“Barselona” yangi mavsumda qay ko‘rinish hosil qiladi?

  • 18 avgust, 2018, 17:50
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kataloniyaliklar o‘tgan mavsumda La Ligani yuqori kayfiyatda o‘tkazgan edi, biroq ushbu yozda tarkibni sezilarli kuchaytirib olgach, bu ishini Evropada ham davom ettirishi mumkin.

Tecno

Tarkibni kuchaytirib olgach, “Barselona” azaliy raqibi “Real”, “Atletiko” va boshqa da’vogarlarga La Liga tojini bermasligi ehtimoli yuqori.

25 bor La Liga va 30 bor Qirol Kubogini o‘ziniki qilib olgach, “ko‘k-anorranglilar” o‘tgan mavsumda 36 o‘yinda engilmas jamoa bo‘lib keldi.

Biroq ular Chempionlar Ligasining chorak finalida kutilmaganda “Roma”dan mag‘lubiyatga uchradi. Dastlabki o‘yinni o‘z uyida yirik g‘alaba bilan boshlagan Valverde shogirdlari Rimdan yirik mag‘lubiyat bilan qaytib keldi.

Evropaning nufuzli sovrini Kataloniya giganti uchun asosiy nishon hisoblanadi. Valverde o‘zining ikkinchi mavsumida barcha frontlarda yuqori natijalar ko‘rsatishiga umid qilinmoqda. Ayniqsa tarkib kuchliligini inobatga olsak bu haqiqatga aylanishi mumkin.

Demak, kataloniyaliklar yangi mavsumda quyidagicha ko‘rinish hosil qilishi mumkin:

Darvozabonlar:

Mark-Andre Ter Shtegen so‘zsiz “Barsa”ning asosiy darvozaboni bo‘ladi. Nemis yulduzi jamoaning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Uning ortdan turib aniq uzatmalar oshirishi, ajoyib seyvlar amalga oshirishi bilan “Barselona”ning uslubiga juda mos tushadi.

Unga o‘rinbosar sifatida Yasper Silessen bo‘lishi aniqroq. Boisi Valverde uni qo‘yib yubormoqchi emas. Gollandiyalik darvozabon esa doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni istamoqda. Biroq uning vaqti asosan Qirol Kubogi bilan chegaralanib qolmoqda.

Himoyachilar:

O‘tgan mavsumda ikkinchi eng kuchli himoya chizig‘i bo‘lgan “Barselona” bu borada faqatgina “Atletiko”dan ortda qolgan. Bu yozda “Sevilya”dan kelib qo‘shilgan Kleman Langle asosiy tarkib himoyachilari – Jerar Pike va Samyuel Umtitiga raqobatchilik qilishi kutilmoqda.

Qanotlarda esa Jordi Alba o‘z o‘rnini hech kimga bermaydi. Boz ustiga uning asosiy raqobatchisi Lyuka Din “Everton” futbolchisiga aylandi.

Qarama-qarshi tomonda esa vitse-kapitanga aylangan Serxi Roberto va Nelson Semedu asosiy tarkib uchun jiddiy kurash olib boradi.

Yarim himoyachilar:

Ushbu chiziqda klub afsonasi Andres Inesta va Paulino tark etganiga qaramay, ularning o‘rniga Artur va Arturo Vidallar olib kelindi. Valverdening yarim himoyadagi variantlari soni yanada ortdi. Arturni jamoaning boshqa bir afsonasi Xaviga qiyoslashmoqda, chililik futbolchi esa o‘z tengdoshlari orasida eng kuchlilaridan biri. Biroq jarohatlar sabab so‘nggi yillarda “Bavariya”dagi o‘z o‘rnini yo‘qotib qo‘ydi.

Yarim himoya direktori Serxio Buskets navbatdagi mavsum uchun butun mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oladi. Ivan Rakitich esa asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotmasligi uchun ancha ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi. Chunki unga Filipe Koutino, Denis Suares, kamiga Artur va Vidallar ko‘z tikib turibdi. Valverde esa aftidan bunday tarkib bilan yana 4-3-3 o‘yin tizimiga qaytishi kutilmoqda. Shu sababli ushbu chiziqdagi vaziyatni kuzatish ancha qiziqarli kechadi.

Hujumchilar:

Alishtirib bo‘lmas Lionel Messi yosh masalasi unga to‘siq bo‘lmasligini isbotlashda davom etishga urinib ko‘radi. “Kamp Nou”dagi debyut mavsumi jarohatlar bilan kechgan Usmon Dembele Frantsiya bilan Mundialni yutgach o‘ziga bo‘lgan ishonch ortgani tabiiy. Uning Ispaniya Superkubogi uchun bahsda “Sevilya”ga urgan goli tahsinga sazovor.

Messi va Dembele bilan birga Luis Suares ham hujumdan joy olishi aniq. O‘tgan yilda uning o‘yinidagi pasayish ancha sezilarli bo‘lgan bo‘lsa, urugvaylik hujumchi bu mavsumda qanday qilib sport formasini tiklab olishini kuzatish maroqli bo‘ladi.

Agarda yuqorida tilga olingan hujum uchligi ba’zi sabablarga ko‘ra maydonda bo‘lmasa ularning o‘rnini Rafinya, Suares va yangi a’zo Malkomlar to‘ldirishga urinib ko‘radi. Koutino ham yana bir variant bo‘lishi mumkin.

Agarda transfer oynasi yopilguniga qadar klubni tark etishmasa, Pako Alkaser va iqtidorli Munirlar ham asosiy tarkib hujumchilariga raqobatchilik qilishadi.

“Barselona”ning asosiy tarkibi qanday ko‘rinish hosil qiladi?

Maydonning har bir chizig‘ida, ayniqsa yarim himoyadagi variantlarning ko‘pligi Valverde uchun haqiqiy bosh og‘rig‘i bo‘lishi tabiiy.

Raqibning va o‘yinning ahamiyatiga qarab bosh murabbiyda bir necha kombinatsiyalarni ishlatish imkoniyati mavjud. O‘tgan mavsumda Valverdeni 4-4-2 o‘yin tizimidan foydalangani uchun tanqid qilishdi. Biroq bu mavsumda u hujumkorlikni tanlashi va klub uchun an’anaviy 4-3-3 o‘yin sxemasiga qaytishi mumkin. Valverde shuningdek, 4-2-3-1 o‘yin tizimini ham qo‘llashi mumkin. Bunda Buskets va Rakitich tayanch yarim himoyasida o‘ynaydi. Messi esa “aldamchi o‘nlik” vazifasini bajarsa, Koutino va Dembele Suaresni qanotlardan qo‘llab turishadi.

Yana bir e’tiborga molik jihat bu o‘ng qanot himoyasidagi raqobat. Serxi Roberto va Semedu muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun jangga shay turishibdi.

Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!