
Hasanboy Do‘smatov WSB musobaqasidagi 13-g‘alabasini qo‘lga kiritdi
Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi – AIBA shafe’ligida tashkil etilgan The World Series Boxing (WSB) - Butunjahon boks seriyalari VII mavsum navbatdagi jangida “Uzbek Tigers” a’zolari "Astana Arlans" bokschilariga qarshi ringga ko‘tarilishdi.
Mazkur janglarni eng engil vazn toifasida bokschilar tugatib berishdi. Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov Temirtas Jusupov bilan kuch sinashdi.
Qiziqarli kechgan bellashuvda Hasanboy barcha raundlarni o‘z foydasiga hal qilib, zafar quchdi va yakuniy natijani o‘rnatdi. 4:1.
Shunday qilib, Hasanboy ushbu musobaqada jami 13 jang o‘tkazib, ularning barchasinida zafar quchishga erishgan.
Avvalroq Elnur Abduraimov, Abdulhay Shorahmatov va Isroil Madrimov g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, Zuhriddin Mahkamov imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Shunday qilib, "Uzbek Tigers" "Astana Arlans"ni 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Fikrlar