Tampere-2017: Polvonlarimiz kunni medallarsiz yakunlashdi
Finlandiyaning Tampere shahrida davom etayotgan sport kurashlari bo‘yicha Jahon chempionatining ikkinchi kuni hamyurtlarimiz uchun medallarsiz yakunlandi.
Kunning dastlabki qismida Javrail Shapiev va Hasanboy Rahimovlar birinchi bahsdayoq raqiblariga imkonyatni boy bergan bo‘lishsa, -55 kilogramm vazn toifasida G‘ulomjon Abdullaev chorak final bosqichida AQSh vakili Deyton Dueyn Fiksga imkoniyatni boy berib, bronza medali uchun kurashish imkoniyatini saqlab qolgandi. Biroq, hal qiluvchi bahsda ozarbayjonlik Afgan Xashalovga qarshi gilamga ko‘tarilgan hamyurtimiz raqibi to‘sig‘idan o‘ta olmadi.
Shuningdek, -120 kilogramm vazn toifasidagi polvonlar o‘rtasidagi bellashuvlarning saralash bosqichida AQSh vakili Geybl Dan Stivensonga imkoniyatni boy berib qo‘ygan Hasanboy Rahimov ham raqibining final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi hisobiga bronza medali uchun kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritgandi. Biroq, ushbu medal uchun o‘tkazilgan qo‘shimcha saralash bosqichida hamyurtimiz Ozarbayjon vakili Umar Isroilovni engishning uddasidan chiqa olmadi va musobaqadagi ishtirokini shu bosqichda yakunlashga majbur bo‘ldi.

Fikrlar