliflarni ilgari suradigan bo‘lsa, ular orasida transferlar bozorida ham qizg‘in kurash vujudga keladi. Bu masala ko‘p jihatdan o‘yinchi uchun katta summa sarflagan “Manchester Siti” rahbariyatining qaroriga bog‘liq bo‘ladi.
JEUNESFOOTEUX.COM sayti:
“Nitstsa” bosh murabbiym Frank Xeyz o‘zi ilgari ishlagan “Lans” tarkibidagi ikki sobiq o‘yinchilarini nishonga oldi. Bu mutaxassis matbuot vakillari bilan suhbatda ayni paytda bor e’tiborini nafaqat jamoa taktikasiga, balki tarkibni kuchaytirish zaruratiga ham qaratayotganini ma’lum qildi.
Ayni paytda “Nitstsa”ning uch nafar etakchi o‘yinchisi – Jonatan Kloss, Terem Moffi va Jeremi Boganing jamoadagi kelajagi mavhum bo‘lib turgani Frank Xeyzni bezovta qilyapti va yangi ijrochilar olish zaruratini tug‘dirmoqda.
Xeyz agar klub sport direktori himoya va hujum chiziqlarini kuchaytirish uchun yangi futbolchilarni olish masalasida undan yordam so‘rasa, transferlarni amalga oshirishda hal qiluvchi rolni o‘ynay oladigan odamlarga bog‘lanib, yordam so‘rashga tayyorligini bildirdi.
Bu bayonot bejiz aytilgani yo‘q. Xeyzning gaplari u o‘zi “Nitstsa” uchun o‘yinchi tanlab qo‘yganidan dalolat beradi. Klubdagi ichki manbalar “Nitstsa” bosh murabbiyi o‘zi yaxshi biladigan ikki futbolchini nishonga olganini ma’lum qildi.
Ulardan biri ayni paytda “Nottingem Forest” a’zosi hisoblangan Arno Kalimuendo o‘zining hujumkorligi bilan raqib himoyachilarga jiddiy muammo tug‘diradigan o‘yinchi sifatida e’tiborni tortmoqda.
Lekin haqiqiy syurpriz himoya chizig‘iga mo‘ljallangan. Har doim transfer bozorini kuzatib boradigan Frank Xeyz “Manchester Siti” markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovning atrofidagi vaziyatdan boxabar bo‘lib turibdi.
Bir yil oldin “Lans”dan “Manchester Siti”ga qariyb 50 million evro evaziga ko‘chib o‘tgan o‘zbek futbolchisi Angliyada murakkab davrni boshdan o‘tkazmoqda. “Nitstsa” bu vaziyatdan unumli foydalanib, “shaharliklar” bilan olti oylik ijara shartnomasi tuzmoqchi.
O‘zining salohiyatini namoyish qilishga va nimlarga qodirligini isbotlashga chanqoq, darhol taktik jihatdan foydali bo‘la oladigan Husanov kabi “jangchi”ni o‘z safiga qo‘shib olish “Nitstsa” uchun himoyani barqarorlashtirishda ajoyib qadam bo‘lar edi. Shu tariqa, bu qishki transfer oynasi katta ehtimol bilan mahalliy va yaxshi tanish futbolchilarga bag‘ishlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, “Nitstsa” qiziqish bildirayotgan hujumchi Arno Kalimuendo ham, Abduqodir Husanov ham “Lans”dagi faoliyati davomida o‘sha paytda jamoada bosh murabbiy bo‘lib ishlagan Frank Xeyz qo‘l ostida to‘p tepgan.
Husanov va “Real”: “Manchester Siti” transferga rozi, faqat...
18 yoshli Nurali Abduqodir Husanov izidan Evropaga yo‘l oldi
Shomurodov 2025 yilning so‘nggi o‘yinini ham “yondirdi”!

Izohlar (0)