
Tezkor xabar: "Barselona" va Lionel Messi yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishdi
"Barselona" prezidenti Xosep Mariya Bartomeu va Lionel Messi yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ular o‘rtasidagi muzokaralar bir necha oydan buyon davom etayotgan bo‘lsa-da, argentinalik hujumchi o‘z talabi bajarilmagunicha klub taklifini rad etib kelayotgan edi.
Muzokaraning cho‘zilib ketgani va Lionel Messi klubda qolmoqchi emasligini bildirganidan keyin to‘purarga Xitoy va Evropaning badavlat klublaridan takliflar yog‘ilib ketdi.
Bulardan xulosa chiqargan "Barselona" rahbariyati Messi talab qilayotgan maoshni berishga rozi bo‘ldi. Ayni paytda maosh miqdori sir tutilyapti. Biroq, ma’lumotlarga qaraganda, 29 yoshli futbolchiga yanvarning oxirigacha shartnoma beriladi va u imzo chekishi bilan dunyoning eng ko‘p maosh oladigan futbolchisiga aylanadi. Shartnomaning eng muhim sharti shuki, Messi faoliyatini yakunlaguncha Kataloniya klubida qoladi.
Hozirgi paytda eng ko‘p maosh olayotgan futbolchi Karlos Tevesdir. Yaqinda Argentinaning "Boka Xuniors" jamoasidan "Shanxay Shenxua"ga o‘tgan futbolchi haftasiga 615 ming funt (720 ming evro) miqdorida maosh olmoqda.
SPORTS.uz
Fikrlar