MMA: O‘zbek jangchisi chempionlik kamarini qaytarish uchun mashg‘ulotlarga kirishdi (foto)
Aralash yakkakurash janglarida faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik Maxmud Muradov jarohatidan forig‘ bo‘lib, yana mashg‘ulotlarga qaytdi. Eslatib o‘tamiz, dekabr oyida bo‘lib o‘tgan navbatdagi bellashuvda anchayin tajribali braziliyalik David Ramiresga qarshi ringga ko‘tarilgan va jarohat olib jangni davom ettira olmagan edi.
Biroq yaqinda u sport formasini tiklash maqsadida tayyorgarliklarga zo‘r bermoqda. U so‘nggi 8 jangidan 6tasini o‘z foydasiga hal qilgan.
SPORTS.uz muxbiri sportchimiz bilan bog‘langanida, u so‘nggi jangdagi vaziyat va bo‘lajak rejalari haqida to‘xtalib o‘tdi.
– Assalomu alaykum. Barcha yurtdoshlarimni kirib kelgan yangi yil bilan tabriklayman. Kirib kelgan 2017 yil barchaga omadli kelsin, – deya so‘z boshladi sportchimiz. – O‘tgan yildagi so‘nggi jangda g‘alaba qozonishni maqsad qilgan edim. Afsuski, so‘nggi jangda jarohat olib imkoniyatni boy berdim. O‘shanda birinchi raundning ikkinchi daqiqasida o‘mrov suyagim singan ekan, biroq shunga qaramay kurashni davom ettirdim. Ikkinchi raundning ikkinchi daqiqasida esa og‘riqdan chap qo‘limni ko‘tara olmadim va jang to‘xtatildi.

– Ayni damda mashg‘ulotlar qanday o‘tmoqda?
– Avvaliga engil mashg‘ulotlardan boshladim. Bunday ahvolda biror narsa qilmay tura olmayman. Mag‘lubiyat menga salbiy ta’sir qildimi? Yo‘q. Men o‘zimni tiklayapman. Bundan tashqari revansh jangi borasida ham kelishib oldik. To‘qnashuv iyun oyida bo‘lib o‘tadi. Bir oydan so‘ng esa to‘liq mashg‘ulotlarga qaytaman. Shundan so‘ng yana ko‘plab takliflar bo‘lishi kutilmoqda. Hozircha sog‘liqqa ko‘proq e’tibor berish zarur. Aprel yoki mayda bitta jang o‘tkazmoqchiman. Revansh oldidan yaxshi bo‘lardi.

– Bo‘lajak raqibingiz haqida nima deya olasiz?
– Raqibni hali bilmayman. Hozir unga tayyorgarlik ko‘rish zarur. Keyin barchasi ma’lum bo‘ladi, ammo iyundagi raqibim allaqachon aniq bo‘lgan. Unda revansh bo‘ladi. XFN (musobaqalardan biri – Sports.uz) kamarini qaytarish vaqti keldi.

– Shu o‘rinda o‘tgan vaqtda meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Juda ko‘pchilik rasmlarimni sahifalariga joylab, sog‘liq, omad tilashgan. Raxmat hammaga, – deydi Mahmud Muradov SPORTS.uz portaliga.
Ma’lumot uchun: X Fight Nights MMAning yangi, professional va o‘z-o‘zini moliyalashtiradigan ligasi himoblanadi. XFN arenalarida jahon darajasidagi eng yaxshi jangchilar o‘zaro to‘qnash keladilar. XFN sportda endi porlayotgan yulduzlar ajoyib imkoniyat hamdir.
Biz ham sportchimizning keyingi janglarida omad va zafarlar tilab qolamiz.




Fikrlar