Futzal: Osiyo chempionati haqida ma’lumotlar
Avval xabar berganimizdek bugun Xitoy Taypeyda futzal bo‘yicha navbatdagi Osiyo chempionati boshlanadi. Bahodir Ahmedov boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi ilk bahsda Janubiy Koreya termasiga qarshi maydonga tushadi.
O‘FA rasmiy sayti Osiyo chempionatiga oid bir qator qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etdi. Quyida ular bilan tanishib chiqishingiz mumkin.
Qit’a chempionatida hali oltin medal sohibi bo‘lganimizcha yo‘q, ammo sovrinlarning oltindan keyingi darajasini bir necha marta qo‘lga kiritishga ulgurdik. Bir necha yillik urinishlardan so‘ng nihoyat 2016 yili Kolumbiyada o‘tkazilgan Jahon chempionatida ham ishtirok etdik. Ungacha qit’a chempionatining u yoki bu doirasida etakchilardan ekanligimizdan faxrlanamiz. Aytaylik, Osiyo chempionatiga mezmonlik qilishda biz birinchimiz.
2006, 2010 va 2016 yillar mehmonlarni poytaxtimizda kutib oldik. Vaholanki, qit’a futzalining karvonboshisi hisoblangan Eron ham ikki marotaba mezbonlik qilgan. Tailand va Vetnam hisobida ham ikkitadan mezbonlik bor. Osiyoda bu borada Erondan keyingi o‘rinda turuvchi Yaponiya esa terma jamoalarga bor-yo‘g‘i bir marotaba “uy to‘risidan” joy bergan.
Qit’a chempionatlarida eng ko‘p ishtirok etgan futbolchilar borasida ham yuzimiz yorug‘ – eronlik Vohid Shamsai, qirg‘izistonlik Nurjan Jetibaev kabi hamyurtlarimiz Bahodir Ahmedov va Rustam Umarov ham o‘n bitta mavsumda maydonda to‘p surib, bu borada rekordchilar orasidan joy olgan.
Uchlik ichida Ahmedov va Shamsai allaqachon futbolchilik faoliyatini yakunlashdi, ammo yoshi 37ga yaqinlashgan Nurjan Jetibaev 2016 yili Toshkentda o‘tgan qit’a chempionatida zaxiradan bo‘lsa-da bir-ikki bor maydonga tushib, rasmiy ravishda bu borada rekord natijaga erishib oldi. Uning hisobida 12 ta Osiyo chempionati ishtiroki bo‘lib, hozircha yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Nurjan ayni paytda Qirg‘iziston terma jamoasiga ustozlik qilyapti, uning salkam 40 yoshda bu yil maydonga tushish imkoniyati deyarli qolmagan.
Bizda esa uni quvib etadigan, hatto undan ham o‘tadigan o‘yinchi bor – Rustam Umarov. Rustam bu yil ham termamizning asosiy darvozaboni sifatida safarga otlangan, uning yana ikki yildan keyin ham formasini yo‘qotmasligiga va bu boradagi qit’a rekordini (balki Jahonda hamdir) o‘rnatishiga ishonchimiz komil.
• Osiyo chempionatida Eron termasi eng ko‘p oltin medal sohibi – 11 marta, Yaponiya esa uch bor g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
• Eng ko‘p kumush medalga Yaponiya sazovor bo‘lgan – 5 marotaba, bu borada ikkinchi o‘rin o‘zbekistonliklarga tegishli – 4 marta, Tailand termasi esa ikki bor ikkinchi bo‘lgan, Eron, J.Koreya va Qozog‘iston termalari bir marotabadan kumush medal bilan taqdirlangan.
• Bronza medalini eng ko‘p qo‘lga kiritgan terma Tailand – 5 marta, o‘zbekistonliklar bu borada ham ikkinchi o‘rinda – uchta bronza medal, Eron va Yaponiyada ikkitadan, J.Koreya, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda bittadan bronza medal.
• Osiyo chempionatining barcha mavsumlarida qatnashish beshta termaga nasib etib turibdi – Eron, Yaponiya, Tailand, O‘zbekiston va Qirg‘iziston. J.Koreya termasining ishtiroki 12ta (2006 va 2016 yillarda qatnashmagan), Kuvayt, Malayziya, Xitoy, Xitoy Taypeyida 11 tadan, Iroq va Livanda 10ta.
• Bu gal qit’a chempionatida ilk bor ishtirok etayotgan jamoa yo‘q. Bahrayn (2002), Bruney (2002), Kamboja (2004), Butan (2005), BAA (2012), S.Arabistoni (2016) va Iordaniya (2016) termalari bor-yo‘g‘i bir marotabadan qatnashgan.
• Eng yirik natijalar: Tailand – Maldiv – 25:0 (2005), Eron – Butan – 27:2 (2005), Xitoy – Guam – 27:1 (2004), Eron – Singapur – 28:0 (2001), Eron – Singapur – 36:0 (1999).

Fikrlar