
"5-o‘rin - bu murabbiy o‘z oldiga qo‘yadigan maqsad emas, "Paxtakor"ning muddatidan oldin chempion bo‘lishi chempionatimiz saviyasini ko‘tarmasligi aniq" yoxud Baxtiyor Ashurmatov asl orzusini aytdi
“Qo‘qon-1912” jamoasi mehmonda “Andijon”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazganidan haqida saytimiz orqali xabar berdik.
Qo‘qonliklarning Andijonga tashrifidan foydalangan holda o‘yindan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatovga muloqot qilish istagimizni bildirdik va mutaxassis Sports.uz uchun vaqt ajratdi.
FIFA kunlaridagi tanaffus haqida
- Gapning ochig‘i, FIFA kunlari bo‘lgani sababli, yuzaga kelgan tanaffusni biz uchun foydali yoki foydasiz, deb ayta olmayman. Lekin oxirgi paytlarda yaxshi sport formasiga kirib oldik. To‘rtta o‘yinda mag‘lubiyatga uchramadik, ikkita durang va ikkita g‘alaba qozondik. O‘ylaymanki, bu tanaffus bizning foydamizga emas. Lekin taqvim shunday tuzilgan, FIFA kunlari oldindan ma’lum edi. Shu bois, bahona qilmaymiz va bo‘lajak uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak edi. O‘rtada 16 kunlik “pauza” bo‘lganligi uchun “Andijon” bilan o‘yin biz uchun muhim edi. “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvdan keyin futbolchilarga to‘rt kunlik dam bergandik. Bugungi o‘rtoqlik o‘yinida ularni ikki taym o‘ynata olmasdik. Chunki to‘rt kunlik tanaffusdan keyin ularning jismoniy holati hali to‘liq o‘ynashga tayyor emasdi. Bugungi uchrashuvdagi asosiy vazifamiz o‘yinchilarimizning jismoniy holatini yaxshilash, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish va albatta g‘alaba qozonishdan iborat edi. O‘ylaymanki, bahs har taraflama foydali bo‘ldi. Birinchi bo‘limda “So‘g‘diyona” bilan bo‘ladigan o‘yinga yaqinroq taktika tanlashga harakat qildik. Agar 16 kun davomida o‘yin amaliyotisiz qolib ketsak, bu chempionat bahslarida bizning zararimizga ishlashi mumkin edi.
Yoqimli g‘alabalar qanday ishonch bag‘ishlayapti?
- Bu yilgi mavsumda egallab turgan o‘rnimiz yigitlarimizning saviyasiga mos emas. Yuqoriroq o‘rinlar uchun kurashishimiz kerakligini ta’kidlab kelganman. Afsuski, bu yil o‘z maydonimizda ko‘plab uchrashuvlarda ochkolar yo‘qotdik. O‘tgan yilgi mavsumda 26 ochko qo‘lga kiritgan bo‘lsak, bu safar ko‘p ochko yo‘qotdik. To‘g‘ri, mehmonda yomon o‘yin ko‘rsatmayapmiz. O‘z uyimizda ham omadliroq o‘ynaganimizda bemalol yuqoriroq o‘yinlar uchun kurashishimiz mumkin edi. 9-o‘rin – bizni, futbolchilarni, rahbariyatni, umuman hech kimni qoniqtirmaydi. Shu bois, oxirgi oltita uchrashuv biz uchun juda muhim va murakkab edi. “Paxtakor” ustidan qozonilgan g‘alaba juda muhim bo‘ldi. Ayniqsa, “Metallurg” va “Paxtakor”ni mag‘lubiyatga uchratganimiz futbolchilarimizga ishonchni qaytarib berdi. Yigitlar oxirigacha kurashsa, istalgan etakchi jamoaga qarshi munosib raqobat tug‘dirishi mumkinligini tushunib etishdi. Bizda o‘tgan yilgi natijani qaytarish imkoniyati saqlanib turibdi. Buning uchun oxirigacha kurashamiz.
Ashurmatovning murabbiylik faoliyatida “Paxtakor”ga qarshi esda qolgan o‘yinlari
- Murabbiylik faoliyatimda “Paxtakor”ga qarshi o‘yinlardagi yoqimli g‘alabalarga kelsak, AGMK va "Qo‘qon-1912” bilan qozonilgan muvaffaqiyatlarni aytishim mumkin. O‘zbekiston kubogi finalida AGMK bosh murabbiyi sifatida “Paxtakor”ga qarshi o‘ynaganimizda futbolchilarimiz ajoyib o‘yin ko‘rsatgandi. Tabiiyki, “Qo‘qon-1912” ustozi sifatida “Paxtakor”ni 4:2 hisobida yutganimiz ham biz murabbiylar va futbolchilarning faoliyatidagi yorqin g‘alabalardan biri bo‘ldi, deb o‘ylayman. Bundan tashqari, 2014 yili “Navbahor”ni boshqarganimda mehmonda “Paxtakor”ga 1:0 hisobda yutqazgandik. O‘shanda “Paxtakor” 90+7-daqiqada gol urgandi. Jangovar o‘yin namoyish qilgandik. Shundan keyin federatsiyamiz prezidenti, rahmatli Mirabror Usmonov jamoamizga e’tibor qaratib, yordam bergan va bu ham esda qolarli o‘yin bo‘lgan. O‘yinimiz bilan rahbariyatning e’tiborini qozongandik. Umid qilamanki, hali yana yorqin g‘alabalarimiz oldinda. Masalan, jamoamiz medallar uchun kurasha olgani yo‘q. Yoki menga hali Osiyo Chempionlar ligasida jamoamni boshlab tushish nasib qilmadi. Hali o‘rganadigan narsalarim va ishlarim ko‘p. Umid qilamanki, baribir o‘ylagan niyatlarimga erishaman. Qo‘qonlik muxlislar bir necha yildan beri suyukli jamoasini Osiyo Chempionlar ligasida qatnashishini kutishyapti. O‘z oldimizga qo‘ygan maqsadimizga bosqichma-bosqich erishishimiz kerak. Bu yo‘lda biz murabbiylar tinmay ishlashga tayyormiz.
Bosh murabbiy “Qo‘qon-1912”dagi faoliyatidan qanchalik qoniqyapti?
- Qo‘qondagi faoliyatimga kelsak, o‘tgan yili ko‘pchilik kutmagan natijani qo‘lga kiritdik. To‘g‘ri, 5-o‘rin – bu erishib bo‘lmas cho‘qqi emas. Ammo bir necha mavsumlardan beri “Qo‘qon-1912” asosan elitada qolish uchun kurashib kelardi. O‘shanda autsayderlardan uzoqlashish va yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan klublarga yaqinlashishni maqsad qilib qo‘ygandik. Xudoga shukur, rahbariyat va muxlislarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Bu yilgi mavsumda esa hali natijalardan qoniqqanim yo‘q. Agar o‘tgan yilgi natijadan keyin yanada yuqoriroq o‘rinlar uchun kurashishni xohlasak, biz selektsiya ishlarini bundan ham faolroq olib borishimiz kerak bo‘lardi. O‘zimiz xohlagan o‘yinchilarni olmadik. O‘tgan yilgiga nisbatan ozgina zaiflashdik deb aytishim mumkin. Shuning uchun bu yil oldimizga qo‘yilgan maqsadimizga erishishimiz qiyin bo‘lyapti. Ammo hali imkoniyat saqlanib turibdi. Agar oldindagi beshta turda maksimal ochkolarga erishsak o‘sha natijani takrorlashimiz mumkin. 5- yoki 4-o‘rin murabbiy o‘z oldiga qo‘yadigan maqsad emas. Zohid Nurmatov, Davron Fayziev kabi murabbiylar shtabi bilan birgalikda muxlislarimizning orzusini ro‘yobga chiqarishni istaymiz va Osiyo Chempionlar ligasida qatnashish o‘zimizning ham orzuimiz sanaladi. Yana izlanamiz va rahbariyat qo‘llab-quvvatlab tursa, bu marraga erisha olamiz.
Chempionatimiz saviyasi to‘g‘risida
- “Paxtakor”ni bir necha tur oldin chempion bo‘lishi deyarli aniq bo‘lgani bu chempionatimiz saviyasini ko‘tarmasligi aniq. Chunki ishqibozlar chempionlik uchun kurashdagi intriga oxirigacha saqlanib qolishini xohlashadi. Bu yil moliyaviy tomondan imkoniyati yuqoriroq bo‘lgan AGMK yoki “Lokomotiv” jamoalaridan raqobat qilishda ko‘proq narsa kutishgandi. Ulug‘bek Baqoev boshchiligidagi “So‘g‘diyona”ning ikkinchi o‘rinda borayotgani bu ular uchun katta natija. Ammo birorta jamoa “Paxtakor”ga raqobat tug‘dira olmadi. Mavsum boshida ham shunday fikrda edim. Shu sababdan “Paxtakor”ni oldindan chempion bo‘ldi, deb aytishimiz mumkin.
Superligani kimlar tark etadi?
- Pastki o‘rinlarda kurashayotgan jamoalarning muxlislariga achinaman. Masalan, “Andijon” ishqibozlarini doim hurmat qilaman. U erda o‘zim ham ishlaganman. Andijonlik muxlislar o‘z jamoasi uchun ajoyib muhit yaratishadi. Ularga omad tilayman. “Turon”ga ham befarq emasman. Klub rahbarlari katta hajmdagi ishlarni bajarishdi. Kimnidir tushib ketsin yoki qolsin degan fikrni bildirmayman. Mavsum oxirigacha “Andijon”, “Turon”, “Surxon”, “Metallurg” jamoalari Superligada qolish uchun kurashishadi va bunda katta intriga kutib turibdi. Har bir klubga esa omad tilab qolaman.
Fikrlar