
O‘zbek bokschilari hali hech kim uddalay olmagan rekord o‘rnatdi
Toshkent shahri mezbonlik qilgan boks bo‘yicha Osiyo chempionati o‘zbek bokschilarining mutlaq g‘alabasi bilan yakunlandi.
Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi shafe’ligida, Osiyo boks konfederatsiyasi va O‘zbekiston boks federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan qit’a chempionatida 28 ta davlatning eng kuchli bokschilari o‘zaro kuch sinashdi.
200 nafarga yaqin eng kuchli bokschi o‘nta vazn toifasida medallardan tashqari, shu yilning avgust oyida Germaniyada boshlanadigan boks bo‘yicha jahon chempionati yo‘llanmalari uchun raqobat qildi.
- 69 kg vazn toifasida Shaxram oltin, Ablayxan kumush medal bilan taqdirlandi
- Bahodir Jalolov final jangida g‘alaba qozondi
-
Osiyo chempioni Iqboljon Xoldorovga (64 kg) oltin medal topshirildi
-
Hasanboy Do‘smatov oltin medal bilan taqdirlandi
Aytish joizki, Osiyo chempionatlariga tamal toshi qo‘yilgan 1963 yildan buyon bu galgi musobaqani qo‘shib hisoblaganda jami 29 marotaba o‘tkazilgan qit’a chempionatlari tarixida hali biror bir mamlakat terma jamoasiga oltin medallarning 90 foizini qo‘lga kiritish nasib etmagan.
Xalqaro boks qoidalariga ko‘ra, bokschilar qit’a birinchiligida 2011 yilga qadar 11 vazn toifasida ringga chiqqan. Shunda ham bir mamlakat vakillari hech qachon medallarning to‘qson foizini o‘ziniki qila olmagan.
Toshkentdagi musobaqada ishtirok etgan bokschilarimiz oldiga asosiy vazifalardan biri sifatida Germaniyadagi jahon chempionatiga yo‘llanma olish yuklatilgan edi. Bu vazifa ham 100 foiz uddalandi va O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatida to‘liq tarkib bilan qatnashadigan Osiyodagi yagona jamoaga aylandi. Bu ham rekord natija aslida.
O‘zbekiston kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga uch marotaba mezbonlik qilgan bo‘lsa, o‘z navbatida bokschilarimizning muxlislar ko‘z o‘ngida qo‘lga kiritgan oltin medallari soni ham o‘sib borayotgani quvonarli.
Xususan, 1995 yili ilk marotaba Toshkentda bo‘lgan qit’a chempionatida Narimon Ataev, Dilshod Yorbekov va Ruslan Chagaev chempion bo‘lgan. To‘rt yildan so‘ng poyxatimizdagi musobaqada Dilshod Yo‘ldoshev, Alisher Rahimov, To‘lqunboy Turg‘unov, Muhammadqodir Abdullaev, Sergey Mixaylov, Ruslan Chagaev va Rustam Saidov shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan.
Nihoyat, bu galgi musobaqada Hasanboy Do‘smatov, Jasurbek Latipov, Murodjon Ahmadaliev, Elnur Abduraimov, Iqboljon Xoldorov, Shahram G‘iyosov, Isroil Madrimov, Bektemir Meliqo‘ziev, Bahodir Jalolov Osiyo chempioni, degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. Yosh bokschimiz Sanjar Tursunov esa sovrindorlar safiga kirolmagan bo‘lsa-da, jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo qit’asining eng kuchli jamoasi ekanini yana bir karra isbotladi. Endi bokschilarimiz jahon chempionatida nimalarga qodir ekanini ko‘rsatishi lozim.
Fikrlar