
Fayzullaevga yangi mavsum uchun ikkita variant “taklif” qilishdi!
Rossiya chempionati sovrindori va mamlakat kubogi sohibi – TsSKA kutilmaganda bosh murabbiyni o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi. Jamoa o‘yini va natijalarida o‘zgarish yasay olgan serbiyalik murabbiy Marko Nikolich Gretsiyaga yo‘l oldi.
Moskva klubi tezkor ravishda uning o‘rniga shveytsariyalik Fabio Chelestinini olib keldi. Endi bu mutaxassis jamoani o‘ziga moslashtirishga harakat qiladi. Bu jarayonda Abbosbek Fayzullaev yana yangi sinovlardan o‘tishiga to‘g‘ri keladi.
Rossiya futbol jamoatchiligi, ekspertlar, jurnalistlar yangi ustoz qo‘l ostida “armiyachilar” o‘yini qanday bo‘lishini tahlil va taxmin qilmoqda. Bu bevosita O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaevning faoliyatiga ham ta’sir o‘tkazishini inobatga olib, sports.uz portali ushbu tahliliy materiallarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
- TsSKAning shveytsariyalik murabbiyi asosan 4-3-3 va 4-2-3-1 o‘yin sxemalaridan foydalanadi. Shu bois, Fabio Chelestini oldingi chiziqqa yangi o‘yinchilarni olib kelishni so‘rayapti. Chunki yakunlangan mavsumda Seku Koyta, Tamerlan Musaev, Allerandro va Saul Guarirapa kutilgan samaradorlikni namoyish qila olmadi. “Armiyachilar” hujumga “Axmat”dan chempionatning eng zo‘r dribling ustusi Lechi Sadulaevni olib keladigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, Chelestini Braziliyaning “San-Paulu” klubidan 20 yoshli Mateus Alvesni olib kelmoqchi. Bu futbolchi Neymarga o‘xshab o‘ynaydi. Juda ko‘p tavakkal qilishi tufayli murabbiylar tomonidan tanqid qilinadi. Biroq Fabio Chelestini uni TsSKAga olib kelib, erkin o‘ynashi uchun imkoniyat yaratib bermoqchi.
TsSKA mutasaddilari Mateus Alvesning hech kim payqamagan qirralarini kashf qilmoqchi. “Armiyachilar” xuddi shu ishni Abbosbek Fayzullaevga ham qo‘llagan. Evropaning eng kuchli ligalaridagi katta klublarning eng zo‘r skautlari ham o‘zbk futbolchisining noyob iqtidorini o‘z vaqtida ko‘ra olmagan. TsSKA braziliyalik o‘yinchi borasida ham Fayzullaevni transfer qilgandek tavakkalga qo‘l urmoqchi.
Transferlar uchun klubga pul kerak. Jamoaning tajribali o‘yinchilaridan Miralem Pyanich va Rifat Jemaletdinov ketdi. Ularning o‘rnini yangi keladigan Sadulaev va Alvesga berishni mo‘ljallashmoqda.
Agar O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinchisi Abbosbek Fayzullaev ham shu yozning o‘zida Moskvani tark etadigan bo‘lsa, uning o‘rniga ham futbolchi topish zarurati tug‘iladi.
O‘zbekiston ilk bor jahon chempionatiga chiqdi. Fayzullaev ana shu terma jamoaning eng asosiy talantlaridan biri. Bir yil avval unga jiddiy klublar, xususan, “Bavariya” ham qiziqish bildirgan edi. Biroq qishda TsSKA o‘yin sxemasini o‘zgartirganida aynan Abbos zarar ko‘rdi. Marko Nikolich shunday sxema qo‘lladiki, unda Abbosning o‘yini pasaydi, aksincha boshqa futbolchilar o‘zini ko‘rsata oldi.
Endi Fayzullaev oldida ikkita variant turibdi. Birinchi holatda, yangi murabbiy Chelestini Abbosga ishonch bildirib, unga o‘zi qo‘llaydigan o‘yin sxemalarida futbolchiga o‘ynash qulay bo‘lgan pozitsya va muhim rollardan birini berishi kerak. Ikkinchi vaziyatda esa, iste’dodli yosh futbolchi xorij klublari bilan muzokaralarni kuchaytiradi.
Jurnalistlar klub vakillaridan transfer rejalari haqida so‘raganida, mutasaddilar “ayni paytda bunaqa tashabbus yo‘q” qabilida mavhum javob beradi. Turkiyaning “Bashakshehir” klubi ham Abbosbek Fayzullaev va “Lokomotiv” futbolchisi Barinov transferi bo‘yicha muzokaralar haqidagi savollarga shunday javob qaytardi. Ular hozircha bunday tashabbus yo‘q, deb turib, ikki haftadan keyin Moskvadan kelgan ikki o‘yinchining taqdimotini o‘tkazishi ham mumkin. Nima bo‘lganda ham, transfer haqida gap chiqa boshlagani Fayzullaevning agentlari bu yo‘nalishda ishlayotganidan dalolat beradi, - deb yozmoqda soccer.ru sayti eksperti Roman Novikov.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullaev 2023 yilning avgustida “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tgan edi. 21 yoshli hujumkor futbolchimiz hozirga qadar “armiyachilar” safida barcha turnirlarda 71 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini sakkiz marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga 22 ta golli pas uzatgan.
Transfermarkt portali tomonidan 8 million evroga baholanayotgan Fayzullaevning Moskva klubi bilan tuzgan shartnomasi 2026 yilning 30 iyuniga qadar davom etadi.
Fikrlar
узинглар уйлаб топиб таклифларни хаёлан бердинглар-ми?