
Mundialdagi sharmandalikdan keyin Ispaniyani nimalar kutmoqda?
“Qizil furiya”ning Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatining nimchorak finalida mezbon terma jamoadan mag‘lub bo‘lib, turnirni sharmandalarcha tark etishidan keyin ispan futboli mutasaddilari termada ba’zi o‘zgarishlarni kiritish kerakligini tushunib etgan deb o‘ylaymiz. Quyida hal qilinishi lozim bo‘lgan muhim masalalarni muhokama qilamiz.
Ko‘pchilik mundial arafasida 15 iyul kuni bosh sovrin uchun kurashda maydonga chiqishi kerak bo‘lgan terma jamoalardan biri sifatida Ispaniyani tilga olishgandi, biroq musobaqaga mezbonlik qilayotgan Rossiya Yerro shogirdlarini penaltilar seriyasiga ko‘ra, mag‘lub etdi va ularni turnirdan chiqarib yubordi.
Rossiyaga qarshi o‘yinda Yerro shogirdlari 1000 dan ortiq uzatmalarni oshirib yangi rekord o‘rnatishdi, biroq ularning foydasiga ishlagan avtogol ham yakunda ularga kamlik qildi.
Ispanlar to‘rt o‘yinda atigi bir g‘alaba bilan ortlariga qaytishadigan bo‘ldi. Diego Kostaning yagona goli evaziga ular Eronni qiyinchilik bilan mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Shunga qaramay, 2010 yilgi jahon chempionlarini “qora bulut” mundial arafasida ta’qib qila boshlagan edi va natijalar qoniqarli bo‘lishiga oid fikr-mulohazalar bildirilgan edi. Esingizda bo‘lsa, Mundial boshlanishiga ikki kun qolganida Ispaniya bosh murabbiysiz qoldi. Xulen Lopetegi “Real” bir marta taklif beradi, deb o‘ylagan shekilli, darrovgina rozi bo‘ldi va terma jamoasini yarim yo‘lda tashlab ketdi.
Sport direktori va Ispaniyaning sobiq afsonaviy himoyachisi Fernando Yerro bu vazifani ado etishga kirishdi. Biroq u sekinlik bilan o‘zgarishlarni kiritishga va’da berdi. Albatta Lopetegining ikki yillik mehnatini o‘zgartirish uchun unda etarli vaqtning o‘zi yo‘q edi. Xo‘sh, endi “La Roha”ni nima kutishi mumkin?
Termani tark etadigan futbolchilar
Andres Inesta xalqaro darajadagi faoliyatini 34 yoshida yakunlashga qaror qilgan. Har holda uning klubdoshi Jerar Pike bu haqida barchaga ma’lum qilgan edi. 35 yoshida yana bir faxriy futbolchi – Pepe Reyna ham o‘z qo‘lqoplarini mixga ilishi kutilmoqda. “Qizil Furiya” uchun xalqaro turnirlarda ortiq yuqori saviyada o‘yin namoyish qila olmasa kerak.
Darvozabon haqida so‘z ketganda, David De Xeani ayblaydiganlar topildi. “Manchester Yunayted” posboni Jahon Chempionatida 7 havfbli zarbani atigi bittasini qaytarishga muvaffaq bo‘lgan. 6 gol o‘tkazib yuborgan. Rossiyaning penaltidan yo‘llagan barcha to‘rt zarbasi darvoza to‘ridan joy olgan. Yerro murabbiy sifatida qoladigan taqdirda ham uni almashtira oladigan birorta kuchli posbon hozircha Ispaniyada mavjud emas.
Xalqaro faoliyatiga yakun yasashi kutilayotgan yana bir futbolchi bu Yago Aspas bo‘lishi mumkin. “Selta” hujumchisi Marokashga qarshi gol urdi, ammo yakshanba oqshomida muhim penaltini ura olmadi. U 1-avgustda 31 yoshga kiradi. O‘tgan mavsumda klubdagi faoliyati ancha sermazmun o‘tgan futbolchini yana o‘ynashini kuzatish yomon bo‘lmaydi.
Termaga chaqirilishi kerak bo‘lgan futbolchilar
Ispaniya termasi asosini tashkil qiluvchi tarkib yaxshi va kamiga yosh hisoblanadi. Demak, Rossiyadagi muvaffaqiyatsizlikka qaramay bu borada katta o‘zgarishlarni amalga oshirish yaramaydi. Lekin, kelajakda Inesta, Pike va Reynalarning o‘rnini munosib to‘ldira oladigan futbolchilar albatta zarur.
2018 yilgi Mundialda Ispaniya tarkibida eng og‘riqli muammo Serxio Busketsni qo‘llab-quvvatlovchi futbolchining yo‘qligi bo‘ldi. Rossiyada unga maydonda Koke sheriklik qildi. “Barselona” yarim himoyachisiga tabiiy o‘rinbosar etishmaydi. Ammo “Atletiko”ning yangi transferi Rodri yaqin kelajakda uning o‘rnini to‘ldirishi mumkin. 22 yoshli futbolchi mart oyida Germaniyaga qarshi debyutini o‘tkazgan edi. Tez orada uni Ispaniya safida ko‘rsak, ajablanmaymiz.
“Napoli” safiga o‘tgan Fabian Ruis ham sobiq klubdoshi Dani Sebalos bilan terma jamoaga chaqirilishi kutilmoqda. Qolaversa, “Valensiya”ning hujumkor yarim himoyachisi Soler “Barsa” javohiri Karlos Alenya bilan birga termaga jalb qilinishi mumkin.
Himoyada esa Ispaniya “Manchester Siti” vakili Emerik Laport kelajagini Frantsiya bilan emas, aynan ispanlar bilan bog‘lashiga umid qilmoqda. Shuningdek, Valexo, Oyarsabal va Bartralar ham himoya chizig‘i uchun munosib nomzodlar sanaladi.
Hujumda esa Borxa Mayoral, Inyaki Vilyams va Rossiyaga kelmagan Alvaro Moratalar harakat qilishlari mumkin.
Yerro bosh murabbiy bo‘lib qolishi kerakmi?
50 yoshli mutaxassis Mundialgacha sport ishlari direktori lavozimida mehnat qilib keldi. Faqatgina Lopetegining turnir arafasida “Real” boshqaruvini qabul qilganidan keyin majburiy ravishda “Real” afsonasi boshqaruvni qabul qilib oldi. Ispaniya Mundialni tark etganidan keyin Ispaniya FF prezidenti Luis Rubyales yaqin hafta ichida Yerro borasida aniq qarorga kelishlari haqida bayonot berdi.
“Real” va Ispaniya termasida fantastik o‘yin o‘tkazgan Yerrodek futbolchi juda kerak. Ammo unda murabbiylik tajribasi etishmaydi. Unining mehnat dafatarchasida Karlo Anchelottiga bir yil yordamchilik qilgani va “Ovedo”no 2-Liganing 8-o‘rnigacha olib chiqqani bor, xolos. Shu sababli, “qizil Furiya” undan yaxshiroq murabbiyni olib kelgani ma’qulroq.
Buning uchun munosib nomzodlar talaygina – Kike Sanches Flores, Kike Seten va Michel shular jumlasidan, ammo “Barselona”dan ketgach ishsiz yurgan Luis Enrike ro‘yxatda salmoqli tosh bosadi.
Fikrlar