
Jamshid Iskanderov: Arveladzening menga e’tibori o‘zgarib qolgandi
Jamshid Iskanderov «Paxtakor»ni tark etib «Lokomotiv» a’zosiga aylanganidan xabaringiz bor. Shu bois «Lokomotiv» klubining matbuot xizmatiga Iskanderov bilan suhbatlashish niyatim borligini aytdim va ular taklifimga ijobiy javob bildirgan holda futbolchi bilan suhbat tashkillashtirshga yaqindan yordam berdilar. O‘z navbatida Jamshid ham bu suhbatga rozi bo‘ldi. Aytish mumkin, futbolchi nima uchun «Paxtakor»dan ketganini, Shota Arveladzening unga nega imkoniyat bermaganini, «Loko»ni tanlaganining sababi, xullas, jonli suhbatda ancha-muncha gaplar aytildi.
«PAXTAKOR» MENGA YaNGI ShARTNOMA TAKLIF QILMADI»
- Jamshid, avvalo «Lokomotiv» klubiga ko‘chib o‘tishingizga nima turtki bo‘lgani haqida gapirib bersangiz?
- «Paxtakor» bilan shartnomam tugagandi. Bu orada esa menga «Lokomotiv»dan taklif tushdi. Natijada ularning taklifini ko‘rib chiqqanimdan keyin klub bilan o‘zaro kelishuvga erishdik. «Lokomotiv»ga yaxshi niyatlar bilan kelganman. Bu erda o‘zimni ko‘rsatib, yana milliy terma jamoa safida o‘ynash istagidaman. «Lokomotiv» bilan Osiyo Chempionlar ligasida ham munosib ishtirok etmoqchiman.
- Demak, «Lokomotiv»ga o‘tish orqali yana yangi marralarni zabt etmoqchimisiz?
- Albatta. Men ham chiroyli o‘yinlar ko‘rsatib, muxlislarni xursand qilgim keladi. Xalqaro maydonlarda esa O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishni istayman. Xullas, shunday orzu niyatlar bilan «Lokomotiv»ga keldim.
- Orzu maqsadlaringiz «Paxtakor»da qanchalik amalga oshdi deb o‘ylaysiz?
- Baribir «Paxtakor» yuragimizda har doim qoladi. Chunki shu klubda ulg‘ayib katta futbolga qadam bosganmiz. Shu sababli har doim bu jamoaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. «Paxtakor» ota-bobolarimiz muxlislik qilgan jamoa. O‘zbekistonning yuzi va hamma biladigan birinchi raqamli jamoasi desa ham bo‘ladi. Men ham o‘z vaqtida ushbu klubda to‘p surishimni va 10-raqam ostida o‘ynashimni o‘ylamaganman. Shunchaki, «Paxtakor» libosida maydonga tushish orzularimdan biri bo‘lgan. U erda o‘ynaganim uchun Xudoga shukr qilaman. O‘zbekiston chempionligiga ham erishdik va yana boshqa yutuqlarni qo‘lga kiritdik. Balki yana qachondir «Paxtakor»ga qaytish nasib qilar. Mening u erdan ketishimni muxlislar har xil tushunishlari mumkin. Qo‘pol qilib aytganda, meni ketganim uchun haqorat qilishlari ham mumkin. Lekin har bir odamning o‘z hayoti bor. Peshonasiga yozganidan qutula olmaydi. Mana, «Lokomotiv» a’zosiga aylanish peshonamga yozilgan ekan, shu narsa sodir bo‘ldi. Vaholanki, men ham temiryo‘lchilar jamoasiga o‘tishimni bilmasdim. «Loko» O‘zbekistonda oxirgi uch yildan beri chempion bo‘lib kelyapti. Menga shunday jamoadan yaxshi taklif bo‘lganidan so‘ng nega rad etishim kerak? «Paxtakor»da esa qandaydir tushunmovchiliklar bo‘ldi va menga imkoniyat berishmadi. Meni ham maydonda maza qilib o‘ynagim va muxlislarni xursand qilgim keladi. O‘z kuchimni «Lokomotiv»da sinab ko‘rish uchun ularning taklifini qabul qildim. Lekin menga ishongan va qo‘llab-quvvatlaydigan muxlislar ham bor, bunga ishonaman. Menga ishonayotgan odamlarning ishonchini suiste’mol qilib qo‘ymayman.
- «Paxtakor» va Shota Arveladze sizning ketishingizga qanday reaktsiya bildirishdi?
- Shartnomam tugaganidan keyin menga hech kim hech nima degani yo‘q.
- Lekin siz klubning yangi shartnoma taklif qilishini kutgandingiz-a?
- «Paxtakor»dan shartnoma taklif qilishlarini kim kutmaydi? Boya aytdim-ku, men o‘sha erda katta bo‘ldim. «Paxtakor»dagi birorta futbolchidan kam joyim yo‘q. To‘g‘ri, qachondir boshqa joyga ketib o‘zimni sinab ko‘rish istagim bor edi. Shunchaki, «Paxtakor»ning nomiga bo‘lsa ham taklif bildirishini kutdim. Lekin nima ham qilardim? Ularga omad tilayman.
«AL GARAFA»GA YuTQAZGAN O‘YINDA MENI AYBDOR QILIShDI»
- Shota Arveladze ayrim futbolchilar men kutgan darajadagi o‘yinni ko‘rsata olishmadi deya sizni ham aytib o‘tgandi. Uning bu gapiga qanday munosabat bildirasiz?
- To‘g‘risini aytaymi? 2018 yilning boshida Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichida Qatarda «Al Garafa» bilan o‘ynagandik. O‘sha o‘yin bizning ilk rasmiy o‘yinimiz bo‘lgani uchunmi yutqazib qo‘ydik. Lekin o‘sha uchrashuvdagi mag‘lubiyatda meni aybdor qilib ko‘rsatishdi.
- Kim?
- Shota Arveladze meni aybdor deb biladi. Darvozamizga kiritilgan birinchi yoki ikkinchi goldan avval men to‘pni sherigimga uzataman deb yuqoriga ko‘targandim. Keyin esa to‘pni raqib egallab olib hujumga o‘tgandi va natijada Marko Simich penalti bo‘lishiga sababchi bo‘lgandi. Shu bois o‘sha o‘yinda meni mag‘lubiyat uchun aybdor qilishdi. To‘g‘ri, men xato qilgandirman, buni tan olaman. Lekin muxlislar mag‘lubiyatning sababini bilishni talab qilishganida bosh murabbiy Jamshid o‘sha o‘yinda xatoga yo‘l qo‘ydi deb aytgan. Lekin bu – futbol-ku, axir hayotda ham istalgan odam xato qilishi mumkin-ku. Xullas, o‘sha uchrashuvdagi birgina xato bilan ularning ko‘ziga yomon ko‘rinib qoldim. Balki «Paxtakor»ning ichki muhitida kimdir meni yomonlab yurdimi, bilmadim. Har xolda o‘shandan so‘ng menga bo‘lgan e’tiborlari umuman o‘zgarib ketdi. Chempionatning ilk turida «So‘g‘diyona»ga qarshi o‘ynagandik va birinchi bo‘limdan so‘ng meni almashtirib yubordi. O‘sha bellashuvdan keyin ham menga deyarli imkoniyat berilmadi. Maydonga tushgan kam sonli o‘yinlarda ham 10-15 daqiqa to‘p surdim xolos. Men esa tezroq asosiy tarkibga kirib olish uchun harakat qilayotgandim.
- Bundan chiqdi, Arveladze sizga nisbatan gina saqlab yurganmi?
- To‘g‘risi, «Paxtakor»da o‘ynayotgan boshqa futbolchilar ham xato qilishadi. Ammo keyingi o‘yinda yana ularni maydonga tushiraveradi. Men bilan esa bunday bo‘lmadi. Masalan, o‘tgan yili chempion bo‘la olmadik, Kubok esa qo‘ldan boy berildi. Bunga kim aybdor? Natijaga kim javob beradi?
«NATIJAGA KIM JAVOB BERADI?»
- Sizga imkoniyat berilmayotgani uchun ham o‘tgan yili yozda klubdan ketmoqchi edigiz-a?
- Ha, ketmoqchi edim. Rahbarlarning oldiga kirib meni qo‘yib yuboringlar deganman, ammo rozi bo‘lishmagan.
- Shundan keyin ham qolib afsuslanib qolmadingizmi?
- Nima ham derdim? Bo‘lar ish bo‘lib o‘tgandi, hayotimni davom ettiraveraman.
- O‘shanda sizga Erondan yaxshi taklif bo‘lganmidi?
- Ha, Erondan 100 foiz aniq taklif bor edi. Menimcha, har bir futbolchi Evropada yoki Osiyoning eng kuchli klublarida to‘p surishni orzu qiladi va menda ham shunaqa.
- «Paxtakor»ning ashaddiy raqibi hisoblangan «Lokomotiv»ga o‘tishingiz orqali sobiq jamoangizga nimanidir isbotlamoqchimisiz?
- «Lokomotiv»ga o‘tgan bo‘lsam-da, «Paxtakor» yoki boshqasiga nimanidir isbotlayman degan xayol yo‘q. Men faqat o‘zim uchun hali ham zo‘r formaga kirib o‘ynay olishimni isbotlashim kerak. Yana bir bor muxlislarning mehrini qozonmoqchiman. Men o‘z yo‘limda ketaveraman.
- Yurtimizda bir yarim yildan beri ishlab hali sovrin yuta olmagan Shota Arveladezga qanday ta’rif berasiz?
- Birovni orqasidan yomonlab gapirishni xohlamayman. Shunday odamlar borki, ketganidan keyin albatta yomonlashadi. Hech kimni tanqid qilish niyatim yo‘q. «Paxtakor» doimgidek o‘zi xohlagan futbolchilarni olyapti. Mana, o‘zingiz aytganingizdek, Arveladze yurtimizda bir yarim yildan beri ishlayapti. Ammo hali hech nima yutgani yo‘q. Agarda uning o‘rnida boshqa o‘zbek murabbiyi bo‘lganida allaqachon ishdan ketgan bo‘lardi deb o‘ylayman. Chempion bo‘la olmadik, Kubokni yuta olmadik, men yoki boshqa bir o‘yinchi aybdor bo‘lgan ekan, ammo umumiy ma’noda natijaga kim javob beradi? Bundan o‘zingiz xulosa chiqarib olavering. Arveladze ish boshlaganida muxlislarga uch yil davomida zo‘r jamoani shakllantiraman degan. Lekin uning o‘rnida boshqa o‘zbek murabbiyi ham bunday sharoitda zo‘r jamoani shakllantirib, O‘zbekiston chempioni yoki Kubok sohibi qila oladi. Ammo bu pullar va bunday o‘yinchilar bilan Arveladze ham bir kun kelib baribir sovrin yutadi. Chunki «Paxtakor» bundan oldin ham chempion bo‘lgan va keyinchalik ham bo‘ladi.
«PAXTAKOR»DA MUHIT YaXShI EMASDI»
- Shota Yustinovich «Paxtakor»ga bosh murabbiy etib tayinlanganida sizning yanada yangi qirralaringizni ochadi deb o‘ylagandik…
- Shu gapingizga qo‘shimcha qilib men ham to‘g‘risini aytaymi? O‘shanda klub bilan shartnomam tugagandi. «Paxtakor» esa menga zo‘r shartnoma taklif qilgan. O‘sha paytda chetga chiqib ketish uchun ham variantlarim bor edi. Ammo ota-onam ham birinchi navbatda «Paxtakor»ni yaxshi ko‘rishadi. Sharoitlar yanada yaxshilangan paytda yana bir yil o‘zimni sinab, yangi darajaga olib chiqmoqchi bo‘ldim. Chunki murabbiy o‘zgardi, imkoniyatlar ham kattalashgandi. O‘zim ham ushbu murabbiy qo‘l ostida o‘z o‘yinlarimni ko‘rsata olaman deb o‘ylagandim.
- Lekin murabbiy yosh, iqtidorli futbolchilarni kashf qilish o‘rniga, asosan boshqa klublardan tayyor bo‘lgan o‘yinchilarni olib kelaverdi. Natijada rivojlanishi kerak bo‘lgan futbolchilar «o‘smay» qolishdi…
- Asosiy tarkibda o‘ynamaganim uchun alam qiladi. Aytganimdek, hech bir o‘yinchidan kam joyim yo‘q edi. Tishimni tishimga qo‘yib, chidab mashg‘ulotlarda ishlaganman. Do‘stlarim sening o‘ringda bo‘lganimda chidab yura olmasdim va ketgan bo‘lardim deb aytishgan ham. Har bir o‘yindan keyin vaqtim kelishini kutganman. Balki murabbiyga qaysidir jihatlarim yomon ko‘ringandir, u xohlaganini qildi.
- Umuman aytganda, klubda muhit qanday edi? Masalan, yaqinda Odil Ahmedov «Paxtakor» ishtirokidagi o‘yinni ko‘rib jamoaviy muhit yaxshi emasligi haqida gapirgandi.
- Muhit chindan ham yaxshi emasdi. «Paxtakor» O‘zbekiston yuzi bo‘lgani bois terma jamoalarga munosib o‘yinchilarni etishtirib beradi. Lekin bu kabi 4-5 nafar legionerning o‘ynashi oqibatida iqtidorli yoshlar qolib ketishdi. Masalan, biror jamoada har yili bir-ikkita yosh futbolchi kashf etiladi. Lekin «Paxtakor»da bu narsa bo‘lmadi. Hozir bu klubdan milliy terma jamoada nechta o‘yinchi bor? Jaloliddin Masharipov, Egor Krimets va Akmal Shorahmedov. Farruh Sayfiev ham bor, u «Nasaf»dan kelgan. Masharipovni ham «Paxtakor» bilan tuzgan shartnomasi tugagan. Aytmoqchimanki, oldinlari «Paxtakor»dan terma jamoaga ko‘plab o‘yinchilar chaqirilardi. Mayli, 2-3 ta legioner olib kelishsin, ammo zo‘rlarini chaqirishsin. Ular o‘zimizdagilardan 2-3 barobar kuchli bo‘lsin, biz ularning o‘yinidan nimanidir o‘rganaylik. «Paxtakor»dagi hozirgi legionerlarning yomonlamoqchi emasman. Ularni ham yaxshi tomonlari bor.
«QAYSIDIR YILLARI MENGA HAM OMAD KELGAN»
- Siz ancha erta tanildingiz, o‘smirlar va yoshlar terma jamoalaridagi yorqin o‘yinlaringiz hamma yaxshi eslaydi. O‘shanda sizga nisbatan o‘zbek futbolining bo‘lajak yulduzi degan ta’rifni ishlatishgandi. Keyinchalik esa hamma maqtayotgan Iskanderovni «yo‘qotib» qo‘ydik…
- 2015 yili og‘ir jarohat olgandim. Ikki-uch martalab jarohatim takrorlanaverdi. Shu bois o‘yin amaliyotisiz qolib ketdim. Bunday jarohatlar hammada bo‘lishi mumkin, bu tavakkal bo‘lib qolmaydi.
- Jaloliddin Masharipov bilan qalin do‘stsiz. Ammo boshida unga nisbatan sizning imkoniyatlaringiz kattaligi sezilib turardi. Biroq vaqt o‘tgan sari Masharipov o‘yin saviyasini oshirib bordi va milliy terma jamoa bilan Osiyo Kubogida qatnashdi. U bilan o‘rtangizda sog‘lom raqobat bormi?
- Yo‘q, u bilan o‘rtamizda raqobat degan narsa yo‘q. Yoshlikdan do‘stmiz, ammo sira o‘rtamizda raqobatlashish bo‘lmagan. Hozirgi kunda chap qanot hujum chizig‘ida o‘ynayotgan orasida Masharipovga o‘xshagani yo‘q. Shuningdek, omadga ham ko‘p narsa bog‘liq. Masalan, menga ham qaysidir yillari omad kelgan. Chunki har kimga ham omad beriladi-ku. Lekin men mehnat qilishdan to‘xtamayman. Hali yana omadli kunlarim keladi.
- Sizni yoqtirgan muxlislarga hozirgi vaziyatdan kelib chiqib nimalar degan bo‘lardingiz?
- Yuqorida aytib o‘tganimdek, menga ishonadigan va sog‘ingan odamlar bor. Rosti, o‘z o‘yinimni o‘zim ham sog‘inganman. Hali yana ishqibozlarning ishonchini qozona olaman.
- Faoliyatingizda shirin xotiralar bilan eslaydigan murabbiy deb kimni aytasiz?
- Qaysi murabbiy bilan ishlagan bo‘lsam, hammasiga rahmat aytaman. Masalan, Xorazmda Olimboy Davletov murabbiylik qilgan. «Paxtakor» akademiyasiga kelganimda Dmitriy Kim qo‘l ostida ishlaganman. Shuningdek, meni futbolchi sifatida o‘sishimda katta turtki bergani uchun Samvel Babayanga rahmat aytaman. U ko‘plab yosh iqtidorlarni etishtirgan. Babayan menga ishonganidan maydonda xohlagan joyimda xohlagan ishimni qilishimga ruxsat bergan. Ya’ni, maydonda erkinlik yaratib bergandi. Qolaversa, Viktor Jalilovga ham rahmat aytishni unutmayman. O‘z paytida Samarqandga «Dinamo»ga borib o‘ynaganman. Chunki Jalilov meni olib ketgandi. Milliy terma jamoada o‘ynashimga sababchi bo‘lgan Mirjalol Qosimovdan ham minnatdorman. U ham yosh bo‘lishimga qaramay menga ishonch bildirgandi. Yoshlar terma jamoasida esa Ahmadjon Musaev bilan ham ajoyib damlarni o‘tkazgandik. Hamma murabbiy mening plyus va minus tomonlarimni aytishgan, bu hammada bo‘ladi. So‘zimning oxirida «Paxtakor»dagi barcha-barcha insonlarga minnatdorchilik bildirmoqchiman.
Fikrlar
sababi o'tgan yili bir o'yinda sharhlovchining bir gapini eshitib qoldim, pahtakor yosh futbolchilardan tashkil topgan bu futbolchilarning ko'pi paxtakorning yoshlar jamoasida ham to'p surishadi, deb aytdi.
kattalarda o'ynasa yoshlar jamoasiga tiqilib nima bor? bu iqtidorli yoshlarning yo'lini to'sish emasmi? bu bizning futbolga qancha zarar buni UFA ko'rib chiqsa yaxshi bo'lar edi