
Muxtor Qurbonov: Endi jamoamizga nisbatan e’tibor yanada kuchayadi
AGMK klubining O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgani muhim voqelik bo‘ldi. “Paxtakor” jamoasiga finalda yaqqol favorit sifatida qaralgandi va g‘olib chiqishiga deyarli shubha ham qolmagandi. Biroq AGMK klubi “Paxtakor”ni mag‘lubiyatga uchratgan holda sensatsiya qayd etdi. Stadionda jamoasining muvaffaqiyati bir chetda kuzatib burgan AGMK klubi sport direktori Muxtor Qurbonov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Har doim ham finalga chiqavermaymiz”
- Bilasizmi, o‘tgan yildan jamoamizni yuqori maqsadlar sari shakllantirish ishlarini boshlagandik. Moskvani ham bir kunda barpo etishmagan. Bu yil jamoaning mavqeini ko‘tarish ustida salmoqli ishlar amalga oshirilyapti. Nihoyat, AGMK tarixda birinchi marta O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritib, qilayotgan mehnatlarimiz besamar emasligini ko‘rsatdik. Jamoamiz o‘z nomini tarixga yozdirib qo‘ydi. “Paxtakor” kuchli jamoa. Lekin futbolchilarimiz ular kabi kuchli jamoa ekanliklarini isbotlash maqsadida boshqacha tayyorgarlik bilan maydonga tushishdi. Bu holat ularning ko‘zlaridan ham bilinib turgandi. Bundan oldin “Bunyodkor”ni ham yutgandik. Aynan ushbu jamoalarga qarshi o‘yinlarimizda jamoamiz o‘zining yuqori darajasini ko‘rsata oldi. Bizni xursand qilgan tomoni, jamoamiz finalda ham hujumkor o‘yin ko‘rsatishga harakat qildi. Birinchi bo‘limda penaltidan gol urib hisobni ochganimiz ham bizga qo‘l keldi. Boisi yigitlarimizda o‘zlariga bo‘lgan ishonchi ortib ketdi. Shuningdek, omad ham OKMK tomonida bo‘ldi. “Paxtakor”ni ham yaxshi o‘yin ko‘rsatganini aytishim kerak. Shunchaki, futbolchilarimizni o‘yinga juda puxta tayyorlay oldik. Finalga har doim ham chiqavermaymiz. Shuning uchun yigitlarimiz hammasini yaxshi tushunib turishgandi va o‘z nomlarini tarixga yozdirib qo‘yishdi. Endi biz Osiyo Chempionlar ligasining pley-off bosqichiga tushdik. Birinchi navbatda O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qilishimiz kerak. Endi jamoamiz yana bir pog‘ona yuqori saviyaga ko‘tarildi.
“Futbolchilarimizda ishtiyoq kuchli edi”
- Har bir askar ham general bo‘lishni orzu qiladi-ku. Garchi chempionatda kuchli oltilikka kira olmagan bo‘lsak-da, ammo Kubok bahslari biz uchun omadli kechdi. Qolaversa, futbolchilarimiz aynan Kubok musobaqasida boshqacha o‘yin ko‘rsatishdi. Yarim finalda “Bunyodkor” maydonida g‘alaba qozonganimiz va finalda ham yutganimiz syurpriz bo‘lishi mumkin. Lekin jamoamizdagi hamma vaziyatni yaxshi tushunib turishgandi. Har bir sportchi ham faoliyati davomida nimadir yutishni orzu qiladi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, futbolchilarimizda Kubokni qo‘lga kiritish uchun ishtiyoq katta edi. Qolaversa, Olmaliq kichkina shaharcha bo‘lsa-da, “Olmaliq tog‘ metallurgiya kombinati” korxonasi jamoani har tomonlama qo‘llab-quvvatladi va buning evaziga jamoamiz Kubok sohibiga aylandi.
“Baxtiyor Ashurmatov bilan shartnomani uzaytiramiz”
- Baxtiyor Ashurmatovga ishongandik va u ishonchimizni oqlayapti. Bosh murabbiy sifatida ishga kirishganidan beri jamoamizning o‘yin sifati ham o‘zgardi. Albatta, keyingi mavsum uchun ham Ashurmatov bilan shartnomani uzaytiramiz. Biz bu murabbiy bilan yanada yangi cho‘qqilarni zabt etmoqchimiz. Kelasi yili chempionlik uchun kurashadigan jamoani shakllantirish va o‘z navbatida Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichidan muvaffaqiyatli o‘ishni ham maqsad qilib qo‘yamiz. Ashurmatov o‘zi uchun ham murabbiy sifatida bir pog‘onada oldinga qadam tashladi. U o‘yinchilik paytida ham Kubokni qo‘lga kiritgandi. Endi esa Baxtiyor eng yosh murabbiylardan biri sifatida Kubok sohibiga aylangani ham e’tiborga molik bo‘ldi. Hali hammasi oldinda deb umid qilaman va Ashurmatovga bundan ko‘proq muvaffaqiyatlar hamrox bo‘lishini tilayman.
“Rahbariyat futbolchilarni munosib tarzda rag‘batlantiradi”
- Kubokda qo‘lga kiritilgan g‘alaba to‘g‘risida hali rahbariyat bilan gaplashmadik. Ammo bemalol ayta olamanki, bu masala bo‘yicha hammasi joyida bo‘ladi. Jamoa a’zolariga katta minnatdorchilik bildirgan holda ularni munosib ravishda rag‘batlantirishadi. Bu borada rahbariyat qarab turmaydi. Eng kerakli jihati bu e’tibor. Endi aniqki, jamoamizga nisbatan e’tibor yanada kuchayadi.
“Finaldagi g‘alabadan keyin qattiq hayajonda edim”
- Tan olish kerakki, jamoamizning finalda g‘alaba qozongani kutilmagan syurpriz bo‘ldi. Shu bois qattiq hayajonda edim. Natijada rahbar sifatida jamoamizning g‘alabani qay tariqa nishonlayotganini chetdan turib kuzatib turdim. Futbolchilik paytida boshqacha bo‘lardi, ammo rahbar sifatida yanada boshqacha bo‘lar ekan. Echinish xonasida har bir futbolchini birma-bir tabriklab chiqdim. Ochig‘i, xursandchiligimni qay tariqa o‘tkazganimni o‘zim bilaman. Buni oddiy so‘z bilan ta’riflab bera olmayman. Boshqacha hissiyotlar og‘ushida qolgandim. Jamoamiz nihoyat Osiyo Chempionlar ligasida qatnashadi. Bir tomondan qaraganda bunday muvaffaqiyatga erishganimizga ishonmadim ham. Ammo ikkinchi tomondan xursandligimdan o‘zimni qo‘yarga joy topa olmadim.
“OChLda munosib ishtirok etish uchun tarkib kuchaytiriladi”
- Albatta jamoamizni yanada kuchaytiramiz. Kerak bo‘lsa, saviyasi kuchliroq bo‘lgan futbolchilarni taklif qilamiz. Hozirgi legionerlarimiz ham yomon emas. Lekin baribir chempionlar ligasi – bu boshqa saviya. Rahbariyat va murabbiylar bilan kelishgan holda jamoamizni yanada shakllantirish yuzasidan rejalar tuzib olamiz. Yuqorida aytganimdek, OChLda munosib ishtirok etishdan tashqari biz kelasi mavsumda chempionlik uchun ham kurashishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ymoqchimiz.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar