
Mundial – 2018 ni o‘tkazib yuborishi mumkin bo‘lgan yulduzlar kim?
Futbol olamining eng nufuzli musobaqasi tobora yaqinlashib bormoqda. Goal nashri fursatdan foydalanib, Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon Chempionatida ishtirok etishi so‘roq ostida bo‘lgan etakchi nomdor futbolchilar haqida so‘z yuritdi.
2018-yilgi Jahon Chempionati boshlanishiga ham ikki oydan kam vaqt qoldi. Milliy terma jamoa bosh murabbiylari esa so‘nggi yakuniy ro‘yxat ustida bosh qotirishmoqda va Rossiya yashil maydonlariga o‘zlarining eng sara tarkibini olib kelish niyatida.
Kelayotgan haftalarda ular endi futbolchilarning sog‘liqlariga ham jiddiy e’tibor qaratishadi. Boisi milliy chempionatlar tobora yakuniga etmoqda, jarohatlar esa sodir bo‘lishi mumkin. Bu esa murabbiylarning rejalarini o‘zgartirib yuborishi aniq. Birorta futbolchi, u xatto eng zo‘ri bo‘lsa ham, jarohatlardan sug‘urtalanmagan.
Goal nashri bu yilgi Mundialni o‘tkazib yuborishi mumkin bo‘lgan yulduzlarga bir nazar soldi.
2018-yilgi Jahon Chempionatini o‘tkazib yuborishi aniq bo‘lganlar
Iyun boshlangunigacha Mundialni kimlar o‘tkazib yuborishi mumkin, degan savolga aniqroq javob bo‘la oladiganlar haqida quyida so‘z yuritiladi. Bular rasman tasdiqlanmagan bo‘lsada, ba’zi futbolchilarning holati aniq ravshan ko‘rinib turibdi.
Frantsiya Rossiyada o‘zining ikkinchi chempionligiga erishish niyatida. Ammo bu holat Karim Benzemasiz yuz berishi aniq. “Real” hujumchisi vatani safida 2015-yil oktyabridan beri o‘ynamayapti. Hujumchi Dide Desham murabbiyligi ostida o‘ynamasligi hammaga ma’lum bo‘lsa kerak.
Angliya musobaqada “Liverpul” yarim himoyachisi Aleks Oksleyd-Chemberleyn xizmatlaridan aniq foydalana olmaydi. “Arsenal”ning sobiq vakili Chempionlar Ligasining “Roma”ga qarshi kechgan yarim final o‘yining dastlabki uchrashuvida tizzasidan jiddiy jarohat oldi va bir necha oyni o‘tkazib yuboradi.
Germaniya termasi bosh murabbiyi Yoaxim Lyov qo‘li ostida bir guruh iste’dodlar jamlangan. Ammo ulardan ikkitasi – “Bavariya” vingeri Serj Gnabri va “Borussiya Myunxengladbax” sardori Lars Shtindllar aniq musobaqada ishtirok eta olmaydi. Ular ham jiddiy jarohatlar sabab davolanishga majbur.
Katta shubha bilan 2018-yilgi Jahon Chempionatini o‘tkazib yuborishi mumkin bo‘lganlar
Besh karra Jahon chempionlari turnirga asosiy favoritlardan biri sifatida tashrif buyurishadi. Ammo ularning asosiy yulduzi – Neymar sport formasini to‘liq tiklay olmagani sabab “katta bayram”ni o‘tkazib yuborishi xavfi bor. Neymar mart oyida oyog‘idan jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan edi. Milliy terma jamoa shifokori Rodrigo Lasmarga ko‘ra, 26 yoshli futbolchi uch oyga safdan chiqqan. Bu degani, u jarohatidan forig‘ bo‘lsada, sport formasini tiklab olishga ulgurmasligi mumkin. Neymarning jarohati Titening asosiy bosh og‘rig‘i emas. “Yuventus” vakili Aleks Sandro ham jarohat olgan.
Germaniya ham Jerom Boatengning sonidan olgan jarohati sabab himoya chizig‘ida qiyinchilikka duch kelishi mumkin. “Bavariya” himoyachisi to‘rt-olti haftani o‘tkazib yuborishi aniq. Shu sababli u o‘z termasini himoya qila olmasligi xavfi yuqori. Ammo himoyachining o‘zi bu haqida ijobiy fikrda.
Fernando Gago esa Argentinaning yakuniy 23 kishilik ro‘yxatidan joy olomasligi mumkin. “Boka Xuniors”da o‘ynayotgan 31 yoshli yarim himoyachi 2017-yilning oxirida olgan jarohati sabab aprelgacha “Albiseleste”ga yordam bera olmadi. Shuningdek, milliy terma jamoa safida “Inter” hujumchisi Mauro Ikardini ham ko‘rmasligimiz mumkin. Uning ajoyib sport formasiga qaramay, termadagi muhim o‘yinchilar orasida ixtiloflarni yuzaga keltirishi mumkinligi vajidan katta ehtimol bilan “neradzurrilar” vakili yakuniy ro‘yxatga kiritilmaydi.
Erkin G‘aybullaev tayyorladi
Fikrlar