
Bekobodda mavsum tayyorgarligi qizg‘in kechmoqda
Jamoa a’zolari Qibray o‘quv mashg‘ulot maskanida shug‘ullanishayotgan bo‘lishsa, Bekobodda “Metallurg” markaziy stadionini mavsumga hozirlash ishlari avj pallasiga kirdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Stadionning maydonini risoladagidek holatga keltirish mas’uliyatini poytaxtlik mutaxassislar o‘z zimmalariga olishgan. Denis An boshchiligidagi ishchi guruhi ayni paytda maydonga tuproq yotqizish ishlarini yakunlab, sug‘orish tizimini zamonaviylashtirish ishlarini boshlab yuborishdi. Shuning barobarida mutaxassislar drenaj jarayoni sifatini oshirishni ham unutishayotgani yo‘q.
Bekobod o‘zining noqulay iqlimi – kuchli shamollari bilan mashhur. Afsuski, tabiatning bu injikligi “Metallurg” stadioni ishchi xizmatchilariga ham qiyinchilik tug‘dirib keladi. O‘tgan mavsum o‘rtalarida stadionning yoritg‘ich tizimi yangilangandi. Yangi mavsum arafasida bu moslamalarni yana qaytadan ko‘zdan kechirib chiqish, o‘rnida qo‘zg‘algan projektor chiroqlarini qayta mustahkamlash, ularning nastroykasini maydonga to‘g‘rilash kerak bo‘ladi. Ayni paytda “O‘zmetkombinat” elektr montaj boshqarmasi mutaxassislari bilan hamkorlikda stadionning mazkur yo‘nalishdagi kamchiliklari ham bartaraf etilishi ko‘zda tutilgan.
Ilgari xabar berganimizdek, Bekobod shahrining Sirdaryo ko‘chasi hududidan “Metallurg” futbol akademiyasini qurish uchun er ajratilgandi. Muassis tashkilot boshqarmasi qurilish ishlari loyihasini tasdiqlab bergach, akademiyani barpo etish ishlari ham boshlab yuborildi. Xususan, futbol maydonlari uchun er hududi tekislanayapti. Akademiya tarbiyalanuvchilari uchun yotoqxonani ta’mirlash ishlari ham qizg‘in davom etmoqda. O‘zbekiston metallurgiya kombinatiga qarashli profilaktoriya yotoqxonaga moslashtirilayapti va bu maskanda joriy va kapital remont ishlari boshlab yuborildi.
Fikrlar