
Osiyo o‘yinlari 9-kun. O‘zbekiston kuchli o‘nlikdan ham chiqib ketdi (FOTO)
Xabaringiz bor shu kunlarda Indoneziyada o‘tkazilayotgan Osiyo o‘yinlari o‘zining ayni qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Bugun musobaqaning to‘qqizinchi kunida hamyurtlarimiz 8ta sport turi bo‘yicha bahs olib borishdi.
Dastlab, karate bo‘yicha -50kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Bahriniso Babaeva hal qiluvchi jangda Xitoy Taypeyi sportchisi Shiashuang Guga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi va yakunda kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Badiiy gimnastikaning jamoaviy bahslarida ishtirok etgan qizlarimiz (Sabina Tashkenbaeva, Nurinisso Usmonova, Dildora Rahmatova va Asal Ikromova) umumiy hisobda 155,3 ball to‘plab, ikkinchi natijani qayd etishdi va yakunda kumush medalni delegatsiyamiz hisobiga qo‘shib qo‘yishdi.
Og‘ir atletikada +105kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Rustam Djangabaev dast ko‘tarishda 203, siltab ko‘tarishda esa 252kg toshni o‘ziga bo‘ysundira oldi. Umumiy hisobda 455 kg natija ko‘rsatgan hamyurtimiz yakunda bronza medali egasiga aylandi.
Shunday qilib o‘zbekistonlik sportchilar musobaqaning 9-kunida 3ta medalga (2ta kumush, 1ta bronza) sazovor bo‘lishdi. Umumiy hisobda 31ta medalga egalik qilayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi ayni damda o‘zi egallab turgan 10-o‘rinni qo‘shni Qozog‘iston terma jamoasiga bo‘shatib berishdi. Vakillarimiz to‘qqizinchi kun yakunlariga ko‘ra 11-pog‘onadan joy olishgan.
Fikrlar