
Sarrismoda Kantening yangi roli qanday?
Uning klub bilan imzolagan yangi besh yillik shartnomasi tufayli frantsiyalik yarim himoyachi jamoaning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisiga aylandi. Bu 2015-yil yozida «Lester»ga kelib qo‘shilganidan beri uning maqomi tobora ortib borganidan dalolat. U bu muddat ichida ikki marta Premer Liga, bir martadan Angliya Kubogi va Jahon Chempionatini yutib oldi.
Kante ayni vaqtda dunyoning eng aqlli tayanch yarim himoyachisi bo‘lib turibdi. Jahon chempioni o‘zi o‘ynagan har bir mavsumida 100 dan ortiq raqibdan to‘pni olib qo‘ygan. Garchi yil sayin uning bu ko‘rsatkichlari kamayib borgan bo‘lsada baribir 100 lik dovondan ko‘p. Ammo klub boshqaruviga Maurisio Sarrining kelishi ortidan «Lester»ning sobiq vakiliga hujumlarga qo‘shilish uchun ruxsat berildi.
Buning sababi esa Sarri bilan «Napoli»da birga ishlagan Jorjinoning kelishidir. Jorjinoning uch kishilik yarim himoyada chuqurroq joylashishi ortidan «Arsenal»ga qarshi bahsda Kante va Barklilar hujumga yaqin joyda o‘ynashdi. U hatto Alvaro Morataga ko‘mak berish maqsadida bir necha zarbalari bilan «to‘pchilar» posbonini sinovdan o‘tkazdi.
27 yoshli futbolchi to‘purarlik qobiliyatini «Xaddersfild»ga qarshi uchrashuvda ko‘rsatib berdi. «Chelsi»ning 3-2 hisobida tugagan g‘alabasida Kante darvoza tomon naq uch marta zarba yo‘lladi. Uning o‘tgan mavsumdagi zarbalari soni 90 daqiqada o‘rtacha 0.75 ga to‘g‘ri kelardi. U kamiga to‘rt marta xavfli vaziyat yaratib berdi. Raqib jarima maydonchasi tashqaridan 5 marta zarba yo‘lladi.
Uning gol urishga bo‘lgan harakatlari pasayib ketgan bo‘lsada Kante Premer Liganing ushbu mavsumida 15 marta vaziyat yaratdi. Faqatgina Villian va Eden Azar undan yuqori statistikaga ega.
Antonio Kontening o‘rniga kelgan Sarri qo‘li ostida Kantening yangi vazifasi qanday?
Kante «Napoli»da o‘ng qanot markaziy yarim himoyachisi sifatida o‘ynaydigan braziliyalik Allanning prototipiga aylangan.
Jorjino esa tayanch yarim himoyasida tozalash ishlariga mas’ul bo‘lganligi tufayli Kante va Barkli, yoki yaqin kelajakda Mateo Kovachich, Loftus-Chiklarga hujumga qo‘shilish imkoniyatini ochib beradi.
Hujumkor vazifa yuklanganiga qaramay Kante baribir hujumchi bo‘la olmaydi. Asosiy ko‘zlangan maqsad raqibga yuqoriroqdan turiboq bosim uyushtirish va to‘pni raqib jarima maydonchasi yaqinidayoq qaytarib olib hujumchilarni to‘p bilan ta’minlash hisoblanadi.
«Xaddersfild» ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin Kante yangi ampluasiga hamon moslashishda davom etayotganini tilga oldi.
«Yangi murabbiy va yangicha uslub tufayli men biroz hujumda o‘ynayman. Hujumchini qidirish, tajovuzkorroq bo‘lish va raqibga muammo tug‘dirishga harakat qilaman.» – dedi beIn Sports ga bergan intervyusida.
Qo‘shimcha qilarkan, «men bu rolga moslashishim shart va bu pozitsiyada jamoa uchun borimni beraman. Umid qilamanki, kelajakda ko‘p ishlarni amalga oshiramiz.» – dedi.
Albatta, Kantening tayanch yarim himoyachisi sifatida roli yo‘qolib qolmaydi. Jorjinoning jarohat olib safdan chiqqan payti muvozanatni saqlash uchun yana tayanch yarim himoyasiga qaytariladi.
Kantening «Xaddersfild»ga urgan goli u uchun ehtimol so‘nggisi ham bo‘lib qolishi mumkin. Ammo uning yangi vazifasiga bo‘lgan ishtiyoqi, yangi narsalarni o‘rganishga bo‘lgan istagi klubga bemisl yordam berishi mumkin.
Fikrlar