
17 yillik ayriliq! Pochettino Parijda Messini kutmoqda?!
2001 yilning 26 yanvar sanasida argentinalik markaziy himoyachi - Maurisio Pochettino PSJga «Espanol» safidan borib qo‘shilgan edi. U paytlarda klubda shayxlarning katta pullari yo‘q bo‘lsa ham, qahramonimiz 2,5 yil davomida jamoa sharafini munosib himoya qiladi. U bilan birgalikda Parij klubi «Intertoto» kubogida zafar quchadi. 2003 yilda esa, Maurisio «Bordo» bilan shartnoma imzolab, klubni tark etadi.
O‘sha voqealarga ham 17 yildan oshdi. O‘tgan vaqt mobaynida juda ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi. 2009 yilda argentinalik futbolchi o‘zini murabbiylikda sinab ko‘rishga qaror qildi. 2019 yilga kelib esa, u o‘z jamoasi bilan Evropa Chempionlar Ligasi final uchrashuvida ishtirok etdi. To‘g‘ri, o‘yin boy berildi, ammo «Tottenxem» singari kamtarin klub bilan finalga chiqishning o‘zi katta voqea!
Aslida, Parij super klubining Tomas Tuxelni iste’foga chiqarishi biroz tushunarsiz qaror. Shunday bo‘lsa-da, bu haqida fikr almashgandan naf yo‘q. Tuxel ketdi, uning o‘rnini Pochettino egallaydi! Tamom! Nemis murabbiyining o‘rnini egallashi kutilayotgan argentinalik mutaxassis haqida mulohaza yuritish ancha qiziqroq.
Pochettino 13 oydan beri ishsiz yuribdi. «Tottenxem»ni shakllantirgan murabbiyning ketishi nohaqlikdek tuyulgan bo‘lsa-da, bu iste’fo Pochettino uchun yangi eshiklarni ochilishiga sabab bo‘ldi. Endilikda, uning personal muxlislari PSJ tomoniga o‘tib olishi turgan gap. Boz ustiga, hali birorta sovrin yutmagan murabbiy uchun oltin medallar juda va juda qadrli bo‘ladi. Bundan tashqari, uni Parijda Neymar, Di Mariya, Ikardi va Mbappe singari megayulduzlarga ega tarkib kutmoqda.
Bunday yuqori darajadagi futbolchilarni Pochettino o‘zining futbol falsafasiga qanday moslashtirishi barchada savol uyg‘otmoqda. Murabbiy doimo o‘z shogirdlaridan raqibga tinimsiz bosim o‘tkazishni va har bir o‘yinda maksimum natija qayd etishni talab qiladi. Qo‘shimchasiga, u futbolchilarning yangi qirralarini kashf etishda ham benazir. Katta ehtimol bilan murabbiy birinchi ishni Neymar va Mbappe bilan til topishishdan boshlaydi. Bu yigitlar nafaqat o‘yinning borishi, balki murabbiyning jamoada qanchalar uzoq qolishini ham hal etishlari turgan gap. Neymar va Mbappening futbolga o‘z qarashlari mavjud. Ular murabbiy bo‘lmasalar-da, murabbiylaridan o‘z qarashlariga mos keladigan g‘oyalarni kutmoqda.
Yaqindagina iste’foga chiqarilgan Tuxelning xatosi ham aynan shunda. Vaholanki, Tomas Mbappe bilan yaxshi aloqalar o‘rnatgan edi. Frantsuz murabbiy jamoadan ketgach, o‘z ijtimoiy sahifalarida unga o‘z minnatdorligini bildirdi.Tuxelni klubning boshqa a’zolari bilan yaxshi aloqada edi, deb bo‘lmaydi. Murabbiy ayniqsa, jamoa rahbarlaridan biri - Leonardo bilan chiqisha olmadi. Tuxel ochiqchasiga jamoaning transfer siyosatini tanqid qilgan edi. Klubni erkin agent sifatida tark etayotgan futbolchilar haqida bildirgan fikri katta janjalga sabab bo‘ldi. Keyinchalik, Leonardo murabbiyning o‘zi haqida aytgan so‘zlarini keskin tanqid ostiga oldi. Tuxel yozda Luis Suares va Antonio Ryudigerni tarkibda bo‘lishini juda istagan edi. Klub sport direktori esa, uning fikrini inobatga olgani yo‘q. Qo‘shimchasiga, murabbiy tomonidan bildirilgan keskin fikrlarni hazm qila olmadi. Oqibatda, ulardan biri jamoani tark etishi aniq edi. Kutilganidek, braziliyalik funktsioner o‘z o‘rnida qoldi. Aslida, Tuxel “Borussiya” Dortmund safida ham rahbariyat bilan yaxshi aloqalar o‘rnata olmagan. Ayniqsa, uning klub sport direktori Mixael Tsorkni tanqid qilib bergan xabari adashib, shaxsan Mixael Tsorkka etib borishi katta voqeaga aylanib ketgan edi.
Ochig‘i, agar PSJ Evropa Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonganida, hammasi boshqacha ko‘rinish olishi mumkin edi. Murabbiyga futbolchi va rahbariyat boshqacharoq moslashar, unga imkon berishga urinar edi. U EChLdagi g‘alabadan so‘ng, Leonardo bilan to‘qnashuvda favoritga aylanishi tayin edi. Finaldagi mag‘lubiyat esa, Tuxelning kuchlarini «qirqib» qo‘ydi. Endilikda, Pochettino bu xatolarni takrorlamasligi lozim. U ichki muhit buzilib ketgan jamoani qabul qilib olishi lozim. Boz ustiga, PSJ bu mavsumda 4 bor mag‘lubiyatga uchrab bo‘ldi. Futbolchilar ortda qolgan o‘yinlar davomida 36 ta sariq va 5 ta qizil kartochka olishdi. O‘tgan mavsumda jamoa yigitlari atigi bir bor qizil kartochkaga loyiq ko‘rilgan edi. Ichki tartib-intizom izdan chiqqani shundan ham ma’lum.
Tartib-intizomni o‘rnatish borasida zamonaviy murabbiylar orasida Pochettinoga teng keladigani yo‘q, desak adashmagan bo‘lamiz. Uning boshqaruvidagi «Sautgempton» va «Tottenxem» Angliyada aynan intizom bilan ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan edi. Eng muhimi shundaki, Pochettino uzoq cho‘ziladigan turnirlar uchun futbolchilarini tayyorlash bobida benazir. Shu sababli, uning klubni qisqa muddatda ideal formaga olib chiqishi ortiqcha muammo tug‘dirmaydi. Eng quvonarlisi shundaki, endi Pochettino o‘z o‘yin falsafasini 100 foiz imkoniyatini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘yishi mumkin. Londonda bunga jamoaning moliyaviy imkoniyatlari to‘sqinlik qilgan edi. Endi Parijda pul borasida muammo yo‘q. Shunday ekan, tez orada Evropa Chempionlar Ligasi uchun da’vogarlar soni yana bittaga ortishi aniq.
Maurisio Tuxel singari qaysar xarakter egasi emas. Shu bois, unda imkoniyatni to‘liq namoyish etish imkoni mavjud. Transferlar bobida ham muammo yo‘q. Ichki chempionat APL darajasidan ancha pastroq. Bu uzoq yillar davomida kuchlilar orasida kuchli bo‘lishni uddalagan murabbiy uchun engil nafas olish imkonini yaratadi. Xo‘sh, Pochettino o‘z uslubini targ‘ib qiluvchi qaysi futbolchilarni klubga olib kelishi mumkin? Evropa nashrlarining yozishicha, murabbiy allaqachon bir nechta futbolchilarni «ko‘z ostiga olib qo‘ygan». Keling, ular bilan qisqacha tanishtirib o‘tamiz.
Dele Alli
24 yoshli ingliz Maurinoning navbatdagi qurboniga aylanib bormoqda. Pochettino davrida «shporlar»ning kelajagi deb taxmin qilingan futbolchining ahvolini yaxshi, deb bo‘lmaydi. Ma’lumotlarga qaraganda, klub allaqachon Dele Allining agenti bilan aloqaga chiqqan.
Yan Oblak
Parij klubi Pochettinoga qadar jamoaning darvozasini ishonchli qo‘llarga topshirish borasida ish olib borayotgan edi. Bugungi kunda qo‘l etadigan kuchli darvozabonlar orasida Oblakdan boshqasini ko‘rsatib bo‘lmaydi. Yanning Madriddagi shartnomasida juda katta maosh ko‘rsatilgani bois, klub sloveniyalik posbonni qo‘yib yuborishga qarshi emas. PSJ esa, 3-o‘rindan zerikib ketgan darvozabon uchun katta maosh va turli sovrinlarni va’da qilmoqda.
Leo Messi
Bugungi kunning eng mashhur futbolchilaridan biri - Neymar yaqindagina Messi bilan bir jamoada to‘p surmoqchi ekanligi haqida so‘zladi. U tez orada Leoni Parijga ko‘chib o‘tishiga sha’ma qildi. Pochettino va Messining futbolga qarashlari biroz o‘zgacha bo‘lsa-da, ular bir shahar jamoasi sharafini himoya qilgan. Boz ustiga, Evropada ikkita janubiy amerikalik insonning til topishib ketishi juda oson. Messi ham «Barselona» tobora cho‘kib borayotganini sezib turibdi. Yangi prezident kelgach, ahvol o‘zgarishiga hech kim kafolat bermaydi. Shunday ekan, bu transferning amalga oshish foizi juda yuqori.
Kristian Eriksen
«Tottenxem» safida Pochettinoning o‘yin uslubidagi eng muhim figura sanalgan Kristian hozir «Inter»da yolg‘izlanib qoldi. Uning Konte targ‘ib etayotgan sxemadagi o‘rni yo‘q. Shu bois, yarim himoyachi qishda Parijga ko‘chib o‘tish haqida bosh qotirmoqda. «Inter» Leandro Paredes yoki 25 million evro evaziga daniyalik futbolchini qo‘yib yuborishga tayyor. Pochettino ham o‘z g‘oyalarini yaxshi anglab etgan Eriksen yordamida maydondagi voqealarga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi bir muncha osonlashishini yaxshi biladi.
Muallif fikri:
Nima bo‘lgan taqdirda ham, Pochettinoning yana katta futbolga qaytgani yoqimli. Uning yana ishga kirishgani PSJ muxlislari uchun ertangi kunga ishonch uyg‘otmoqda. O‘z tizimi asosida maqsad sari odimlaydigan murabbiyni Parijda oson bo‘lmagan, biroq baxtli yakun topishi mumkin bo‘lgan kunlar kutmoqda. Oradan 17 yil o‘tgach, Maurisio yana uyga, kurashga va sovrinlarni yutish uchun qaytmoqda!
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar