Besh nafar bokschimiz ishtirokidagi bugungi janglar vaqti ma’lum
Bugun Boks bo‘yicha Osiyo chempionatining final bahslariga start beriladi. Shu bilan birgalikda chorak finalda mag‘lub bo‘lgan bokschilar o‘rtasida Germaniyada o‘tadigan Jahon chempionatga ikkita qo‘shimcha yo‘llanma uchun ham janglar tashkil etiladi.
Bugungi dasturlarda Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining 5 nafar a’zosi ringga ko‘tariladi. Dastlab, 56 kg vazn toifasida Murodjon Ahmadaliev oltin medal uchun xitoylik Jyavey Jang bilan bellashsa, Elnur Abduraimov 60 kg vazn toifasida hindistonlik Shiva Tapa bilan kuch sinashadi. Kunduzgi dasturni Janubiy Koreya vakili Dong Yun Li hamda hamyurtimiz Isroil Madrimov (75 kg) o‘rtasidagi bahs yakunlab beradi.
Kechki dasturlar davomida o‘zining dahshatli zarbalari bilan har bir raqibni qiyin ahvolga solib qo‘ya oladigan Bektemir Meliqo‘ziev 81 kg vazn toifasida qozog‘istonlik bokschi Erik Aljanovni sinovdan o‘tkazadi. Ushbu jangdan so‘ng, chorak finalda Qozog‘iston terma jamoasi vakili Vasiliy Levitga imkoniyatni boy bergan bokschimiz Sanjar Tursunov Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi. Sanjar Tursunov shu yil Germaniyada bo‘lib o‘tadigan Boks bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritish uchun eronlik Salar G‘olamiyni mag‘lub etishi kerak bo‘ladi.
Terma jamoamiz vakillari bugungi dasturlar davomida quyidagi vaqtlarda jang olib borishadi.
Final (56 kg). Boshlanish vaqti: 14:30
Murodjon Ahmadaliev (O‘zbekiston) - Jyavey Jang (Xitoy)
Final (60 kg). Boshlanish vaqti: 15:15
Elnur Abduraimov (O‘zbekiston) - Shiva Tapa (Hindiston)
Final (75 kg). Boshlanish vaqti: 16:00
Isroil Madrimov (O‘zbekiston) - Dong Yun Li (Janubiy Koreya)
Final (81 kg). Boshlanish vaqti: 18:30
Bektemir Meliqo‘ziev (O‘zbekiston) – Erik Aljanov (Qozog‘iston)
JCh Yo‘llanmasi uchun jang (91 kg). Boshlanish vaqti: 18:45
Sanjar Tursunov (O‘zbekiston) - Salar G‘olamiy (Eron)
Janglarning boshlanish vaqti undan avval o‘tkaziladigan janglarning davomiyligiga qarab o‘zgarishi mumkin*

Fikrlar