
Osiyo Olimpiya Kengashi Prezidenti Toshkentga keladi
Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov sport sohasidagi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
28-29 aprel kunlari Umid Ahmadjonov taklifiga binoan Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti Shayh Ahmad al-Fahad al-Sabax boshchiligidagi delegatsiya yurtimizda mehmon bo‘ladi. Bu haqda O‘FA rasmiy sayti xabar bermoqda.
O‘zbek sportida olib borilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar yo‘lida respublikada iqtidorli sportchilar zaxirasini shakllantirish, ularning sonini oshirish, xalqaro arenalarda raqobatbardosh sportchilarni tayyorlashda fan va tibbiyotning ahamiyatini hisobga olgan holda ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.
Osiyo Olimpiya Kengashi delegatsiyasining poytaxtimizga tashrifi davomida tomonlar rasmiy uchrashuv o‘tkazish bilan bir qatorda, hamkorlik alqalarini yanada rivojlantirish, sportchilarimizning Jakartadagi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoni, mamlakatimizda sport taraqqiyoti va Olimpiya harakatiga oid boshqa masalalarni ham muhokama qilishlari ko‘zda tutilgan.
Delegatsiya tarkibidan shuningdek, Husayn al-Musallam (Osiyo olimpiya kengashi Bosh kotibi), Haydar Farmon (Osiyo Olimpiya Kengashi "Osiyo o‘yinlari-2018" direktori), Lyusen Alvares (Osiyo Olimpiya Kengashi kotibi), Ahmad Aziz al Attiya (Osiyo Olimpiya Kengashi media ofitseri)lar o‘rin olgan.
Fikrlar