Mundial sari. Tanishing - Portugaliya terma jamoasi
Barchamizga ayon yana sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti siz aziz muxlislarni mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bu safar musobaqa g‘olibligi uchun asosiy da’vogarlar qatorida e’tirof etilayotgan amaldagi Evropa chempioni - Portugaliya terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.
Evropa Braziliyasi deb ta’rif beriladigan Portugaliya terma jamoasiga 1914 yilda asos solingan. O‘zining ilk uchrashuvini esa 1921 yilning 18 dekabr kuni Madridda Ispaniyaga qarshi o‘tkazgan. O‘yin esa 3:1 hisobida maydon egalarining g‘alabasi bilan yakunlangan.
Jahon chempionatlaridagi ishtiroki

Portugaliyalik futbolchilarning 1966 yil Angliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatiga qadar mundialda ishtirok eta olishmaganini aksariyat futbol muxlislari bilishmasa kerak. Ha, Angliya mundiali Portugaliya terma jamoasi uchun jahon chempionatlaridagi ilk ishtirok bo‘lgan. E’tiborlisi, portugaliyaliklar ushbu debyutni shunchaki ajoyib o‘tkazishdi. Dastlab guruhda Vengriya (1:3), Braziliya (3:1) va Bolgariya (3:0) terma jamoalariga qarshi o‘yinlarda g‘alaba qozonildi. Keyin chorak finalda Shimoliy Koreya 5:3 hisobida dog‘da qoldirildi. Biroq, Portugaliya yarim finalda mezbon, bo‘lajak chempion Angliya terma jamoasiga 2:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Uchinchi o‘rin uchun o‘yinda esa sobiq Ittifoq terma jamoasi 2:1 hisobida taslim etildi va portugaliyaliklar ilk urinishdayoq bronza medallariga ega chiqishdi.


Shundan so‘ng ular ketma-ket 4ta (1970, 1974, 1978 va 1982) jahon chempionati saralashidan o‘ta olishmadi. Nihoyat 1986 yil Meksika yashil maydonlari mezbonlik qilgan musobaqada Portugaliya ishtirok etdi. Ularga musobaqaning “F” guruhida Marokash, Angliya va Polsha terma jamoalari raqiblik qilishdi. Portugaliyalik futbolchilar ilk turda 1966 yilgi alamli mag‘lubiyat uchun inglizlardan munosib revansh olishdi – 1:0. Biroq, guruhning qolgan ikki turida Polsha (1:0) va Marokashga (3:1) imkoniyat boy berildi. Shu tariqa ular guruhning so‘nggi o‘rnida qolib ketishdi.


Ushbu mundialdan so‘ng Portugaliya terma jamoasi o‘zining jahon chempionatlaridagi keyingi ishtirokini naqd 16 yil kutdi. Portugaliyalik futbolchilar Janubiy Koreya va Yaponiyada bo‘lib o‘tgan 2002 yilgi mundialda ishtirok etishdi. Ular bu safar “D” guruhida AQSh, Polsha va mezbon Janubiy Koreya terma jamoalariga qarshi o‘yinlar o‘tkazishdi. Ilk turda ular AQShga 3:2 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Ikkinchi o‘yinda esa Polsha 4:0 hisobida taslim etildi. Biroq, hal qiluvchi so‘nggi turda Portugaliya mezbon koreyslarga 1:0 hisobida yutqazib qo‘ydi va shu tariqa guruhda 3-o‘rinda qolib ketdi.


Oradan to‘rt yil o‘tib portugaliyaliklar Germaniyadagi mundialiga jiddiy tarkib, jiddiy maqsadlar bilan tashrif buyurdi. Ular bu safar ham “D” guruhidan joy olishdi. Biroq, raqiblar umuman boshqa edi. Natijalar ham shunga yarasha boshqacha bo‘ldi. Portugaliya o‘z guruhidagi Angola (1:0), Eron (2:0) va Meksika (2:1) kabi terma jamoalarning barchasini mag‘lubiyatga uchratdi va 9 ochko bilan pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ular bu bosqichda Gollandiyani 1:0 hisobida engib, chorak finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Angliya bilan bo‘lib o‘tgan murosasiz bahsda g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi va bunda omad portugaliyalik futbolchilarga kulib boqdi. Shu tariqa yarim finalgacha etib kelgan Portugaliya terma jamoasiga Zinedin Zidan boshchiligidagi Frantsiya to‘qnash keldi. Yakunda esa uchrashuv 1:0 hisobida frantsuzlarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Portugaliya esa uchinchi o‘rin uchun Germaniyaga (3:1) qarshi bo‘lib o‘tgan o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchradi. Shu tariqa Germaniya mundiali o‘z nihoyasiga etdi.


Keyingi to‘rt yillikning eng yirik musobaqasi Janubiy Afrika Respublikasida o‘tkazildi. Portugaliya bu safar “G” guruhida Braziliya, Kotd’Iuvar hamda Shimoliy Koreya terma jamoalariga qarshi kurash olib bordi. Ilk turda afrikalik futbolchilar bilan 0:0 hisobida durang o‘ynagan portugaliyaliklar ikkinchi turda Shimoliy Koreya darvozasini javobsiz etti bor aniq nishonga olishdi – 7:0. So‘nggi turda esa Braziliya bilan ham 0:0 hisobida durangga imzo chekishdi. Shu tariqa guruhda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Portugaliya pley-offda bo‘lajak chempion Ispaniya terma jamoasiga to‘qnash keldi va 1:0 hisobida yutqazib qo‘ydi. Shu bilan portugaliyaliklar uchun Afrika qit’asida o‘tgan mundial ham o‘z nihoyasiga etdi.


Oradan yana to‘rt yil o‘tdi va bu safar jahon chempionati Braziliya yashil maydonlarida bo‘lib o‘tdi. Portugaliya yana “G” guruhidan joy oldi. Ular ushbu guruhda AQSh, Germaniya hamda Gana terma jamoalariga qarshi bahs olib borishdi. Ilk turda bo‘lajak chempion Germaniya Portugaliya darvozasiga javobsiz 4ta to‘p kiritib, g‘alaba qozondi. Keyingi turda AQSh bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagan portugaliyalik futbolchilar so‘nggi turga kelibgina Gana ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Biroq, ushbu g‘alaba ularni pley-offga olib chiqish uchun etarli bo‘lmadi. Ular guruhning uchinchi pog‘onasida qolib ketishdi.
Qit’a birinchiligidagi natijalari
Portugaliya ilk marta 1984 yil Frantsiyada bo‘lib o‘tgan Evropa chempionatida ishtirok etdi va ilk urinishning o‘zidayoq bu erda ham yarim finalga qadar etib kela oldi. Ammo shundan so‘ng ular 1988 (Germaniya) va 1992 (Shvetsiya) yillarda o‘tkazilgan qit’a birinchiliklari saralashidan o‘ta olishmadi.
1996 yil Angliya yashil maydonlari mezbonligida o‘tgan Evropa chempionatida esa ular chorak finalga qadar etib borishdi. 2000 yil Belgiya va Gollandiyada o‘tkazilgan Evropa chempionatida Portugaliya yanada yaxshiroq natija qayd etdi. Ular bu safar yarim finalga qadar etib kelishni uddalashdi.


2004 yil ushbu musobaqaga Portugaliyaning o‘zi mezbonlik qildi. Guruhda Ispaniya, Rossiya va Gretsiyaga qarshi o‘ynagan maydon egalari yakunda birinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga yo‘l olishdi. Chorak finalda azaliy raqib Angliya to‘qnash keldi va bu safargi o‘yin ham so‘nggi daqiqalargacha davom etdi. Asosiy vaqt 2:2 hisobida yakunlangach, g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Bu safar ham omad portugaliyalik futbolchilarga kulib boqdi. Ular yarim finalda Gollandiyani 2:1 hisobida taslim etishdi va hal qiluvchi bahsga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Biroq, ular finalda Gretsiyaga alamli tarzda mag‘lub bo‘lishdi – 1:0. Portugaliya o‘z maydonida o‘tgan musobaqada kumush medallar bilan cheklandi.
Oradan to‘rt yil o‘tib musobaqa Avstriya va Shveytsariya maydonlari o‘tkazildi. Bu erda ular o‘z yurishlarini chorak finaldayoq to‘xtatishdi. 2012 yil Polsha va Ukraina mezbonligidagi Evropa chempionati Portugaliya uchun yomon kechmadi, ammo ular yarim finalda yana bo‘lajak chempionga imkoniyatni boy berishdi. Ispaniya – Portugaliya 0:0 (pen.seriyasi 4:2).


Nihoyat portugaliyalik futbol ishqibozlari bir umr orziqib kutgan tarixiy musobaqaga Frantsiya maydonlari mezbonlik qildi. Portugaliya Evro-2016da “F” guruhidan joy oldi. Ushbu guruhdan shuningdek Vengriya, Islandiya va Avstriya terma jamoalari ham joy olishgan edi. Guruhda uchchala uchrashuvda ham durang o‘ynagan portugaliyaliklar eng yaxshi uchinchi o‘rin qoidasiga ko‘ra pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Va ana shundan so‘ng ularni to‘xtatib bo‘lmadi. Dastlab nimchorak finalda Xorvatiya 1:0 hisobida dog‘da qoldirildi, keyin chorak finalda Polsha penaltilar seriyasida mag‘lub etildi. Yarim final bahsida ularga Garet Beyl boshchiligidagi Uels terma jamoasi to‘qnash keldi. Portugaliya esa xotirjamlik bilan g‘alabani ilib ketdi – 2:0. Nihoyat hal qiluvchi o‘yinda portugaliyalik futbolchilarga mezbon Frantsiya ro‘baro keldi. Qiyin kechgan uchrashuvda 1:0 hisobida g‘alaba qozona olgan Portugaliya o‘z tarixida ilk katta sovrinni qo‘lga kiritdi.

Portugaliya terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar
Eng yirik g‘alabasi: 1994 yil 18 noyabr, Portugaliya – Lixtenshteyn 8:0.
Eng yirik mag‘lubiyati: 1947 yil 10 may, Portugaliya – Angliya 0:10.
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Krishtianu Ronaldu (149).
Eng yaxshi to‘purar: Krishtianu Ronaldu (81).
FIFA reytingidagi eng yuqori o‘rni: 3-o‘rin (2010, 2012, 2014, 2017, 2018).
FIFA reytingidagi eng past o‘rni: 43-o‘rin (1998).
Bundan bir necha kun oldin Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Fernandu Santush Rossiyada bo‘lib o‘tadigan JCh–2018 turniri uchun 35 nafar futbolchidan iborat kengaytirilgan tarkibni e’lon qildi.

Darvozabonlar: Antoni Lopesh («Lion»), Betu («Gyoztepe»), Rui Patrisio («Sporting»).
Himoyachilar: Antunesh («Xetafe»), Bruno Alves («Reynjers»), Sedrik Soaresh («Sautgempton»), Joao Demon («Inter»), Xose Fonte («Dalyan Ifang»), Luis Neto («Fenerbaxche»), Mario Rui («Napoli»), Nelson Semedo («Barselona»), Pepe («Beshiktash»), Rafael Gerreyro («Borussiya D»), Rikardo Pereyra («Porto»), Rolando («Marsel»), Ruben Dias («Benfika»).
Yarim himoyachilar: Adrien Silva («Lester»), Andre Gomesh («Barselona»), Bruno Fernandesh («Sporting»), Joau Mario («Vest Xem»), Joau Moutinyu («Monako»), Manuel Fernandesh («Lokomotiv»), Ruben Neves («Vulverxempton»), Serjio Oliveyra («Portu»), Uilyam Karvalyu («Sporting»).
Hujumchilar: Andre Silva («Milan»), Bernardu Silva («Manchester Siti»), Krishtianu Ronaldu («Real»), Eder («Lokomotiv»), Gelson Martins («Sporting»), Gonsalo Gedesh («Valensiya»), Nani («Latsio»), Paulinyu («Braga») Rikardo Kuarejma («Beshiktash»), Ronni Lopes (Monako).
Eslatib o‘tamiz, Portugaliya musobaqaning “B” guruhida Marokash, Eron va Ispaniya terma jamoalariga qarshi kurash olib boradi.
Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.

Fikrlar