
Assalom, mundial!
Futbol shunday sport turiki, unga qiziqmaydiganlar ham bir bor razm solib qo‘yadi. Yakunda o‘zlari millionlar o‘yinining ashaddiy ishqiboziga aylanadi. Chunki futbol insonlarni o‘ziga rom etadi. Ko‘pchilik 22 ta futbolchining bitta to‘p ortidan quvishini ermak qiladi. Lekin ana shu to‘p ko‘p narsani hal etadi. Futbol bo‘yicha jahon chempionati auditoriyasiga olimpiyada o‘yinlari tashkilotchilari ham havas bilan qarashadi. Chunki futbolga turli qit’aning istalgan eridan muxlislar topiladi.
Bugun 4 yil orziqib kutilgan jahon chempionati start oladi. Barchaning e’tibori Rossiya maydonlariga qaratiladi. Dunyoning eng sara 32 terma jamoasi o‘zaro bellashadi. Afsuski, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bu galgi mundialdan ham quruq qoldi. O‘zbekistonlik ishqibozlar yana o‘z suyuklilarini boshqa davlatlardan qidirishadi. Yana JCh boshlanishidan oldin afsuski degan so‘zni ishlatmoqdamiz, afsus. Lekin O‘FAning yangi rahbarlari jahon chempionati oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun kichik mundialni tashkil qilib berdi. Marokash, Senegal va Urugvay jamoalari JCh-2018 ishtirokchilari hisoblanadi. Shunisiga ham shukr. Ochig‘i, terma jamoamiz Rossiyaga borganda ham guruhdan nariga o‘tishi ancha qiyin masala edi...
Rossiya federatsiyasi mundialga katta tayyorgarlik ko‘rdi. Bir biridan ajoyib stadionlardan tortib, muxlislarga qulayliklar muhayyo etdi. Endi tomoshabinlar miriqib uchrashuvlarni kuzatishlari, jamoalar esa chiroyli o‘yin nayish etishsa bo‘lgani. Bir so‘z bilan aytganda, biz sog‘ingan, barchani birdek hayojonda ushlab turadigan, bir oy boshqa sport turlariga va seriallarga o‘rin qoldirmaydigan katta futbol bayrami boshlanmoqda. Superligamizda tanaffus. Shunday ekan, siz-u biz jahon chempionatidan lazzatlanaylik, azizlar!
Bekzod ISAEV
Fikrlar