Muhammadqodir Abdullaev: Bokschi bo‘lganimdan faxrlanaman

  • 26 mart, 2018, 12:36
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Bugun siz aziz muxlislar e’tiboriga Sports.uz ineternet portali boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, jahon chempioni Muhammadqodir Abdullaev bilan suhbatni havola etadi.

1973 yili Andijonda tavallud topgan Muhammadqodir Abdullaev sportchilik faoliyatida Olimpiada va jahon chempioniligini, ko‘p marotaba mamlakatimizning birinchi raqamli bokschisi Eron, Turkiya, Tailand, Xitoy, Frantsiya kabi bir qator davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro turnirlar g‘olib va sovrindori bo‘lgan.

Shuningdek, Muhammadqodir o‘zining yuksak xizmatlari mamlakatimiz sharafini xalqaro maydonda o‘tgan sport musobaqalarida munosib himoya qilganini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 1995 yili «Shuhrat» medali va 1999 yili esa «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan.

– Assalomu Alaykum! Muhammadqodir aka sportga ilk marotaba kimning maslahati bilan kelgansiz?

– Assalomu Alaykum! To‘g‘risini aytsam bolaligimda sportga umuman qiziqmaganman. Lekin otam majburlab viloyatimizdagi boks to‘garagiga sen albatta, chempion bo‘lasan senga ishonaman deb olib kelganlar.

– Boksdagi murabbiylaringiz haqida so‘zlab bersangiz?

– Men Andijonda dastlab Shuhrat Abdullaev qo‘l ostida shug‘ullanib, biroz vaqtdan so‘ng Mars Qo‘chqorov va Lochin Qo‘chqorov kabi tajribali murabbiylardan boksning sir-asrorlarini o‘rganganman.

– Bokschilik faoliyatingizda ilk marotaba qachon shohsupaga ko‘tarilgansiz?

Bu g‘alabaga 33 yil o‘tgan bo‘lsada, xuddi kechagiday eslayman. 1985 yili Andijon viloyati chempionati o‘tkazildi va men unda il oltin medalimni qo‘lga kiritdim. Shuningdek shahar va respublika musobaqalarida bir necha bor g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy egalladim. 1990-1991 yillarda Sovet ittifoqi chempionatida zafar quchdi. Shuningdek, yoshlik paytlarimda bir necha bor xalqaro turnirlarda turnirlarda g‘olib bo‘lganman.

– Bilamiz har bir sportchi shohsupa to‘riga ko‘tarilganda ko‘ziga yosh keladi. Siz g‘oliblik shohsupasida turganingizda nimalarni his etasiz?

– Men shohsupada turganimda ko‘zimni yumib, ota-onamni, xalqimiz va Prezidentimizning ishonchini oqlaganimga shukr qilaman. Axir biz sportchilar ular duo qilgani uchun g‘olib bo‘lib, boshimizni tik ko‘tarib yuramiz.

– 2000 yil yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritganingizda ham ko‘zingizga yosh kelgan edi. Bu oltin medalga erishganingizda ko‘nglingizdan qanday tuyg‘ular o‘tgan?

– Olimpiadaga ketish oldidan O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovga men albatta chempion bo‘laman va Vatanimiz bayrog‘ini yanada yuksaltiraman degan edim. Eng avvalo, har bir jangda ushbu va’damni bajarish uchun g‘alaba sari intilganman. Yigit kishi bergan lavzida turishi kerak, bo‘lmasa, bunday lavz berish kerak ema degan fikrlar final jangiga qadar boshimda aylanib yurgan. Finalda g‘olib bo‘lib, oltin medalni qo‘lga kiritganimda, men va’damni bajardim, Prezidentimiz va xalqimizning ishonchini oqladim deya ko‘zimdan quvonch yoshlari qalqigan.

– Sizda nufuzi musobaqalardan qanday taassurotlar qolgan?

– 1999 yili Amerikada o‘tgan jahon chempionatida men, To‘lqin Turg‘unov va O‘tkirbek Haydarov jahon chempionatida ishtirok etib, ikki oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritganmiz. O‘shanda BBC kanali Mars Qo‘chqorovdan intervyu olib, O‘zbekistonda Andijon shahri ko‘pmi deya so‘ragan. Shunda murabbiyimiz yo‘q yurtimizda bitta Andijon viloyati bor va u erdan oldingizda turgan jahon chempionlari va sovrindorlari etishib chiqqan degan. Ushbu gapdan so‘ng barcha xorijiy OAVlar Mars akaga tan bergan. Men o‘shanda o‘zbek ekanimdan juda faxrlanganman. Mana shu voqea hech qachon yodimdan chiqmaydi.

– Hozirda boks mamlakatimizda eng rivojlangan sport turiga aylandi. Shu sababli ham siz yosh bokschilarga nimalarni maslahat berasiz?

– Yaqinda biz ham shogird bo‘lib, murabbiylarimizning ko‘rsatmalarini bajarar edik. Men yosh bokschilarga shuni maslahat beraman. Murabbiylarning barcha topshirig‘ini bajarish shart! O‘shandagina g‘olib bo‘lasiz. G‘olib bo‘lish uchun esa tinimsiz mehnat qilish kerak. Xalqimizda bir naql bor, mehnatning tagi sariq oltin. Bu naql sportchilar uchun juda muhim. Mehnat qil va oltin medalni ol!

– Aytingchi mashhur bo‘lish osonmi, yoki chempion?

– Chempion bo‘lish uchun tinimsiz mehnat ko‘p yillik mashaqqiyat kerak bo‘ladi. Chempion bo‘ldingmi mashhurlikka ko‘nikish kerak. Agarda chempion bo‘lib uni ushlab turmasang, mashhurlik ham yo‘qoladi. Shu sababli men chempion bo‘lishni qiyin deb bilaman.

– G‘alaba va mag‘lubiyat orasida nima bor?

– G‘alaba va mag‘lubiyat orasida va bor(kuladi). Bu ikkisi egizakdir, tinimsiz mehnat g‘alabaga olib keladi, mehnat qilmasang mag‘lubiyatga uchraysan. Men uchun ular o‘rtasida faqat mehnat bor.

– Samimiy suhbatingiz uchun rahmat.

– Sizlarga ham o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Sports.uz  internet portali va  uzsport_no1 kanalini kuzatib boring!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!