
Pirlo Italiya termasida Manchini yordamchisi bo‘lishi mumkin
Agar Roberto Manchini Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanadigan bo‘lsa, “Skuadra adzurra”da Andrea Pirlo yordamchi murabbiy bo‘lishi mumkin, deya xabar beradi Football Italia nashri.
Manchini ayni damda Sankt-Peterburgning “Zenit” jamoasiga ustozlik qilmoqda. Uning rus klubi bilan uzoq yillik shartnomasi bor. Avvalroq, Manchini Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) bilan ikki yillik kelishuv imzolashga tayyorgarlik ko‘rayotgani ma’lum qilingan edi.
Agar Pirlo Manchinining murabbiylar shtabidan o‘rin oladigan bo‘lsa, bu 38 yoshli futbolchining ilk murabbiylik ishi bo‘ladi. U futbolchilik faoliyatini 2017 yil kuzda yakunlagan.
Pirlo faoliyatining katta qismini “Milan”da (2001-2011 yillar) o‘tkazdi. Jamoa bilan ikki marta Italiya chempionatida va ikki marta EChLda g‘olib chiqdi. Shuningdek, u “Inter” sharafini 1998-2001 yillar, Turinning “Yuventus” klubi sharafini 2011-2015 yillarda himoya qilgan. “Keksa sinora” bilan to‘rt marta Italiya chempioni bo‘ldi. Keyingi ikki yilni “Nyu-York Siti” safida o‘tkazdi. Pirlo xayrlashuv uchrashuvini 21 may kuni Milandagi “San-Siro” stadionadi o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Fikrlar