O'zbekistonning mag'lubiyatdan keyingi ishi meksikaliklarni hayratga soldi

  • 18.06.2026 18:32
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatidagi ilk o‘yinidan so‘ng nafaqat maydondagi o‘yini, balki madaniyati bilan ham e’tibor qozondi. Mexikoda Kolumbiyaga qarshi kechgan bahsdan keyin futbolchilar o‘zlariga biriktirilgan kiyinish xonasini to‘liq tartibga keltirib, minnatdorlik izhor etilgan yozuv qoldirishdi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiya telegram-kanalida ma’lum qilinishicha, terma jamoa a’zolari kiyinish xonasidagi doskaga ispancha va o‘zbekcha tillarda quyidagi so‘zlarni yozib qoldirgan:

"Katta rahmat, Meksika! Jahon chempionatida omad tilaymiz. Rahmat".

Shuningdek, xabarda ta’kidlanishicha, jamoa Mexikodagi mashhur "Atsteka" stadioniga alohida minnatdorlik bildirgan:

"Jahon chempionatidagi birinchi o‘yinimizga mezbonlik qilgani uchun Meksikaga va afsonaviy “Atsteka” stadioniga minnatdorlik bildiramiz», — deyiladi O‘zbekiston futbol assotsiatsiya xabarida.

Eslatib o‘tamiz, chorshanba kuni O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatida debut o‘yinini o‘tkazdi. Mexikoda bo‘lib o‘tgan "K" guruhi uchrashuvida Fabio Kannavaro shogirdlari Kolumbiyaga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lishdi.

O‘zbekistonning yagona golini 60-daqiqada Abbosbek Fayzullaev urdi. Kolumbiya tarkibida esa 40-daqiqada Daniel Munyos (Luis Diasning uzatmasi), 65-daqiqada Luis Dias (Gustavo Puerta uzatmasi) va asosiy vaqtning so‘nggi daqiqalarida Xaminton Kampas (Xuan Ernandes uzatmasi) gol muallifi bo‘ldi.

O‘zbekiston jahon chempionatidagi ishtirokini davom ettirib, guruh bosqichida yana Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!